12:52 / 23.09.2016
7 231

Norvegiya nima uchun dunyodagi eng katta zaxira fondi pullarini sarflamayapti?

Norvegiya nima uchun dunyodagi eng katta zaxira fondi pullarini sarflamayapti?

20 yil avval Norvegiya neft qazib chiqarishdan tushgan daromadlarini maxsus zaxira fondiga yig‘a boshladi. Bu pul 2016 yilning sentyabriga kelib, 882 milliard dollarga etdi va mamlakat YaIMni ikki barobar oshib ketdi. Endi siyosatchilar oldida boshqa savol turibdi: "Kutilmaganda ko‘payib ketgan katta miqdordagi pullarni aholini "haddidan oshirmay" va axloq me’yorlaridan chetga chiqmay qanday sarflash mumkin?" The Economist jurnali bu borada maqola chop etdi, deb xabar bermoqda "Kun" nashri.

Norvegiya neft fondi 1990 yilda kelasi avlodga barqaror zaxira sifatida yaratilgan. O‘shanda mamlakat hukumati Norvegiya daromadlarining chorak qismini tashkil etuvchi neft qazib chiqarishdan tushgan daromadni xorijiy kompaniyalar, rivojlanayotgan biznes va obligasiyalarga investisiya qila boshladi. Bugungi kunga kelib, butun dunyo bo‘ylab 9 mingdan ortiq kompaniyalarda uning ulushi bor, bu Evropa birjasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha aksiyalarning 2 foizidan va jahon iqtisodiyotining 1 foizidan ko‘prog‘i demakdir. Fondning eng ko‘p ulushini Nestle, Alphabet, Microsoft va Apple aksiyalari, shuningdek AQSh, Germaniya va Yaponiyaning davlat obligasiyalari tashkil qiladi.

2016 yilning sentyabriga kelib, investisiyalardan tushgan daromad 7,3 trillion Norvegiya kronini (882 milliard dollar) tashkil qildi va mamlakat yalpi ichki mahsulotidan ikki barobar oshib ketdi. Bu esa Norvegiya zaxira fondini dunyodagi eng katta fondga aylantirdi.

Yuqori daromadlarga qaramay, barqaror fond pullari 2016 yilning boshiga qadar sarflanmadi. Neftning narxi keskin tushib ketganidan keyin mamlakatda resessiyaning oldini olish uchun fondning ma’lum bir qismi ishlatildi.

Norvegiya zaxira fondining o‘ziga xosligi shundaki, mamlakat hukumati uni tejamkorlik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib boshqarmoqda. Istagan fuqaro investisiya oqimini onlayn rejimida kuzatish imkoniga ega. Pul vositalarining ulkan zaxirasiga qaramay, byudjet qoidalari hukumatga belgilangan yillik daromadning 4 foizidan ko‘prog‘ini sarflashga imkon bermaydi. Asosiy kapital esa daxlsizligicha qolmoqda.

Ilgari fond faoliyatini nazorat qilish bilan shug‘ullangan Norvegiya Moliya vazirligi xodimi Martin Skankening aytishicha, xarajatlarni nazorat qilishga bo‘lgan ishonch aholi o‘rtasidagi ijtimoiy tenglikka asoslangan. Pul vositalarining tejalishi mamlakatning qishloq joylarida ikki avlod ilgari hukmron bo‘lgan qashshoqlikni yaxshi eslashlari bilan bog‘liq.

Manbada ma’lum qilinishicha, norvegiyaliklarning mentaliteti so‘nggi paytlarda o‘zgarmoqda va mamlakat fuqarolari boyliklarini ko‘z-ko‘z qilishdan qo‘rqishmayapti. Yoshi 50dan kichik bo‘lgan kishilar mamlakatning qachonlardir nochor vaziyatda qolganini bilishmaydi ham.

Shu bois ba’zi fuqarolar zaxira fondida yig‘ilgan pullarni sarflash kerakligiga doir fikr bildira boshlashdi. O‘zgarishlar tashabbuskorlari - aksilmigrant "Taraqqiyot partiyasi". Ularning fond vositalarini sarflashga chaqirishi so‘nggi yillarda Norvegiyaga juda ko‘p suriyalik qochqinlarning kelishi bilan asoslanmoqda, aholining ko‘payishi esa iqtisodiyotga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Biroq mazkur partiya vakillari parlamentda kamchilikni tashkil qilgani uchun ularning fikrlari mamlakatdagi moliyaviy mexanizmlarga ta’sir o‘tkaza olmaydi.

Siyosatchilar va mahalliy jamoat arboblari demokratik mamlakat uchun moliyaviy masalalarning axloqiy tomoni daromad masalasidan yuqori turishi kerak, deb hisoblashadi.

Fond axloq tamoyillaridan kelib chiqib, o‘z pullarini "shubhali" mahsulotlarga investisiya qilmaydi: masalan, tamaki fabrikalari va qurol-yarog‘ zavodlari, ekologiyaga ziyon etkazadigan yoki bolalar mehnatidan foydalanuvchi biznes.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Norvegiya nima uchun dunyodagi eng katta zaxira fondi pullarini sarflamayapti?