07:46 / 10.01.2017
15 354

Ajinlarga qarshi, ozdiruvchi, yoshartiruvchi xurmo!

Ajinlarga qarshi, ozdiruvchi, yoshartiruvchi xurmo!

Oltindek tovlanuvchi, o‘ziga xos ta’mga ega meva yurtimizda keng tarqalgan va sevib iste’mol qilinadi. Xalq tabobatida esa xurmoning shifobaxshligi yuksak qadrlanadi. Quyida ayni kunlarda dasturxonimiz ko‘rkiga aylangan ushbu mavsumiy mevaning shifobaxsh xususiyatlariga to‘xtalamiz.

Tarkibi

Xurmo tarkibida antioksidantlar, saxaroza, glyukoza, S vitamini, limon va olma kislotasi, A provitamini, ko‘p miqdorda mikroelementlar: temir, mis, kalsiy va kaliy, yod, marganes bor. Shuningdek, uning tarkibida ko‘p miqdorda beta-karotin va magniyni ham topish mumkin. Kaloriyaliligi: 100 g/53 kkal.
  • Oqsillar ― 0,5 g
  • Yog‘lar ― 0,0 g
  • Uglevodlar ― 16,8 g

Foydasi
  1. Asabiy, toliqqansiz, o‘zingizni bosolmayapsiz, ishlagingiz yo‘q. Unda bir nechta olovrang xurmodan eng, darrov foydasini sezasiz. Chunki xurmo tarkibida antioksidantlar bor.
  2. Kaloriyasi unchalik yuqori bo‘lmagani holda, tezda qorin to‘ydiradi, demak parhez tutayotganlar uchun foydali.
  3. Tomoq og‘rig‘ida xurmoning yangi siqib olingan sharbatiga teng miqdorda qaynagan iliq suv aralashtirib chayish kerak. Bunda nafaqat tomoq og‘rig‘i qoladi, balki shamollashning boshqa belgilari ham barham topadi.
  4. Buyraklar og‘riganda ko‘proq xurmo eyish tavsiya etiladi, chunki u siydikni yaxshi haydaydi, organizmdan tuzlarni chiqarib yuboradi.
  5. Tarkibida A vitamini ko‘p bo‘lgani uchun ko‘rish qobiliyatiga foydali.
  6. Tarkibida ko‘p miqdorda yod bor, qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilaydi, shu sababli bo‘qoq xastaligiga chalinganlar kuniga bir nechta xurmo eyishlari kerak.
  7. Kamqonlikda ham xurmo foydali, shuningdek, kamquvvatlik, sil, ateroskleroz va yurak-qon tomir xastaliklarida ham tavsiya etiladi.
  8. Qon bosimi ko‘tarilganida xurmo eyilsa, bemor ahvoli o‘nglanar ekan, shu sababli gipertoniyada tavsiya etiladi.
  9. O‘pka xastaliklari – zotiljam va surunkali bronxitda kuniga bir nechtadan xurmo eyish kerak, shunda kasallikni engish oson kechadi.
  10. Mevaning sersuv mag‘zi ajoyib bakterisid vositadir. Shu sababli xalq tabobatida xurmodan tayyorlangan malham yaralarni bitkazishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek kuygan yaralarga ham foydali. Buning uchun po‘sti tozalangan mevani yara ustiga bosib bog‘lab qo‘yiladi.

Kosmetologiyada

Xurmodan teri qarishiga qarshi juda samarali niqoblar tayyorlanadi. Bu niqoblar terining tarangligini oshiradi, teshiklarini toraytiradi va husnbuzarlarga qarshi profilaktika vazifasini o‘taydi.

Terini taranglashtiruvchi niqob. Mevaning po‘sti artib eziladi va bitta tuxum oqi qo‘shiladi, so‘ng barcha masalliqlar blenderda yaxshilab aralashtiriladi. Teriga surtib, 15 daqiqaga qoldiriladi. Sinab ko‘ring, birinchi martasidayoq nafini sezasiz.

Ajinlarga qarshi. Ezilgan xurmo mevasi, sut va yog‘li smetanani 2:2:1 nisbatda olib yaxshilab aralashtiring-da, yuzga surtib 15 daqiqaga qoldiring. Niqob ta’sirida teri taranglashadi, ajinlar kamayadi.

Tonusni oshiruvchi muolaja. Xurmon mevasi yaxshilab eziladi va yuzga surtiladi. 10 daqiqadan so‘ng yuvib tashalanadi. Bu niqobga xurmodan boshqa hech nima qo‘shmaslik kerak, chunki meva sharbatining o‘zi terini tetiklantiruvchi ta’sirga ega.

Kimlarga mumkin emas?

Tarkibida shuncha ko‘p foydali elementlari bo‘lsa ham, xurmodan zarar ko‘rish mumkin, agar me’yorni bilmasangiz. Quyidagi hollarda xurmo umuman mumkin emas:
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga
  • Ich qotishida
  • Qandli diabetda
  • Semirishda

Bu zararlarning bari meva tarkibidagi tanin moddasi tufaylidir. Taninlar oshqozon shirasi bilan reaksiyaga kirishib shilishiq cho‘ziluvchan aralashmani hosil qiladi, ko‘p o‘tmay bu aralashma qumoqlanib qoladi. Shu sababli xurmoni ko‘p iste’mol qilish yaramaydi: ichak tiqilishi va o‘tkazmasligi yuzaga kelishi mumkin. Har narsada me’yor bo‘lgani ma’qul.

Manba: Darakchi.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ajinlarga qarshi, ozdiruvchi, yoshartiruvchi xurmo!