11:57 / 17.11.2016
6 373

Xalq futbolni boqyapti, futbolchilar esa xalq qo‘ynini puch yong‘oqqa…

Xalq futbolni boqyapti, futbolchilar esa xalq qo‘ynini puch yong‘oqqa…

Yana mag‘lub bo‘ldik. Janubiy Koreyaga emas, o‘zimizga mag‘lub bo‘ldik. Ishoning, shunday. Nega bunday deyotgan ekan, deb hayron bo‘lmang. Men sizga haqiqatni aytyapman. Biz bir necha yillardan beri o‘z orzularimiz, ishonchlarimiz, umidlarimiz tufayli shu orzu, umid, ishonchimizni bir tiyinga olmaydigan kishilarga mag‘lub bo‘ldik.

Soliqni o‘z vaqtida to‘layotgan, plastikka savdo qilib, hisobidagi pulini naqdlashtira olmayotganidan xunob bo‘layotgan magazinchi G‘aybulla, Chiroqchimi, Rishtonmi, ishqilib qaydandir kelib stadionga kirish uchun chipta olay desa, kassa yopig‘-u, ko‘chadagi chayqovchi 100 ming so‘mdan o‘sha zormandani pullayotganini ko‘rib, «futbolinggayam!», deb qishlog‘iga qaytgan amaki, faloncha klublarni moliyalashtirayotgan neft va gaz kompaniyalari benzinni narxini oshirganidan fig‘oni falakka chiqayotgan kirakash, pensiyasini majburan plastik kartaga o‘tkazib yuborishgani uchun bozordan bir kilo go‘sht ololmay, terminali bor do‘kon qidirib yurgan o‘qituvchi, boringki, siz, men, u, ular, anavi, manavi — hammamiz mag‘lub bo‘ldik.

Biz xo‘jako‘rsinga ichki chempionat o‘tkazayotgan, nomigagina qur’a tashlash marosimini o‘tkazayotgan, peshtoqidagi nomiga Professional degan jarangdor so‘zni osvolgan tashkilot, terma jamoalar uchun nima qilayotgani noma’lum bo‘lgan, ammo Markaz, degan mavhum nomi bo‘lgan tashkilot, futbolni ko‘rmoqchi bo‘lsang tokni uzib qo‘yadigan tashkilot, oyog‘ingni isitaman desang trubangdan gaz yubormaydigan tashkilot, boringki, shunga o‘xshash ishlar bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar va ularning rahbarlariga mag‘lub bo‘ldik.

Iya, nega maydonda o‘ynagan 11 futbolchi va ularni boshqargan bitta murabbiyni ayblash o‘rniga shu-u-uncha odamni ayblayapsan, demang. Chunki barchasi bir-biriga bog‘liq. Siz, men, u, ular, anavi, manavi — hammamiz soliq to‘laymiz, hammamiz topgan daromadimizning ma’lum qismini byudjetga to‘laymiz va hammamizning pullarimizdan mana shu futbolchilar-u murabbiylar maosh oladilar. Futbol — ishlab chiqarish korxonasi emas. U davlat dotasiyasida va siz-u mening pullarimga muhtoj. Biz esa futbolni so‘kish barobarida uni indamaygina ta’minlaymiz. Bevosita emas, bilvosita. Xalqning mulkini futbolga sochayotganlar, buning oqibatida esa qanchadan qancha pullarni sovurayotganlarga mag‘lub bo‘lyapmiz.

Muallif: Bobur AKMALOV

Manba:stadion.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xalq futbolni boqyapti, futbolchilar esa xalq qo‘ynini puch yong‘oqqa…