16:14 / 02.11.2016
88 486

Sherali Jo‘raev oilasi, o‘g‘il va qizlari haqida gapirdi

Sherali Jo‘raev oilasi, o‘g‘il va qizlari haqida gapirdi

Qadah, qadah, shirin-shakar sharbatlar-la to‘ldir qadah
Yoningdagi go‘zal ojiza uchun,
Alloh yaratgan mo‘’jiza uchun,
Qadah, qadah, to‘ldir qadah, erlarni er qilgan ayollar uchun,
Tunda uchib ketgan xayollar uchun!

Onani ulug‘lovchi, yorni, singillarni, qizlarni erkalovchi o‘nlab o‘lmas qo‘shiqlar ijodkori, ijrochisi, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raev bilan ayollar, ularning jamiyatda, oilada tutgan o‘rni haqida suhbatlashamiz.
– Sherali aka, yoshligingizdan bugungacha o‘zgarmas bir qoidaga amal qilasiz: konsert­larni ham, to‘y-ha­sham­lardagi chiqishingizni ham albatta, Ona ha­qidagi qo‘shiq bilan boshlaysiz. Bugungi suh­batimizni ham onangiz haqidagi savol bilan boshlasak. Onangizdan nimalarni oldingiz? Onangizdan sizga nimalar o‘tdi?
– Dunyoning boshi asli onalar bilan-da. Dunyoda onadan ulug‘ zot yo‘q. Bilasizmi, aslida Allohdan keyin onalar, ayollar yaratuvchilardir. Ne-ne buyuk zotlarni Ona dunyoga keltiradi. Dunyoni titratgan zotlar ham Onaning bag‘rida ulg‘ayadi. Men onamning turmush ma­shaqqatlarida otam bilan yonma-yon turganlarini, otamiz uchun, farzandlar uchun fidoyi bo‘lganlarini ko‘rib katta bo‘lganman. Sho‘ro yuz minglab qo‘yi, moli bo‘l­gan bobolarimiz, otamizning bor-yo‘g‘ini olgach, hatto uysiz qolganmiz. Kapalarda, qirma-qir, o‘tovlarda yashaganmiz. Onamiz esa «Oqqan ariq bir kuni oqadi», deya sabr bilan yaxshi kunlar kelishiga ishonardilar. 1956 yilga kelib uyimiz bo‘l­gan. Otamiz bilan birin-ketin farzandlarni tuproqqa qo‘yaverib, farzand dog‘ini chekkan ham, Allohdan so‘rab olgan qizlariga Tur­sunoy deb ism qo‘ygan, keyingi opamiz, Alloh umrini uzun qilsin, Gulsum opamiz, biz o‘g‘illarining ka­molini kutgan ham onamiz bo‘ladilar. Uyimizdan mehmon uzilmagan. Hammasining xizmatini tinimsiz onamiz qilganlar. Onamiz ko‘rgan ham­ma qiyinchiliklarni men ham ko‘rib katta bo‘lganman.
Onamizdan menga u kishi so‘ylab bergan dos­tonlar, ertaklar, hayotiy hikoyalar, rivoyatlar o‘t­gan. U kishi ulug‘ bobokalonlarimiz haqida, qay­si urug‘dan ekanimiz, qay­­­­si azizlarning avlodlari ekanimiz to‘g‘risida aytib bergan tarixlar qon-qo­nimga singgan.
Bekorga Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uch marta «Onang­ga, onangga, onang­ga, ke­yin otangga», demaganlar. Shuning uchun doimo qo‘limga soz olsam, eng av­val onam va barcha onalarimizga ehtiromimni izhor qilaman.
– Sherali aka, oilada totuvlikning, ahillikning asosi nimada deb o‘ylaysiz?
– Ro‘zg‘orda hali u, hali bu etishmasligi mumkin, ammo bunga sabr qilish, ahillikni saqlab qo­lish kerak. Bizdayam bo‘ladi muammolar, ammo hali biror marta kelinoyingiz bilan janjal qilmaganmiz. Ahillikning ham, noahillikning ham sabablarini yana asliyatdan qidirish kerak. Bilasiz, ayol erkakning qovurg‘asidan yaralgan, deyishadi. Demak, erkak asli o‘zining qovurg‘asidan bino bo‘l­gan juftini topib olishi kerak ekan-da. Topolmasa ham ayolini «Shu mening qovurg‘amdan yaralgan juftim», deb qabul qilishi, shunga ishonishi kerak. Shunda hammasi o‘rniga tushadi. Ayollarni ojiza deyishadi, aslida ayollarga buyuk kuch, qudrat berilgan. Ayollar farzandlarini to‘qqiz oy bag‘rida ko‘taradi, dunyoga kel­tiradi, keyin ham muttasil ravishda ularning tarbiyasi bilan mash­g‘ul bo‘ladi. Ona dunyo­dan o‘tgunicha bolam, bolam deydigan favqulodda zot. Biz rizq izlab, chiqib ketamiz. Bolalarni tarbiyalash, ki­yin­ti­rish, ovqatlantirish, hammasi ayollarning zimmasiga tushadi. Kechasi turib, beshik tebratgan, bolani ovqatlantirgan erkakni ko‘rganmisiz? Men ko‘rmaganman. Tunlari bedor bo‘lib, bo­la boqish yana shu zahmatkash ayollarning gardaniga tushadi. Biz esa tunda bolamiz yig‘lasa, «Tur, bo­­langga qara, tinchit!» deb do‘q ham urib qo‘yamiz.
– Shu o‘rinda qizlar tarbiyasi haqida gaplashsak, qizlaringizni qanday tarbiyalayapsiz?
– Qizlarning tarbiyasi jiddiy masala. O‘g‘illarni tarbiyalash birmuncha osonroqdir, ammo qizlarning tarbiyasiga hushyor bo‘lish kerak bo‘ladi. Mening oilada o‘zimni tutishim, qaysidir ma’­noda qattiqo‘lligim qizlarimga bir jihatdan tarbiya o‘rnini bosayotgandek va umuman, yaxshi ma’nodagi qattiqo‘llikning tarbiyaga ziyoni yo‘q deb hisoblayman. Ular ota-onalari o‘rtasida kelishmovchilik yo janjal- mo­jaroni ko‘rmay ulg‘a­yishdi, bunaqa narsalarni bilishmaydi ham. O‘zi men qizlarim bilan soatlab o‘tirib, gaplashishga vaqt ham topolmayman. Elning xizmati deb erta ketib, kech keladigan, ba’­zan haftalab safarlarda bo‘ladigan odamman. Qizlarim bilan sog‘inib ko‘rishamiz. Ularga uni qil, buni qil, de­yishim shart emas. Chiroyli gaplarni aytamiz, ammo hamma gap tarozisi bilan aytiladi. Ular bizning xulqimizni, odobimizni, o‘zimizni tutishimizni ko‘rib, kerakli tarbiyani olaverishadi.
– Qizlaringiz ham ulg‘ayib qolishdi, ular qaysi kasbni tanlashayapti?
– Katta qizimiz ruhshunos bo‘lishni istadi. Istagan kitoblari, qo‘l­lanmalarini topib berdik. Ruhshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Ikkala singlisi hali maktabda o‘qishayapti, ularning ham o‘zlariga yarasha orzu-umidlari bor.
– Onangizni esladik, ayolingiz, qizlaringiz haqida ham suhbatlashdik. Endi sizning xonadoningizda ke­lin ham bor. Keliningiz haqi­da ham gapiring, ko‘ng­lingizdagidek xizmat qilayaptimi?
– Kelinimizga qarab turib, uning boshqa xonadondan kelganiga ham ishonmay qolaman. U xuddi shu erda tug‘ilib o‘s­gandek, o‘zimizning qi­zi­miz­­dek bo‘lib qol­di. Buni gazeta uchun aytmayapman, ros­takamiga shunaqa. Qizlarim bilan opa-singildek yurishadi. Mening huzurimga ham ular bilan birga, o‘zimning qizimdek kiradi. Xizmatga kelsak, qaynonasidan ko‘rganiga amal qilib, uyimizga kelgan mehmonlar to ketgunlaricha qo‘l qovushtirib, xiz­matda turadi. Bugungi, sizlar maqtab-maqtab egan oshni ham kelinimiz tayyorlagan.
– Shoh Jahonda qanday o‘zgarishlar sezilayapti? Uylangach, oilada sizdek qattiqqo‘llikni uddalayaptimi?
– Endi u ham katta ki­shi bo‘lib qoldi, o‘zgarish shu. Aslida Shoh Jahon kichkinaligidan katta odamlardek fikrlaydigan bola edi. Bila­siz­mi, men uni oldinroq uylantirib qo‘ymoqchi bo‘l­ganman. Sababi, o‘n ikki yoshidayoq bo‘y-basti, qo­mati ulg‘aygan yigitlarnikiday edi. O‘n ikki yoshi­da qirq ikkinchi o‘l­chamli oyoq kiyimi kiyardi. Yana o‘ylab, biroz sabr qildim. Ma­na, ho­zir mustaqil fikrli oila boshlig‘i bo‘ldi, ko‘z tegmasin!
– Aytgancha, Shoh Jahonning yakkaxon konsertidan ko‘nglingiz to‘ldimi? Konsertda sizning chiqishingizni ham kutgandik?
– «Konsertda o‘zingning qo‘shiqlaringni aytasan, u sening konserting», degan edim. Ammo konsertidan ko‘nglim to‘l­di. Juda go‘zal o‘tdi. Birinchi kun borib, balkondan biroz kuzatdim, ikkinchi kuni bormadim ham. Jonli ijroda bemalol aytayotganini ko‘­rib, xotirjam bo‘ldim. Eng muhimi, biror korxona, tashkilot tugul, birorta odamga bilet olib borib berilgani yo‘q. Kas­sadayoq barcha biletlar sotilib ketdi.
– Zohirshoh qalay? Uning oyog‘i ham qirq ikkinchi o‘lchamli bo‘lib qolayozdimi?
– Ha, endi navbat Zohirshohga. Har taraflama unga navbat keldi. Oila qurish masalasi ham yaqin-orada hal qilinadi. Keyin katta sahnaga chiqish uchun ham tayyor turibdi. Bir qancha go‘zal qo‘shiqlarni tayyorlagan. Yaqin-orada bu borada ham katta o‘zgarish bo‘ladi, insha Alloh!
– Sherali aka, shu o‘rinda bir qo‘shig‘ingizning yaratilish tarixi haqida aytib berishingizni iltimos qilmoqchiman. «Oqibat» deb nomlangan bu qo‘­shig‘ingiz el orasida «Aka-ukalar» nomi bilan mashhur bo‘lib ketdi. Bu qo‘shiqni shunchaki eshitib bo‘lmaydi. Aqlu-hushi joyida odamni bu qo‘shiq titratishi aniq. Bunda aka-ukalar, ayniqsa opa-singillar va qizlarga e’tiborli bo‘­lishga, ulardan xabar olib turishga otashin da’vat bor.
Shu qo‘shig‘ingizni eshitishi bilan ko‘pchilik onasidan, aka-ukasidan, opa-singlisi yo qi­­zidan xabar olishga otlangani haqida takror-takror eshitmoqdamiz.

– Bu qo‘shiqning yaralish tarixi bunday: ukam Ha­limjonni ko‘rgim kelib, uni hadeganda topolmay qoldim. Biroz betob deb eshitdim. Sabrim chidamay, kelinoyingizni Andijonga yubordim va u ukamdan xabar olib keldi. Shunda ko‘ng­limga «Nega odamlar, aka-ukalar bir-birini qidirmay, yo‘qlamay qo‘y­di?» degan bir savol tushdi. Men-ku, ukamni qidirib topdim, ammo boshqalar topayaptimikan, deb ancha vaqt o‘ylanib yur­­dim. Sirdaryoning cho‘­lidan o‘tib, bir erga xizmatga ketayotganimda shu savollarga javob bo‘lib, bir satr ko‘nglimga tushdi. O‘zi o‘sha erda nimagadir bir necha qo‘shiqlarimning so‘zi ko‘nglimga kelgan. Cho‘l, keng­lik bo‘l­gani uchunmikan, balki… «Har bir uchgan jism sor, lochin qushmas», deb boshlanadigan qo‘shig‘im ham o‘sha erda tug‘ilgan. O‘sha erda ketayotib, aka-ukalar bir-birini yo‘qlamay qo‘yayotgani, go‘yo mehr-oqibat kamayib ketayotgani to‘g‘risidagi fikrlar miyamda o‘ynadi va ko‘ng­limga bu satrlar keldi: «Muhabbat sirlari pinhon, qaro ikki qaroqlarda». Keyin ikkinchi satr keldi: «Erib suvdek oqar qalbim o‘shal ikki buloqlarda». Keyin «Og‘a-in, opa-singillar, to‘zib ketma, yiroqlarda» va «Ki qalbim qiynalar doim ko‘rarman deb so‘roqlarda»satrlari keldi. Keyin «Qol ey, hasrat, sen ham bizga etib bo‘lmas uzoqlarda» va «Oyog‘im qonlari oqib, qotib qolgan tuzoqlarda»satrlari quyildi. Ana shu satr­larni o‘qib berganimda akam yig‘ladi. «Nega yig‘laysiz?» desam, «Qir­g‘izlar qo‘ylarini sug‘orish uchun qu­duqdan suv chiqarardi. Chig‘iriqni oyog‘i­dan sim bog‘lab qo‘yilgan tuya aylantirardi. Sim tuyaning oyoqlarini qiyib yuborganidan tuyaning oyoqlaridan qon oqardi, ammo u aylanaverar, vazifasini bajarib, qu­duqdan suvni tortib beraverardi. Ro‘zg‘or deb elib-yugurishni o‘sha tuyaga o‘xshatdim», dedi. Opa-singillarimiz, qizlarimiz tur­mushga chiqishadi. Ular vazifam shu ekan deb, yangi tushgan xonadon sohiblarining ko‘nglini to­pish uchun ne ishlarni buyursalar, elib-yugurib bajaraveradilar. Mana shu kelinlar oyog‘idagi tuzoq ekan. Yigitlar ham uylangach, bo­la-chaqasini boqish uchun, ro‘zg‘orni tebratish uchun o‘lib-tirilib tirishar ekan. Mana shu ularning oyoqlaridagi tuzoq ekan. Ayniqsa, kelinlarga og‘ir ekan. Ular endi yangi xonadon sohiblari, kuyovi, qaynona-qaynotasi ruxsat bersagina birpasginaga ota-onasidan xabar olgani kelishar ekan. Ularning qosh-qo­voqlariga qarab, oylab ota-onasidan, aka-ukalaridan xabar olishga borish uchun ruxsat so‘ray olmasdan yurishar ekan. Shuning uchun erkaklar, kuyov bolalar xotinlariga vaqti-vaqti bilan kelinlarga ota-onasinikiga borib kelishiga ruxsat berib turishi kerak ekan. «Qiz bola birovning xasmi» degan so‘zning ma’nosi shu ekanki, qizlarni boqar ekansan, katta qilar ekansan, o‘qitar ekansan, ammo u birovning omonati bo‘­larkan. Ulg‘aytirib, egasiga topshirar ekansan. Endi u kelin bo‘lib borgan uyida bir umr qo­lar ekan. Senikiga mehmonday kelib ketarkan, xolos. Shuningdek, bu qo‘­shiqda aka-ukalar bir-biridan xabar olib turishi haqi­da aytdim. «Qol ey, hasrat, sen ham bizga etib bo‘lmas uzoqlarda» deyishimdan maqsad shuki, uzoq vaqt ko‘­rishmay yurgan og‘a-ini, opa-singillar bir-birlarini ko‘rishga borganlarida kech bo‘lib qolishi bor, bevaqt o‘tib qo­lishlar bor. Shunda bir ko‘­rish armon bo‘lib qoladi bir-birlarini. Bu hasrat. Qo‘shiqda ana shu hasrat uzoqlarda qolsin, hasrat bizga begona bo‘l­sin, vaqtida bir-birimizni ziyorat qilib turaylik, de­yilmoqchi.
Bu qo‘shiq bir voqea bo‘l­di. Qo‘shiqning ta’sirida aka-ukalari, opa-singillaridan xabar olgan yurtdoshlarimiz avvalo savob ishni qildilar, qolaversa, Qiyomatni ham ozgina keyinga sur­dilar, chunki mehr-oqibatning yo‘qolib borishi Qiyomat yaqinlashayotganining alo­mat­lari­dan­dir, deyiladi ha­dislarda.
Shu o‘rinda aziz opa-singillarimizga bir mas­lahatim bor: Ular jannatidirlar. Ularda juda katta imkoniyatlar bor. Shu imkoniyatlardan to‘g‘­ri foydalansinlar! Ayollar birinchi o‘rinda umr yo‘ldoshlariga uning aka-ukalarini, qarindoshlarini yomonlamasinlar! «Akangiz yo ukangiz bolalarimiz haqida, yo oilamiz haqida unday debdi, bunday debdi», deb aytmasliklari kerak. Eng muhimi, ba’zan aka-ukalar o‘rtasiga mayda-chuyda gaplar oqibatida tushib qolgan tasodifiy qorong‘uliklarni birgalashib, o‘rtadan olib tashlasinlar! Akasi yo ukasi aytgan bo‘lsa ham, o‘sha gaplarni eriga etkazmasinlar! Insonmiz, hammamizda kamchilik bo‘­ladi. O‘zim ham jiyanlarimga tanbeh be­raman. Ukam Halimjon ham Shohni yoki Zohirshohni urishib, tanbeh bergan. Men buni boshqalardan eshitganman, ayolim menga etkazmagan bu gaplarni. Ayol bu gaplarga qo‘shib-chatib, eriga aka-ukalarini yomonlasa, erining achchig‘i chiqib, aka-ukalariga bir nima deb qo‘­yishi mumkin. Narigisi ham achchiqroq javob qaytarsa, aka-ukalar o‘rtasida hadeganda yumshatib bo‘lmas sovuqchiliklar tushishi mumkin. Ko‘rganmiz shunday voqealarni. O‘z o‘rnida erkaklarga ham shuni aytib qo‘ymoqchiman. Ayolim shunaqa dedi, deb birdaniga akangiz yo ukangiznikiga «qilich yalan­g‘ochlab» chopmang! Xotinlar siz kabi ular bilan bir onadan dunyoga kelmaganini unutmang! Hamma ishni aql tarozisiga solib bajaring!
– Suhbatimiz so‘nggida yurtimizdagi ayollarga, muxlislaringizga tilaklaringiz?
– Allohdan barcha yaxshiliklarni Onalarimizga so‘rayman! Barcha opa-singillarimizga baxt-saodat tilayman! Bayramlari, to‘ylari ko‘p bo‘­lishini tilayman! Yurtimizni Allohning o‘zi turli yomonliklardan, balo-qazolardan saqlasin! Butun dunyoning mol-dunyosi, u uchun bo‘layotgan janjal-mojarolar bir go‘dak yoki ayolning ko‘­zidan tomgan tomchi yosh­ga arzimaydi. Yurtimiz tinch bo‘lib, yurt­doshlarimiz bu erkin, hur zamonning barcha nash’u-namolaridan bahramand bo‘lib, go‘zal umr kechirsinlar!

Karimberdi TO‘RAMUROD suhbatlashdi

Manba: bekajon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherali Jo‘raev oilasi, o‘g‘il va qizlari haqida gapirdi