21:01 / 19.12.2016
9 740

«Xotinim tug‘mas» demang! Erkaklarga erkakcha gap

«Xotinim tug‘mas» demang! Erkaklarga erkakcha gap

Yaqin-yaqingacha oiladagi befarzandlik muammosi birgina ayolninng «ayb»i bo‘lgan. Tibbiyotda o‘tkazilayotgan so‘nggi ilmiy tadqiqotlar esa bunday hodisaning taxminan teng yarmiga erkaklar ham sababchi bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Biroq hamisha ham muammo vaqtida aniqlanmay, turli bahonalarga esh qilinadi... O‘zining yoki o‘g‘lining salomatligiga shubha bilan qaraganlarga javoban ona va o‘g‘il davolanishdan bosh tortadi. Ana endi do‘ppini boshdan olib, bir o‘ylab ko‘ring: bu telbavor injiqlikdan kimga naf-u kimga zarar?! Mavzu yuzasidan kuchli jins vakillari hamda ularning yaqinlariga oliy toifali shifokor, urolog-androlog Zarifjon MURODOV ma’lumot beradi.

«SABR TAGI SARIQ OLTIN»

Uylanganiga bir yil to‘lmay, rafiqasini homilador bo‘lmaganida ayblagan yigitlar, afsuski topiladi. Kamiga esa ularga qayin-bo‘yin ham qo‘shilib, shusiz ham tushkunlikda bo‘lgan kelinni yanada siquvga olishadi. Bo‘lajak onani asrab-avaylashning o‘rniga u bilan bunday munosabatda bo‘lish to‘g‘rimikan? Sevimli yorini boshi berk ko‘chaga tashlab qo‘ygandan ko‘ra, ro‘baro kelgan muammo bilan birgalikda kurashish yaxshi emasmi? Zug‘um va ters gaplar bilan ayolning dilini siyoh qilish-u kuyovto‘raning shifokor nazoratidan «holi» qilishni qanday tushunish mumkin?

ShOShILMANG!

Turmush qurganingizga hali bir yil ham bo‘lmadi. Rafiqangiz homilador bo‘lmayotgan bo‘lsa, shifokor huzuriga shoshilmang. Sog‘lom oilalarning 12 foizida muntazam jinsiy aloqalar 8-12 oy davom etganida homiladorlik yuz beradi. Siz ham ana shunday oilalar qatorida bo‘lishingiz mumkin.

UYaT BO‘LADIMI?

Shifokorga borish, erkaklar nazdida oriyat ishi. «Nega mening ayolim homilador bo‘lmayapti?» degan fikrning o‘ziyoq yigitlik g‘ururiga tegib ketadi. Biroq belgilangan muddat, ya’ni bir yil o‘tib, juftingizda homiladorlik belgilari kuzatilmasa, shifokorga murojaat qilish haqida o‘ylab ko‘ring va bunga ma’suliyat bilan yondashing. Befarzandlikda asosiysi to‘g‘ri tashxis qo‘yishdir. Buning uchun esa er-xotin birga tekshiruvlardan o‘tishi darkor! To‘g‘ri tashxis masalani 50 foizga hal etishga ko‘mak beradi.

HAMMASI O‘Z QO‘LINGIZDA!

Homiladorlik yuz berishi uchun kamida 1 ml. eyakulyatda 15 (12-16) millionga yaqin spermatozoid mavjud bo‘lishi kerak. Ularning kamida 40 (38-42) foizi faol harakatchan bo‘lishi shart. Afsuski, ayrim kasalliklar, gormonal o‘zgarishlar, infeksiyalar urug‘ hujayrasining harakatchanligi va miqdoriga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, Butun dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, bir yil muddat davomida ayolda homiladorlik kuzatilmasa, shifokorga birinchi navbatda erkak kishi murojaat qilishi kerak. Chunki erkaklar bepushtligiga tashxis qo‘yish osonroq va kam vaqt talab qiladi. O‘rtacha hisobda 3 kun ketadi, xolos. Biror nojo‘ya o‘zgarishlar yoki xastalik aniqlanganida esa davolash muolajalari har bir erkak uchun individual muddatda o‘tkaziladi. Albatta, barchasini engib o‘tish va kemtiklikni to‘ldirish oson bo‘lmaydi. Sabr-qanoat talab etilishi shubhasiz. Eng asosiysi esa ishonch va umidni yo‘qotmaslik zarur.

O‘ZBILARMONLIK QILMANG!

Befarzandlikning sababi aniqlanganda, davolashni shifokorning maslahatiga binoan amalga oshirish lozim. Mutaxassis buyurgan dorilarni adashtirmay, o‘z vaqtida, kerakli miqdorda qabul qiling. Ba’zan gormonal vositalar tayinlanishi ham mumkin. «Buncha ko‘p dori, bir-ikkitasini ichmay qo‘ya qolay...» kabi qarorlarga chalg‘imang.

SOG‘LOM TURMUSh TARZIGA RIOYa QILING!

Davolanish davrida er-xotin sog‘lom hayot kechirishi zarur. Vitaminga boy taomlar tanovul qilish, yog‘li, sho‘r, achchiq va shirinlik me’yoridan oshmasligi tavsiya etiladi. Yigitlar sauna va hokazolar orqali jinsiy a’zolarni ortiqcha qizib ketishidan saqlashi maqsadga muvofiqdir. Muolaja payti spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari umuman mumkin emas.

ASABLARNI ASRANG!

Stress va psixologik holat davolanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tushkunlik organizmda kuchli gormonal o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bu esa ayollarda ovulyasiya buzilishi yoki boshqa salbiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin. Davolanish tugab, homiladorlik yuz bermagan taqdirda ham xavotirga berilmaslik zarur. Odatda muolajalar tugasa ham, organizm homiladorlikka tayyorlanishi uchun vaqt talab etiladi.

«O‘G‘LIM SOPPA SOG‘!» DEGUVChI ONALARGA...


Tosh asrida erkaklarning bepushtligini aniqlash ancha qiyin bo‘lgan. U davrda erkaklar bir qizga uylanib, ma’lum muddat yashagach ayoli homilador bo‘lmasa, boshqasiga uylanar ekan. Ikkinchisining ham bo‘yida bo‘lmasa, uchinchi nomzodga og‘iz solar, agar bundan ham farzand ko‘rolmasa, erkak bepusht deb tan olinar ekan. O‘g‘lini shifokorga jo‘natmayotgan onalar, iltimos, qaysi asrda yashayotganlari, kelin ham kimningdir farzandi ekanligini unutmang!

Kuyov bola, izingizdan zurriyod qoldirishni istaysiz, to‘g‘rimi? Atrofdagilarning achchiq-chuchuk gaplariga quloq solmay, oilangiz butunligi haqida o‘ylang. Bu ishni volidangiz qarorisiz, oshna-og‘ayningiz ta’nalarisiz ham eplaysiz!

Zafar UBAYDULLAEV oqqa ko‘chirdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Xotinim tug‘mas» demang! Erkaklarga erkakcha gap