15:53 / 05.01.2017
8 188

Shifoxonadagi tijorat: Mayyitni olish qancha turadi?

Shifoxonadagi tijorat: Mayyitni olish qancha turadi?

Ba’zan ko‘cha-ko‘yda, avtobusda odamlarning shifokorlardan noligani qulog‘imizga chalinadi. Kimdir qaysidir tanishi tug‘ruqxonaga borib, joy topolmaganini aytsa, yana kimdir doktorlarning qo‘pol munosabatidan arz qiladi. Albatta, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan, qalbi ham egnidagi oq libosi kabi toza shifokorlar ham talaygina. Biroq shifokor nomiga dog‘ tushirayotgan ayrim kimsalar, boshqalarning ham sha’nini bulg‘amoqda, deb yozadi Qalampir.uz sayti.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Nilufar Saidakbarova ham “Oq libosdagi dog‘lar” nomli maqolasida shu haqida so‘z yuritib, shifoxonada vafot etgan kishining mayitini sarson qilinishi, vafot etgani haqidagi ma’lumotnomani olish “qistir-qistir” bilan yakun topishi haqida yozadi.

“Oq libos poklik, halollik ramzi. Ammo shifokorlikning oq libosini kiyib qora ishlar (fidoyi shifokorlardan ming bor uzr so‘rayman) qilayotganlar ham oz emas. Ba’zi shifokorlar pul ilinjida, ba’zilari obro‘, ba’zilari amal kursiga ishqiboz bo‘lib, kim ekanligini, nima ish qilishi lozimligini unutib qo‘yadi – oq libosiga dog‘lar sochadi.

Bir qarindoshimiz shifoxonada olamdan o‘tdi. Ta’ziya boshlanib ketdi. Dafn marosimiga tayyorlanila boshlandi: qabr qazildi, yuvuqchi, marosim mashinasi chaqirtirildi, uzoq-yaqindan qarindoshlar, mahalla-ko‘y jam bo‘ldi. Hamma g‘ayg‘uda. Visir-visir boshlandi...

— Kim bilsin, peshinga deyishyapti. . .
— Voy, aylanay. Mayyit hali yo‘q-ku!
— Nima?! Hamma narsa taxt – mayyit yo‘q?! Gap-so‘z ko‘paydi. Peshinga yaqinlashib qoldi, mayit esa yo‘q. Qo‘ng‘iroq qildik. Ruxsatnoma beradigan doktor yo‘q ekan. Buning ustiga mayyit yorilmasa, javob ham berilmasmish. Yana allaqanday hujjatlar zarur ekan. Xullas, janoza asrga qoladiganga o‘xshadi. Mayyitning yaqinlari jigarining o‘lganiga kuysinmi, jasadini olish uchun yugursinmi?! Toqati toq bo‘lgan opa shart turib, shifoxonada yugur-yugur qilayotgan jiyanlariga sim qoqdi:

— Muddaosini ochiq aytsin! Yoradigan holi yo‘q-ku ukaginamning. Kasal bo‘lib, ozib-to‘zib hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa!
— Ammajon, “qistir” deyishyapti...
— Qancha?!
— ...ko‘kida. Shunda yorishmasakan, tezda qo‘yib yuborar ekan...
— Uzat, uzat noinsoflarga! O‘lik ustidan pul eyishadi-ya! Adangning sovuq jasadi mustar bo‘lib qolmasin...

Birozdan so‘ng mayyit keltirildi. So‘nggi manzilga kuzatildi”, deb yozadi muallif.

Bu – o‘zimiz ko‘rib, kunda-shunda eshitib yurgan, ba’zan ochiqdan-ochiq guvohiga aylangan voqealar. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: ana shunday qabih ishlarga qo‘l urayotganlar, nafsi ilinjida o‘lik ustidan ham tijorat qilishni maqsad qilganlarning vijdoni bormi? So‘nggi xulosa o‘zingizdan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shifoxonadagi tijorat: Mayyitni olish qancha turadi?