20:10 / 12.12.2016
8 412

Matyoqub Matchonov: «To‘rt oy ichida o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim»

Matyoqub Matchonov: «To‘rt oy ichida o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim»

O‘zbek Drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov haqida so‘nggi oylarda turli gap-so‘zlar tarqaldi. Aktyorning hayotidagi qora chiziqlarni esa hamma o‘zicha baholab, xulosa qilishga ham ulgurishdi. «Darakchi» gazetasi esa bu aktyor bilan suxbat uyushtirdi. Quyida ana shu suxbat bilan tanishasiz.

— Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘zingizdan so‘rab, aniqlik kiritsak degandik…

— Inson baribir o‘zi bilmagan holda xatolarga yo‘l qo‘yar ekan. Aytmoqchimanki, ko‘ngilchan, ishonuvchanlik bilan pand er ekanmiz. Men ham vaziyat qurboniga aylanib qoldim. San’atdan bo‘sh vaqtimda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, birovlarga ishonib qolgan ekanman. Aldandim. Lekin meni tanigan, hurmat qilgan va muxlislik qilganlarni uyaltirib qo‘yadigan ish qilmaganman. Asosiysi, men Vatanimga, oilamga va xalqimga hech qachon xiyonat qilmaganman, qilmayman ham. Buni baralla ayta olaman. Bo‘lib o‘tgan voqealarga esa batafsil to‘xtalib o‘tishni istamasdim…To‘rt oy ichida o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim, bu men uchun bir umrga ta’tigulik maktab bo‘ldi. Meni shu kuyga solganlarga esa aytar gapim yo‘q. Hammaning o‘z vijdoniga havola.

— Yaxshi-yomon kunlarda do‘stlar saralanadi, deyishadi…

— Balki… Lekin mening vaziyatimda do‘stlarim saralanib, kamaygani yo‘q. Aksincha ularning soni ortdi. Shu kungacha sevimli ekanligimni, do‘stlarim qattiq qadrlashini bilmagan ekanman. O‘tgan vaqt davomida hamkasblarim, yaqinlarim, shogirdlarim kuch bag‘ishlab turishdi. Buning uchun ularga minnadorchilik bildiraman. Hukumatimiz tomonidan e’lon qilingan amnistiya sabab ozodlikka chiqdim. Buning uchun hukumatimizga ham alohida tashakkur aytaman.

Biroq bo‘lgan vaziyatni bilib-bilmay baholab, obro‘imga putur etkazmoqchi bo‘lganlar ham topildi. “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi” deganlaridek, mana yorug‘ kunlarga ham chiqdim. Ular esa o‘sha zahoti niqoblarini o‘zgartirib, mendan uzr so‘rashga shoshilishdi. Ortimdan tuhmat-bo‘hton qilib, keyin kechirim so‘rashning nima keragi bor? To‘g‘rimi?

— Og‘ir kunlarda ishonch bag‘ishlagan narsalar haqida gapirsangiz…

— Har bir aktyor rol ijro etar ekan, ijodi orqali tomoshabinlarga nimanidir etkazmoqchi bo‘ladi. Men ham bu sohada qilishim kerak bo‘lgan ishlarim ko‘pligini, muxlislarga aytib ulgurmagan gaplarim borligini yurakdan his etib turdim. Ijodda biroz tanaffus qilgan bo‘lsam-da, lekin fikr-u xayolim faqat ijodda bo‘ldi. Bir-ikkita syujjetlar ham o‘ylab qo‘ydim. Ijodkor ekanligim menga ruhan kuch bag‘ishlab turdi. Tomoshabinlar oldida “qarzim”, aytadigan gapim juda ko‘p. Ularni etkazish uchun o‘zimni to‘laqonli ijodga bag‘ishlayman.

— Inson har qanday yoshda qayta tarbiyalanishi mumkin, deyishadi…

— Aslida, inson tug‘ilgandan, to qabrgacha o‘zini o‘zi tarbiyalab, ilm o‘rganim boraveradi. Men ham bundan mustasno emasman. Bo‘lgan vaziyatda qayta tarbiyalandim, lekin umuman boshqa insonga aylandim demayman. Chunki men o‘sha-o‘shaman. O‘zimga kerakli xulosalar chiqardim xolos.

— Ozodlikka chiqib, birinchi o‘rinda nima haqida o‘yladingiz?

— Nabiralarimni juda sog‘ingan edim. Ular bilan tezroq uchrashishni o‘yladim. Ikkinchi o‘rinda esa chala qolgan ijodiy ishlarimiz borligini, mening aybim bilan qolib ketgan filmlarni yakunlab qo‘yishim kerakligini o‘yladim. Shuning uchun ham ikki kun oilam davrasida o‘tirib, keyin ishga sho‘ng‘ib ketdim.

— Qanday ijodiy ishlar bilan bandsiz? Nimalarni rejalashtiryapsiz?


— Jahongir Ahmedov bilan hamkorlikda suratga olinayotgan filmni yakunlashimiz kerak. Tez kunlarda tasvirga olish jarayonini davom etiramiz. Premeradan so‘ng baho berasiz. Bundan tashqari teatrda bir nechta spektakllarni sahnalashtirishni rejalashtirilganmiz. Bulardan biri, “Farishta” asarini yigirma daqiqalik spektakl ko‘rinishida sahnaga olib chiqdik. Rejissyor sifatida, ushbu asar orqali tomoshabinlarga tarbiyaviy ahamiyatga ega voqeani ko‘rsatib bermoqchiman. Ya’ni, mol-dunyo topaman deb yaqinlaridan judo bo‘lgan bosh qahramon voqeasi ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi deb o‘ylayman.

— Kino sohasida ham rejissyorlikka qo‘l urish niyatingiz bormi?

— Men uchun kinoda rejissyorlik qilishdan ko‘ra rol o‘ynash zavqliroq. Yanada ochiqroq aytadigan bo‘lsam, filmda rejissyorlik qilishdan qo‘rqaman.

— Tomoshabinlarning tanqidiy munosabati cho‘chitadimi, yoki…

— Yo‘q-yo‘q! Men aktyor sifatida e’tibor qozongan ijodkorman. Agar men suratga oladigan filmim, rollarimdan ko‘ra pastroq darajada bo‘lsa, birinchi navbatda o‘zimni o‘zim kechirolmayman. Ikkinchidan esa, bu sohada o‘qimasdan, uning sir-asrorlarini bilmasdan ishga kirishish noto‘g‘ri deb bilaman. To‘g‘ri, rejissyorlik qilayotgan bir necha aktyorlarni misol qilishingiz mumkin. Biroq men yaxshi va saviyali filmlar tarafdoriman. Bundan tashqari yuqorida aytganimdek, mening aktyor sifatida aytadigan gaplarim juda ko‘p.

— Bugungi rejissyorlar aktyorlarni taqsimlab olgandek? Masalan, sizni ham Jahongir Ahmedov kinolarida ko‘p ko‘ramiz?

— Hammaning o‘z aktyori bor degan gapga qo‘shilmayman. Shaxsan men boshqa rejissyorlar bilan ham hamkorlikda ishlayveraman. Rustam Sa’diev, Abduvohid G‘aniev, Bahrom Yoqubovlar gapimga misol bo‘la oladi. Lekin Jahongir bilan nisbatan ko‘proq ishlaymiz. Sababi, dunyoqarashimiz bir-biriga juda yaqin. U chapani, beg‘ubor va o‘ta samimiy inson. Men yoshligimda unga o‘xshardim. Jahongir ham yoshi o‘tgan sayin tabiati va hayotga qarashlarini menikiga o‘xshab qolsa kerak. Balki shuning uchun ham u bilan ko‘proq ishlasak kerak. Rejissyor va aktyor sifatida g‘oyalarimiz ham juda o‘xshaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan hamkorlikni osonlashtiradi.

— Yuqorida nabiralaringizni tilga oldingiz. Ular haqida ham gapirib bering.


— Ular mening borlig‘im, jonu jahonim! “O‘rigidan danagi shirin” deb bekorga aytishmas ekan. Chunki bolalarimiz yoshligida biz ham yosh edik. Ish bilan bo‘lib ularga ko‘p vaqt ajratolmaganmiz. Farzandlarimizning bolaligi tez o‘tib ketgan. Yosh o‘tgan sayin dunyo qarash o‘zgararkan. Ko‘z o‘ngimizda yugurib yurgan nabaralarimizga bolalarimizga berolmagan mehrimizni bergimiz keladi. Ular bilan o‘tgan har bir daqiqani qadriga eta boshlarkan kishi. Bundan taqshari aka-ukalarimiz bilan qo‘shni bo‘lib yashaymiz. Ularning nabiralarini ham o‘zimnikidek ko‘ramiz. Ular ham meni bobo deb chaqirishadi. Ayniqsa, o‘zingizdagi qaysidir fe’l-atvorni, insoniy jihatlarni ularda ko‘rsangiz, bormi? Ich-ichingizdan rohatlana boshlaysiz. Bu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab, tushuntirib berish juda qiyin.

Matyoqub Matchonov bilan suhbatlashib uning rollaridagi ko‘plab obrazlari kabi samimiy, ochiqko‘ngil ekanligiga amin bo‘ldik. Aktyorning rejalashtirgan barcha ishlari amalga oshishini va ko‘zlaridagi mehr, so‘zlaridagi samimiylik uni hech qachon tark etmasligini tilab xayrlashdik…

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Matyoqub Matchonov: «To‘rt oy ichida o‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim»