21:17 / 19.12.2016
14 562

Farhod Mahmudov “Baron”ning davomidagi ishtiroki haqida

Farhod Mahmudov “Baron”ning davomidagi ishtiroki haqida

Nafaqat O‘zbekistonda balki Rossiya kinosi olamida ham ma’lum va mashhur Farhod Mahmudov ilk marta ijodga maktab davridanoq qadam qo‘ygan. Ilk rolini “Bo‘rilar” (“Volki”) nomli o‘zbek filmida ijro etgan aktyor 17 yoshida S. A. Gerasimova nomidagi Rossiya davlat kinematografiya universitetiga o‘qishga kiradi. Oliygohni tamomlab, teatrda faoliyat boshlaydi va turli fe’l-atvordagi rollar muallifiga aylandi. 2016 yil esa o‘zbek filmlaridagi uzoq yillik tanaffusdan so‘ng Rustam Sa’dievning “Baron” filmidagi roli bilan qaytdi. Rollari bilan har bir tomoshabinning e’tiborini tortib, ko‘nglidan chuqur joy ola biladigan ijodkor, Rossiya Federasiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudov “Darakchi” mehmoni...

— Assalomu alaykum, xush kelibsiz!

— Xushvaqt bo‘ling. O‘zbegimning mehrga to‘la nigohlarini ko‘rib turganimdan men ham juda shodman. O‘z uyimda, Vatanimda yurtdoshlarimni, yaqinlarimni ko‘rgandagi his-hayajon va quvonchimni so‘z bilan oddiy ifodalab bo‘lmaydi.

— Har gal Vatanga qaytganda qanday hislarni tuyasiz? Nimalar ko‘proq e’tiboringizni tortadi?

— Birinchi galda bu erda meni doim sog‘inch bilan kutib oladigan ota-onam, yaqinlarim, qarindoshlarim bor. Kelishim bilan ularning bag‘riga oshiqaman. Ular bilan diydorlashish mening eng birinchi vazifam va istagim bo‘lgan. Katta oilaning farzandi bo‘lganim uchun har birining xonadoniga borib, uchrashib chiqqunimcha ancha vaqt ketadi. Shuning uchun ba’zida, boshqa shaxsiy, ijodiy ishlarga vaqt ham topolmayman. Ha aytgancha, yana bir odatim bor, ya’ni samolyotdan tushishim bilan Toshkentning bebaho havosidan to‘yib-to‘yib nafas olaman. Uning isida bolaligim yashirin. O‘sha paytda uzoq-uzoqlarda qolib ketgan jajji Farhodga aylanib qolgandek bo‘laman go‘yo.

— Rossiyada bo‘lganingizda O‘zbekistonni eslatib turuvchi narsalar haqida gapirsangiz...

— O‘zbekiston doim mening qalbimda. U o‘chmas izlar, xotiralab bilan menda yashaydi. Bundan tashqari u erda boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan hamyurtlarim bilan deyarli har kuni yuzlashib turaman, muloqotda bo‘laman. Aynan biror bir buyum haqida gapiradigan bo‘lsak, uyimda doim milliy libsolarimiz — chopon va do‘ppilarim bor. Ularni har ko‘rganda mehribon yurtdoshlarimni yodga olaman.

— “Baron” filmidagi rolingiz bilan yana o‘zbek kinosiga qaytdingiz desak adashmaymiz...


— Agar rostini aytsam, o‘zimni, o‘zbek kinosidan ketgan aktyor sifatida tilga olgim kelmaydi. Men hech qachon unga begona bo‘lmaganman. Ammo tan olish kerak, tanaffus uzoq bo‘ldi. Ammo men shu erda edim (kuladi).

— Filmda sizga o‘zbek dublyaji aktyori Sanjar Sa’dullaev ovoz berdi. Ovozlashtirish ko‘nglingizdagidek bo‘lganmi?

— Filmning to‘liq ko‘rinishini o‘zim ham premerada tomosha qildim. Hamkasbimning ovoz berish mahoratidan ochig‘i juda mamnunman. Shuning uchun ovozlashtirish ham tabiiy eshtildi.

— Film va undagi rolingiz haqida gapirib o‘tsangiz.

— Bu kartina haqida uzoq gapirishim mumkin. Ammo qancha harakat qilmay nazarimda fikrlarim xolis bo‘lmaydi. Chunki men bevosita bu filmning yaratuvchisiman. Unda ishtirok etdim. Tabiiyki, xatolarni ko‘rmasligim yoki bo‘lmasa, yutuqlarni oshirib yuborishim mumkin. Shuning uchun “Baron” haqida fikrlarni tomoshabinlar bildirgani ma’qulroq. Zero, film O‘zbekistonda katta qiziqish bilan tomosha qilinganini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Juda ko‘p yurtdoshlarimiz menga ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z fikrlarini bildirishdi. Ana shu fikrlardan har bir ijodkor singari men ham ishimdan ruhan kuch oldim deyish mumkin.

— Rossiyalik hamkasblaringizning ushbu film haqida fikrlari bilan ham qiziqdingizmi?

— Hozirgina film rejissyori Rustam Sa’diev bilan shu haqda gaplashgan edim. Yaqin kunlarda “Baron” Rossiyaning bir qator telekanallarida namoyish etilar ekan. Uning aytishicha, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlar yakunlangan. Premeradan so‘ng fikrlar bilan albatta o‘rtoqlashaman.

— Ayni kunlarda ko‘pchilik “Baron”ning davomini intizorlik bilan kutmoqda. Siz-chi?!

— Albatta! Xuddi ashadiy muxlisdek intizorlik bilan kutyapman desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Rolga taklif etishganda, uning qaysi jihatlariga e’tibor berasiz?

— Birinchi o‘rinda rolning “yuki”ga ahamiyat beraman. Fikrimcha, kartinada bosh rol ijrosi aktyor uchun muhim bo‘lmasligi kerak. Aksincha epizod bo‘lsa ham u o‘z ishtiroki bilan kartina mazmun-mohiyatini ochib berishi, voqealarni rivojlatirishi va albatta tomoshabin qiziqishini uyg‘ota olishi kerak. Yana bir muhim jihat, men uchun kinoning mavzusi, mohiyati juda muhim.

— Fentizi janriga mehringiz bo‘lakcha ekan? Nega aynan shu janrni yoqtirasiz?

— (kulib) Balki qalbimning tub-tubida men hali ham boladirman. Bolakaylar singari menga ham sarguzashtlarga boy filmlar juda yoqadi. Ular bilan birgalikda ertakka, o‘zga olamga tushib qolishni yoqtiraman.

— Teatrdagi uzoq yillik faoliyatingizdan so‘ng ishdan ketganingiz haqida eshitdik...

— 2010 yil teatrdagi faoliyatim rasman to‘xtatilgan. Ammo takliflar bo‘lganda, ishlab turibman. Bilasizmi, aktyor bir vaqtning o‘zida ham teatr, ham kinodagi faoliyatini teng olib borishi juda qiyin. Bir misol, yaqinda premera qilingan serialning suratga olish ishlari bilan boshqa davlatda 9 oy gastrolda bo‘ldim. Bu paytda esa tabiiyki teatrdagi ishim to‘xtab qoldi. Ikki tomon ham jabr ko‘rmasligi uchun men kinoni tanladim.

— Qachondir teatrga qaytishingiz mumkinmi?


— Balki... Hozir aniq javob aytolmayman. Buni vaqt ko‘rsatadi.

— O‘zbek teatrlariga borishga ulgurdingizmi?

— Ming afsuski, ulgurmadim. Ancha yil oldin “Ilhom” teatrida bir spektaklni maroq bilan tomosha qilganimdim. Ammo so‘nggi vaqtlarda madaniy hordiq uchun biroz vaqtim etmayapti.

— O‘zbek aktyorlaridan kimlarning ijodiga qiziqasiz?

— O‘zbekistonda aktyorlik maktabi juda kuchli. Agar har biri chin dildan ishlasa, albatta eng zo‘r rollarning sohibi bo‘lishi mumkin. O‘zbek kinosining har bir vakilini faqat yaxshi gaplar bilan tilga olishim mumkin. Biroq nomma nom keltirib o‘tmayman. Chunki, kimdir yodimdan chiqsa xafa bo‘lishlari mumkin.

— Intervyularingizning birida “Aktyorlik yo‘lini tanlagan odam, o‘z-o‘zidan boshqa ishlarni unutishi shart” degan ekansiz. Bugun ham shu fikrdamisiz?

— Sizningcha boshqa yo‘l ham bormi? Agar inson aktyorlik kasbini tanlagan bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan boshqa ishni unutishga majbur! Ortiqcha vazifalarni bo‘yiniga olish uchun imkon va vaqt bo‘lmaydi. Agar u chindan ham san’atga fidoiy bo‘lsa.

— O‘g‘lingiz Iskandar haqida ham gapirib bersangiz. Uning san’atga qiziqishi bormi?

— O‘g‘lim bahorda 13 yoshga to‘ladi. Ochig‘ini aytsam, maxsus sport maktabida o‘qigani uchun boshqa ishlarga qiziqishga hozircha vaqti yo‘q. Kasb tanlashni uning o‘ziga qo‘yib beraman. Agar san’atni tanlasa qarshiligim yo‘q.

— O‘g‘lingiz bilan birga qanday vaqt o‘tkazasiz?


— Birgalikda, film va seriallar tomosha qilamiz. Birga kitob mutolaa qilish sevimli mashg‘ulotlarimizdan biri. Shuningdek ba’zida kompyuter o‘yinlarini ham o‘ynab turamiz. Iskandarga she’r o‘qib berishim juda yoqadi. Imkoniyat va vaqtimizga qarab, kichik-kichik she’riyat kechalari o‘tkazib turamiz.

— O‘zbekistonga tez-tez kelib turadimi?

— Ha, albatta! “Baron” filmining tasvirga olishda men bilan birga O‘zbekistonga kelgandi. Birga vaqt o‘tkazib, yurtimning chiroyini ko‘z-ko‘z qilganman.

— O‘zbekistondan ketishda nima olib ketishni istaysiz?


— Xalqimning samimiy tabassumi va ularning qalbidagi mehrini o‘zim bilan olib ketishni istardim. Uzoq o‘lkadagi sovuq qirovli kunlarda xalqimning tafti meni isitib tursin...

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Islom fotomuxbir RO‘ZIEV

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Farhod Mahmudov “Baron”ning davomidagi ishtiroki haqida