15:21 / 19.11.2016
18 179

Yo‘l harakati qoidalarida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Yo‘l harakati qoidalarida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Mamlakatimizda 2016 yilning 1 mart kunidan boshlab yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari amal qilmoqda. Unda esa harakatlanish xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi bir qator yangi me’yorlar joriy etilgan. Shu bois O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga keldi. Natijada yangi o‘zgarishlar va qo‘shimchalar ishlab chiqilib, 2016 yil 24 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan amalga joriy etildi. Ushbu yangi o‘zgarishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida va unga sabab bo‘lgan Yo‘l harakati qoidalaridagi yangi me’yorlar to‘g‘risida o‘quvchilarimiz uchun batafsilroq tushuntirish berishlarini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB boshlig‘i, polkovnik Xolmatjon SAYDALIEVga murojaat qildik.

— Xolmatjon Ahmedovich, avvalo, Yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangi me’yorlar yo‘l harakati xavfsizligida qanchalik ahamiyatga ega ekanligi to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.

— Hozirgi kunda butun dunyoda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Chunki yo‘l-transport hodisalari natijasida mamlakatlar iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘rmoqda. Shuningdek, bunday ko‘ngilsizliklar ma’naviy jihatdan insonlarga ham o‘nglab bo‘lmas darajada ziyon etkazyapti. Mashina urib ketishi oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumayotgan begunoh insonlar orasida kimningdir otasi, onasi, yana kimningdir jondan aziz farzandlari borligini tasavvur qiladigan bo‘lsak, bu hodisalarning ayanchli ko‘rinishi ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Oldimizda ana shunday muammo turgan ekan, uning echimini topish ustida hamma birdek bosh qotirmog‘i lozim. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 370-sonli qarori bilan kuchga kirgan hamda mamlakatimizda 2016 yilning 1 martidan boshlab amalda qo‘llanilayotgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari aynan ana shu muammolar echimiga to‘g‘ri va oqilona yo‘l topish maqsadiga xizmat qiladi.

— “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra qaysi hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi?

— Shu yilning 24 sentyab kunidan boshlab rasman kuchga kirgan ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining (Bundan keyin — MJTK) 125-, 128-, 138- va 248-moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

— Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarida avtotransport vositalari haydovchilariga avtomobildagi boshqa yo‘lovchilarning qilmishlari uchun ham javobgarlik belgilangan, shu haqda ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Bilasiz, so‘nggi vaqtlarda, ayniqsa, to‘y-tantanalarda tanasini tashqariga chiqarib video tasvirga olayotganlar tez-tez uchrab turibdi. Bu esa harakatlanish xavfsizligiga jiddiy rahna soladi. Endilikda haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni harakat vaqtida tanani (qo‘lni chiqarish bunga kirmaydi) avtomobil salonidan tashqariga chiqarish mumkin emasligi haqida ogohlantirishi shart. Agar YPX inspektorlari tomonidan shunday qoidabuzarlik aniqlanadigan bo‘lsa, haydovchiga nisbatan MJTKning 1285-moddasi 2-qismi asosida chora ko‘riladi. Ya’ni bu haydovchi respublikamizda joriy etilgan eng kam oylik ish haqining o‘n barobarida jarima to‘laydi.

Xuddi shu talab Yo‘l harakati qoidalarining yo‘lovchilarga tegishli 24-bandiga ham qo‘shimcha qilindi. Demakki, shunday qoidabuzarlik sodir etgan yo‘lovchilarga nisbatan ham MJTKning 138-moddasi 4-qismiga asosan javobgarlik belgilandi. Ya’ni yo‘lovchilarning bu qoidabuzarligi ularga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida jarima solinishiga asos bo‘ladi.

— Avtotransport vositasida bo‘lishi shart qilib qo‘yilgan jihozlarning muhimlik jihati nimalarda aks etadi?

— Ha, bunday qo‘shimcha talablar ham kimlar uchun ortiqcha xarajatdek. Keraksiz dahmazadek tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu talablar zaruriy ehtiyojdan kelib chiqib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida kiritildi. Bitta misol, kunning qorong‘i vaqtlarida, ayniqsa, yoritilmagan joylarda transport vositasi biron-bir sabab bilan, masalan, nosozlik tufayli to‘xtab qolishi mumkinmi? Shunday vaqtda haydovchi mashinasini ta’mirlash uchun tashqariga chiqadi. Natijada xavfli holat yuzaga keladi. Yo‘ldan o‘tayotgan transport vositalari haydovchilari ta’mirlash ishlari bilan band bo‘lgan haydovchini ko‘rmay qolishlari mumkin. Ayniqsa yog‘ingarchilikli tunlarda buning ehtimoli nihoyatda kuchayadi. Mana shularni e’tiborga olib, tungi vaqtlarda haydovchilarga nur qaytaruvchi maxsus nimchalarni kiyib olish majburiyati yuklatildi. Endilikda har bir transport vositasida tibbiyot qutichasi, yong‘in o‘chirgich, majburiy to‘xtaganni bildiruvchi belgi bilan birgalikda nur qaytaruvchi maxsus nimchalar ham bo‘lishi, shuningdek, yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasiga ko‘ra favqulotda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha (bolg‘acha faqatgina M2 va M3 toifadagi yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun) bilan jihozlanishi shart.

Shu o‘rinda ma’lumot sifatida aytib ketishimiz kerak, M2 toifaga yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha bo‘lgan avtotransport vositalari, M3 toifaga esa yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan ko‘p bo‘lgan avtotransport vositalari kiradi.

Foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositasida ushbu jihozlar bo‘lmaganida MJTKning 125-moddasi 2-qismiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi.

— So‘nggi vaqtlarda yo‘lda harakatlanayotgan piyodalar, ayniqsa, yoshlarni uyali telefondan, planshetlardan foydalanishlari, quloqlariga turli moslamalarni taqib olib gaplashib ketishlari oqibatida yuzaga kelayotgan turli ko‘ngilsizliklar haqida eshitamiz. Bunday holatlarni oldini olish yo‘lida nima ishlar qilinyapti?

— Kundalik ma’lumotlarimiz orasida aynan shu holat sababli transport g‘ildiraklari ostida qolib, hayotdan ko‘z yumganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar talaygina. Yo‘l harakati qoida­larining 19-bandida piyodalarga yo‘lda yurganda, piyodalar uchun ajratilgan joylardan o‘tayotganda xayolni chalg‘ituvchi narsalardan, jumladan, telefon, planshetlardan foydalanish, video ko‘rish, gazeta, jurnal va kitob o‘qish man etildi. Endilikda ushbu turdagi qoidabuzarlik uchun MJTKning 138–moddasi 1–qismiga asosan chora ko‘riladi va eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima qo‘llaniladi.

— Yo‘lovchi tashuvchi transportlarga qo‘yilgan yangi talablar haqida ham ma’lumot bersangiz?

— Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarida tashkiliy ravishda odam olib ketayotgan, yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobuslar, mikroavtobuslar, shuningdek, motosikl va mopedlar xavfsizlikni ta’minlash choralarini kuchaytirish uchun kunning yorug‘ paytida harakatlanayotganda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishlari shart, deb belgilandi. Ushbu tartib Yo‘l harakati qoidalarining 128-bandiga qo‘shimcha qilib kiritildi. Bu turdagi qoidabuzarlik aniqlansa, haydovchiga nisbatan MJTKning 128-moddasi 1–qismiga asosan jazo chorasi qo‘llanilib, eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinadi.

“Avto plyus” gazetasi maxsus muxbiri
Iroda AZIMOVA suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Yo‘l harakati qoidalarida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?