11:40 / 17.12.2016
16 148

Toshkentda hayodan yiroq, uyatga begona liboslar namoyishi o‘tkazildi. Mutasaddilarning ko‘zi qayerda?

Toshkentda hayodan yiroq, uyatga begona liboslar namoyishi o‘tkazildi. Mutasaddilarning ko‘zi qayerda?

So‘nggi yillarda mamlakatimiz madaniyat va san’atning ko‘plab sohalari qatori moda sohasi tobora rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, dizaynerlar bilan birgalikda yosh dizaynerlarga ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Bundan 10-15 yil avval libos tikuvchilarga oddiygina chevar deb murojaat qilgan bo‘lsak, bugun bu nom ular yaratayogan asarlar oldida biroz soddaroqdek, deyiladi Qalampir.uz sayti ma’lumotida.

Ayrim dizaynerlarimizning jahon moda haftaliklarida ishtirok etayogani esa yanada quvonarlidir. Chet ellik mehmonlar ham “o‘zbek modasi” deganda, atlas va adrasni ko‘z oldiga keltirishi tabiiy. Ming yillik tarixga ega bu matolar milliy boyliklarimizdan sanaladi.

Hozirgi kunda aynan atlas, adras, shoyi, beqasam matolaridan foydalanayotgan dizaynerlarimiz talaygina. Bu quvonarli, albatta. Lekin bu borada ham ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanadi.

Ba’zi dizaynerlarimizning atlas yoki adras matosidan foydalangan holda, zamonaviy, ochiq-sochiq, milliy qadriyatlarimiz, azaliy urf-odatlarimizga xos bo‘lmagan dizaynda tayyorlagan liboslari ko‘pchilikning g‘ashiga tegishi tabiiy. Kecha, 15 dekabr kuni o‘tkazilgan namoyishda taqdim etilgan kiyimlar esa bizni yanada hayratga soldi.

Poytaxt Toshkentdagi “Autograph” nomli xususiy art-galereyasida Hafizhan taxallusi ostida ijod qiluvchi dizaynerning modalar namoyishi o‘tkazilgani haqida saytimizga xabar qilindi. Aniqrog‘i, mazkur namoyishdan olingan bir necha fotosuratlar tahririyatimizga yuborilib, unda namoyish etilgan liboslar evropaga taqlid, “ommaviy madaniyat”ning bir ko‘rinishi ekani ta’kidlandi.

Fotosuratlarni ko‘rib, namoyish haqida to‘liq tafsilot olishga harakat qildik. Bunga esa namoyish vaqtida taqdim etilgan liboslarning dizayni sabab bo‘ldi. Liboslar shu qadar ochiqki, uni sizga boricha ko‘rsatishga andisha qildik. Balki bizgacha etib kelgan suratlar allaqachon sizning ham qo‘l telefoningiz xotirasidan o‘rin olib bo‘lgandir. Taqdimotda to‘rli gazlamadan tikilgan kiyimlar namoyish etilgan. Eng yomoni bu hayosizlik yaqqol aks etgan moda namoyishida voyaga etmagan bolalar ham ishtirok etgan.

Sharq xalqlari mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan liboslar kolleksiyasini taqdim etgan dizaynerning asl ismi Dilshod bo‘lib, tadbir yopiq namoyish tarzida tashkil etilgan. Galereya xodimlari dizayner uchun faqatgina joy ajratib berganlarini ma’lum qilishdi.

Galereya xodimlariga kolleksiyada namoyish etilgan liboslarning ochiq-sochiqligi haqida aytganimizda, xuddi shu liboslar Fransiya va Rossiyaning bir qator shaharlarida namoyish etilgani aytilib, go‘yoki o‘zlarini oqlashdi. Shuningdek, moda namoyishiga chet ellik mehmonlar ham taklif etilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: kolleksiya G‘arb mamlakatlari uchun yaratilgan bo‘lsa, nega Sharq davlatida namoyish etildi, nega bu namoyishga voyaga etmagan o‘g‘il-qizlar kiritildi? Afsuski, bu savolga “Autograph” galereyasi xodimlaridan javob ololmadik.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar assosiasiyasi bilan bog‘lanishga qaror qildik. Biz bilan aloqada bo‘lgan tashkilot dizayneri Malika Tojiboyeva aslida yurtimizdagi har bir dizayner o‘z kolleksiyasini taqdim etishdan avval “Osiyo ramzi” assosiasiyasi hay’at a’zolariga namoyish etishi va tasdiqlatishi kerakligini ma’lum qildi.

Kecha o‘tkazilgan yopiq namoyishdan esa assosiasiya ma’muriyatining xabari bo‘lmagan. Demak, “o‘zboshimchalik” bilan o‘tkazilgan namoyish muallifi va tashkilotchilarga, xususan, namoyishni tashkil etishda unga joy ajratganlarga ham chora ko‘rilishi kerakmi? Bu borada birlashma qanday qaror chiqararkin? Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

“Eshakka to‘qim, odamga libos”, degan gap bor xalqimizda. Sharq xalqlari azal-azaldan madaniyati, oriyati, andishasi bilan dunyoda namuna, o‘rnak bo‘lib kelgan. Bunda qizlarning go‘zalligi ochiq elkalar bilan emas, taqimiga tushgan sochlari, qalin qoshlari bilan o‘lchanadi. Bunda libos odamni emas, odam libosni bezaydi. Shu xalq vakili bo‘lib, shu Vatan tuprog‘ida o‘sgan, shu yurt tuzini totgan dizaynerlarimiz yaratayotgan liboslari nimalarga xizmat qilishini bir o‘ylab ko‘rishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Libos muallifi va uni namoyish etishga bosh-qosh bo‘lganlar o‘z qizi yoki nabirasini shu libosda ko‘rishni istagan bo‘larmidi. Xulosa o‘zingizdan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda hayodan yiroq, uyatga begona liboslar namoyishi o‘tkazildi. Mutasaddilarning ko‘zi qayerda?