16:09 / 06.09.2016
5 935

Ruslan Nuriddinov: “Prezidentimning duosini olaman deb niyat qilgandim, afsus...”

Ruslan Nuriddinov: “Prezidentimning duosini olaman deb niyat qilgandim, afsus...”

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti butun xalqimizni chuqur qayg‘uga soldi. Kuni kecha o‘zbekistonlik sportchilar Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarida 4ta oltin, 2ta kumush va 7ta bronza medallarini qo‘lga kiritib qaytganida xalqimiz juda quvongan edi. Olimpiada sovrindorlariga Prezident Farmoni bilan pul mukofotlari hamda Malibu avtomobili taqdim etildi. Biroq shunday quvonchli kunlarda sportchilarning qo‘lini siqib, farzandlarini g‘alaba bilan qutlash Prezident Islom Karimovga nasib etmadi. Aslida o‘zing ekkan niholning mevasini eyishdanda totli on yo‘q. Islom Karimov farzandlarining zafar quchganini ko‘rdi, to‘yni to‘yonasiz qo‘ymadi, biroq quvonch to‘la ko‘zlarni yoshlatib ketdi.

Xalqimiz boshiga tushgan og‘ir musibat Olimpiada sovrindorlarining kayfiyatiga ham ta’sir o‘tkazdi, deb yozmoqda "Qalampir" nashri.

Ruslan Nurudinov, og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi:

— Yurtboshimiz Islom Karimovdek xalqparvar, bolajon, yoshlarni “Mening farzandlarim!” deb bag‘riga bosib, cheksiz mehr-muhabbatini namoyon etadigan rahbar kam bo‘lsa kerak.

Men mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingan 1991 yili tug‘ilganman. Mustaqil davlatimiz bilan birga o‘sdim, ulg‘aydim. Mana shu o‘tgan yigirma besh yilda men va men kabi barcha tengdoshlarim Prezidentimizning ulkan mehri va g‘amxo‘rligi og‘ushida voyaga etdik. Nimani niyat qilsak, qalbimizda qanday ezgu maqsad bo‘lsa, barchasiga erishayapmiz. Bu mamlakatimizda zamonaviy ta’lim olishimiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, o‘z iqtidor va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasidir.

Yaqinda Braziliyada o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, Olimpiada rekordini yangiladim. Yurtboshimiz bu yutug‘imni yuksak baholab, 2016 yil 24 avgustdagi farmoni bilan meni “El-yurt hurmati” ordeniga munosib ko‘rdi.

Shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilar ekanman, Prezidentimiz ishonchini oqladim, yuzim yorug‘ bo‘ldi, endi Islom bobomiz bilan ko‘rishganda, musobaqada dunyoning manaman degan davlat vakillari bilan bellashdim, mening g‘alaba qozonishimda Sizning “Marrani baland oling, aziz farzandlarim! O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo‘lmaydi” degan da’vatingiz katta kuch berdi deyman, duosini olaman, deb niyat qilgandim. Afsuski, armon bo‘lib qoldi...

Yurtboshimizning bu da’vatlari yuragimizdan hech qachon o‘chmaydi va bizni yanada yuksak g‘alabalar sari ilhomlantiraveradi. Prezidentimiz xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ruslan Nuriddinov: “Prezidentimning duosini olaman deb niyat qilgandim, afsus...”