20:37 / 19.04.2015
12 836

Ozodbek Nazarbekov “Aytib ber” qo‘shig‘i atrofidagi munozaralarga munosabatini bildirdi

Ozodbek Nazarbekov “Aytib ber” qo‘shig‘i atrofidagi munozaralarga munosabatini bildirdi

18 aprel kuni O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ‘Istiqlol” san’at saroyida davom etayotgan “Ardog‘imdasiz” nomli konsert dasturi doirasida O‘zbekistondagi nufuzli OAV vakillarini o‘z konsertiga taklif qildi va ikki yarim soatlik konsertdan keyin o‘ziga xos matbuot anjumani tashkil qilib, yana ikki soatdan ortiqroq vaqt davomida jurnalistlarning savollariga javob berdi. Jurnalistlar bilan uchrashuvda xonandadan tashqari shoir Botir Ergashev hamda bastakor Nodirbek Umarov ishtirok etishdi, deb yozadi Kun.uz.

Savol va javoblar asosan 7 aprel kuni boshlangan konsert dasturida ilk bor ijro etilgan “Aytib ber” nomli qo‘shiq atrofida kechdi.

Avvalo qo‘shiqning paydo bo‘lishi tarixi haqida so‘raldi. Ozodbek Nazarbekov bu qo‘shiqqa turtki bo‘lgan, suriyalik 3 yoshli bola va uning o‘limi oldidan aytgan 3 so‘zi bo‘yicha hodisa lavhalarini biroz oldinroq, yanvar oyida telegramdagi guruhda uchratganini, lekin o‘sha vaqtda bundan qattiq ta’sirlangan bo‘lsada, qo‘shiqqa aylantirish fikri paydo bo‘lmaganini bildirdi. Shundan ko‘p o‘tmasdan, xonanda bilan ancha vaqtdan buyon hamkorlik qiladigan shoir Botir Ergashev kelib, bu voqeadan ta’sirlangan holda yozgan she’rini ko‘rsatadi va yangi qo‘shiq yaratishni taklif etadi. Ozodbek Nazarbekov esa, she’r matnini bastakorga ko‘rsatishi va uch tomon birdek ma’qullashi evaziga yangi qo‘shiq dunyoga keladi.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar orqali bu she’r matni muallifligi uchun bir emas, bir necha shoir va havaskor shoirlar da’vogarlik qilayogani haqida gap ketdi.

Ozodbek Nazarbekov ham, shoir Botir Ergashev ham bundan xabardor ekanliklarini, lekin ko‘chirmakashlikda ayblayotganlarning ba’zilari shunchaki o‘zlarini ko‘rsatish, shu mavzuni shov-shuv qilish orqali tanilishni mo‘ljallayotganini aytib o‘tishdi.

“Qo‘shiq she’rida ham, asli ishi she’r yozish emasligi ko‘rinib turgan o‘sha havaskorlarning she’rlarida ham “Xudoyimga aytib ber” so‘zlarini shaklan saqlagan holda, bir xilda foydalanilishi tabiiy. Voqeaning va qo‘shiqning mazmuni aynan o‘sha uch so‘zda. Bu so‘zlarsiz biz muvaffaqiyatga erisha olmas edik”, deya fikr bildiradi Nazarbekov.

Shuningdek, bitta voqeani har xil talqin qilish amaliyotda mavjudligini va buni hech kim plagiatorlik deb atamasligi ta’kidlab o‘tildi.

“Bu voqea asosida kimdir bizdan yaxshiroq qilib boshqa qo‘shiq tayyorlashi mumkin. Yana kimdir film ishlashi mumkin, bunday ta’sirli mavzuni kuylash va ko‘rsatish uchun birovni ayblab bo‘lmaydi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tadi Botir Ergashev.

Bu mavzudan o‘zini yanada yaxshi ko‘rsatish va odamlarni yig‘latuvchi bu qo‘shiq orqali Ozodbek Nazarbekov o‘z maqomini yanada ko‘rsatishda foydalangani haqidagi gaplarga javoban esa, xonanda bu qo‘shiqni insoniylik burchi yuzasidan, ichki da’vat bilan kuylaganini ma’lum qildi.

Savollardan birida, xalq orasida juda mashhurlashib ketgan bu qo‘shiq bo‘yicha yana bir taxmin yurgani, unga ko‘ra, bu qo‘shiq davlat buyurtmasi asosida yaratilgani aytilishi ma’lum qilindi. Xonandaning bu mish-mishlarga javobida san’atkor hamma zamonlarda davlat uchun xizmat qilib kelganini ta’kidlandi. Lekin u bu qo‘shiqni ko‘rsatma asosida emas, yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z burchi deb bilganidan yaratganini aytdi.

“Agar buyurtma asosida bo‘lganida, qo‘shiq ustida yanada ko‘proq vaqt ishlar edik, bu safar esa konsertga 2 kun vaqt qolganida qo‘shiq tayyor bo‘ldi”, deya izoh beradi xonanda.

Qayd etish joiz, bu qo‘shiq ayni vaqtda xalq og‘ziga tushgan, respublikaning barcha viloyatlarida shu haqida gapirishmoqda.

“Eng ko‘p qarsak va olqish olgan, muxlislarni yig‘latgan qo‘shiq shu bo‘ldi. Ko‘nglimizda yana bir bor tinchlik uchun shukronalik, farovon hayotimiz uchun hamdu sanolar hissi o‘tdi”, deydi xonandaning o‘zi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov “Aytib ber” qo‘shig‘i atrofidagi munozaralarga munosabatini bildirdi