21:36 / 19.12.2016
6 949

Bu yil “E’tirof” taqdimoti o‘tkazilmaydi...mi?

Bu yil “E’tirof” taqdimoti o‘tkazilmaydi...mi?

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, “Kamolot” YoIH hamda Yoshlar markazi hamkorligida 2013 yildan buyon “E’tirof” taqdimotini o‘tkazish an’anaga aylangan. Yil oxirlab, yangi yil yaqinlashgani sari nafaqat san’at olami vakillari, balki xalq orasida ham “E’tirof” mukofotining taqdirlash marosimi qachon bo‘ladi?”, “O‘zi taqdimot marosimi bu yil o‘tkaziladimi?”, degan savollar paydo bo‘lmoqda.

O‘tgan yili taqdimot marosimi 21 dekabr kuni “Istiqlol” san’at saroyida o‘tkazilgan edi. Bu yil yakuniga etishiga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, marosimga tayyorgarlik jarayonlari boshlanganicha yo‘q.

Odamlar va san’at olami vakillari orasida tarqalgan o‘rinli savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan bog‘landik. Vazirlik mas’ullari taqdimot marosimini o‘tkazilishi bo‘yicha hozircha hech qanday ma’lumot bera olmasliklarini aytishdi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Axborot xizmati xodimi Muzaffar Sayfullaev esa tahririyatimiz bilan muloqotda taqdimot marosimi haqida ma’lumotga ega emasligini aytib, suhbatni qisqa qildi.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, taqdimotni o‘tkazish bo‘yicha hali hech qanday qaror qabul qilinmagan.

Eng qizig‘i, o‘tgan yili ham tanlov o‘tkazilishi marosimdan bir necha kun oldin aniq bo‘lgan edi. O‘z-o‘zidan taqdimot marosimi ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Mukofot yil bo‘yi ter to‘kkanlar qolib, hatto, tilga tushmaganlarga nasib etgani ancha vaqtgacha muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Nafaqat san’at va sport sohasida, balki har sohada yilning eng yaxshilari topilishi aniq. Aslida eng buyuk, eng adolatli e’tirof – xalq olqishi, e’tibori. Biroq ijodkorlarni yanada ruhlantirish, sog‘lom ijodiy raqobatni kuchaytirish maqsadida topshiriladigan “E’tirof” taqdimotiga nima uchun yuzaki qaralayotgani, hamon tayyorgarlik ko‘rilmagani, xalq ovozi to‘planmayotgani va muxlislarning fikr va mulohazalari o‘rganilmayotgani kishini taajjubga soladi. Taqdimotda g‘oliblar qaysi mezonlarga ko‘ra tanlanadi? Bunda xalqning fikri inobatga olinadimi yoki yo‘q... Bunday savollar ko‘p, biroq ularga kim javob beradi?

Sizningcha, bu yil “E’tirof”ni kim olishi kerak?

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bu yil “E’tirof” taqdimoti o‘tkazilmaydi...mi?