20:49 / 22.10.2016
9 678

Elon Mask: “Tesla”ning har bir avtomobili mustaqil harakatlanuvchi bo‘ladi

Elon Mask: “Tesla”ning har bir avtomobili mustaqil harakatlanuvchi bo‘ladi

Elektromobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya rahbari Elon Mask mashina ruliga qo‘lingizni, tepkisiga oyog‘ingizni tekkizmasligingizni istaydi. Aniqrog‘i, “aql-idrokli” mashina amringizga bo‘ysunib, manzilingizga etkazishi lozim. Shu hafta o‘tkazilgan matbuot konferensiyasida Mask Teslaning har bir mashinasi tamoman mustaqil harakatlanishga qodir bo‘lishi haqida gap ochdi. Kamera va datchiklar majmuasi yangilanganidan so‘ng avtomobil beshinchi darajali avtonomiyaga erishadi. Bu eng yuqori daraja bo‘lib, haydovchi boshqaruvga mutlaqo aralashmaydi.

Avtopilotning hozirgi avlodi yakkatezlikning (kruiz-kontrol) kengaytirilgan versiyasi bilan qoldi. Bu ham chakana funksiya emas. Avtomobil yo‘lda o‘z polosasidan chetlashmasdan yurishini ta’minlaydi.

Mask elektromobil uni Los-Anjelesdagi uyidan olgach, Nyu-Yorkdagi Tayms-skverga eltib, so‘ng o‘zi mustaqil avtoturargohga joylanishini aytdi. “U barchasini mustaqil bajaradi, hatto biror tugma bosishning hojati yo‘q”, dedi Mask.

Kaliforniyadagi Tesla zavodi konveyeridan chiqariladigan yangi avtomobilga 360 gradus buriladigan sakkiz kamera o‘rnatiladi. Mashinaning perimetri bo‘ylab ultratovushli datchiklar qo‘yib chiqiladi. Bundan tashqari, mashinaga hisoblash quvvati avvalgisidan 40 marta ortiq bo‘lgan yangi kompyuter o‘rnatiladi. “Bu avtomobildagi superkompyuterning o‘zidir”, deydi bu haqda Mask. Yangilangan texnologiyalar qatorida GPS, IMUlarni sanab o‘tish mumkin. Model 3da bularning barchasi mujassamlashadi.

Albatta, bu mo‘’jizalar bepulga emas. Yangilanish avtomobil narxiga 3 mingdan 8 ming dollargacha ta’sir ko‘rsatadi.

Yangi texnologiyani yuz foiz tekshirib ko‘rguncha bo‘lmasdan tarqatib yuborishda “Tesla”ni tez-tez ayblashadi. Consumer Reports “Tesla” avtopiloti g‘oyat tez va keskin o‘zgarayotganligi haqida yozyapti. Yaqindagina nemis hukumati kompaniyadan “avtopilot” istilohini qo‘llamaslikni so‘rab chiqdi, chunki bu so‘z avtomobilga imkoniyatidan ortiq ishonch bog‘lab qo‘yishga sabab bo‘lmoqda.

Ammo Elon Mask bunday e’tirozlarga e’tibor bermaydi. Uning asl maqsadi mashinasini to‘la avtonomlik darajasiga etkazish. Faqat shundagina yo‘ldagi minglab insonlar hayotini asrab qolish mumkin, deb hisoblaydi. Joriy yilning boshida Floridada avtopilot tufayli bir odam hayotdan ko‘z yumdi. Ammo Mask janoblari, har yili jahon bo‘yicha avtohalokatlarda nobud bo‘ladigan 1,2 mln inson oldida bu yo‘qotish arzimasdir, deydi.

Elon Mask har doim o‘z rejalari qat’iy belgilangan vaqt ichida amalga oshishiga tirishadi. To‘laqonli avtonom mashina har erda hoziru nozir piyoda va avtobuslarni chetlab o‘tishi, yo‘l belgisi o‘rnatuvchi xizmatchilarni tanishi, ko‘chaga chopqillab chiqqan bolalarni o‘tkazib yuborishi, avtoturargohga o‘zi joylanishi, motosiklchilarni hurmat qilishi va boshqa ko‘plab vazifalarni ado etishi bilan beshinchi darajali avtonomlikka etishadi. Google bu borada 2009 yildan beri izlanadi, ammo mahsuloti “Tesla”ning yaqiniga ham yo‘lolgani yo‘q.

Bu hali hammasi emas. Teslamobillar bir-birini taniydi. Hatto avtonom bo‘lmagan mashinalar ham o‘z ma’lumotini kompaniyaning shtab-kvartirasiga jo‘natib turadi. Markazda esa injenerlar ma’lumotlar tahlili va tizimni takomillashtirish bilan shug‘ullanadi.

Umuman olganda, Ford, Mercedes va boshqa yirik avtomobilsoz kompaniyalar chinakam avtonom mashinalar 2020-2025 yillarda bostirib kelishini aytmoqda.

Elon Mask bu jarayon asta-sekinlik bilan amalga oshishini tan oladi. Avtomobillar bir necha mln km yo‘l bosmaguncha to‘la funksiyalarini namoyon eta olmaydi. Vaqt va yana vaqt kerak.

Ertami-kechmi beshinchi darajali avtonom avtomobillar ko‘chalarni egallaydi. Mask esa bu kunni tezlatish ishtiyoqida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Elon Mask: “Tesla”ning har bir avtomobili mustaqil harakatlanuvchi bo‘ladi