23:42 / 05.01.2017
6 617

2017 yilda qaysi kompaniyalar yopilishi mumkin: Yahoo, HTC va boshqalar

2017 yilda qaysi kompaniyalar yopilishi mumkin: Yahoo, HTC va boshqalar

Ars Technica nashri har yili turli ta’sirlar tufayli yopilishi mumkin bo‘lgan yirik kompaniyalar to‘g‘risida muntazam ravishda prognozlarni chop etib boradi. 2017 yilda yo‘qolish arafasida bo‘lgan brendlar qatoriga mazkur nashr Yahoo, Yik Yak anonim messenjeri, Theranos tibbiyot startapi va boshqa brendlarni qo‘shgan, deb yozmoqda Terabayt.uz sayti.

Ars Technica nashrining ushbu an’anaviy “yo‘qolib borayotgan brendlar” ro‘yxatiga uzoq vaqt bozorda o‘z ulushini boy berib kelgan, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelib, daromadni yo‘qotgan, boshqaruv muammolariga o‘ralashib qolgan va aniq biznes strategiyaga ega bo‘lmagan kompaniyalar kiritiladi. Ushbu materialda IT sohasiga oid ro‘yxatga qo‘shilgan kompaniyalar to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Yahoo

Yahoo kompaniyasi Ars Technica 2016 yilda tuzgan ro‘yxatdan ham o‘rin olgan edi. Kompaniya uzoq yillardan beri o‘z biznes yo‘nalishini o‘zgartirishga intilib, yana jahon miqyosiga chiqishga harakat qildi. Hozircha Yahoo Xitoyning Alibaba kompaniyasidagi ulushi tufayligina nafas olmoqda. 2016 yilning fevralida Yahoo o‘zining 15% xodimlarini ishdan bo‘shatdi. Ustiga ustak, kompaniya gender muammolari sabab keskin tanqidga ham uchradi.

Biznes nuqtai nazaridan, deb yozadi Ars Technica,Yahoo uchun 2016 yil bag‘oyatda og‘ir kechdi. Kompaniya restrukturizasiya qilinishi oqibatida brend o‘tgan 3 chorak ichida internet yo‘nalishi uchun 2015 yilda sarflangan mablag‘ga qaraganda ikki baravar ko‘proq pul sarflashga majbur bo‘lgan.

O‘tgan yilning o‘rtalarida AQShning yirik mobil operatori Verizon Yahoo kompaniyasini 4,8 mlrd dollarga xarid qilish istagini bildirgan edi. Garchi ushbu miqdorga teng bitim tuzilgan bo‘lsa-da, Yahoo tarmog‘ining xavfsizlik va foydalanuvchilar daxlsizligi bilan bog‘liq muammolari yuzaga chiqqach, Verizon ushbu bitimni bekor qilish yoki kelishuv narxini kamaytirish ustida o‘ylab qolgan. Shunday muammolar tufayli Yahoo 2017 yilda yopilib ketishi ehtimoldan xoli emas.

Yik-Yak

2014 yilda tashkil etilgan ushbu startap so‘nggi yillarda turli jamg‘armalardan 73,5 mln dollar sarmoya jalb qilgan. Yik-Yak – anonim xabarlarga mo‘ljallangan servis, loyihaga tegishli ilova eng ko‘p yuklab olingan 10 ta ilova sirasiga ham kirgan. Loyiha shiddat bilan rivojlanganiga qaramasdan, tez orada servis nomaqbul yondashuvlar to‘kiladigan maydonga aylanib qoldi. Undan foydalanish bir qator AQSh universitetlarida taqiqlandi. 2016 yilda servisda foydalanuvchilarga nikneym tanlash majburiy etib qo‘yilganidan keyin unga bo‘lgan qiziqish ancha kamaydi. Natijada loyiha rahbariyati bunday talabni bekor qilishga majbur bo‘ldi. 2016 yilning dekabr oyida kompaniya o‘zining 50 ta xodimidan 30 tasini ishdan bo‘shatdi. Hozirda loyihaning kelgusi taqdiri mavhum va umidsiz, deb yozmoqda nashr.

Twitter

2017 yilda Twitter mikroblogi yopilmasligi mumkin, biroq tarmoq bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.

Twitter hali-hanuz kamomadlik holatidan chiqqan emas, kompaniya xarajatlarni qoplash uchun o‘z kapitalini ishlatmoqda. 2016 yilda kompaniya 289 mln dollar mablag‘ yo‘qotdi, 2015 yilda esa mazkur ko‘rsatkich 430 mln dollarni tashkil etgan edi.

Twitter haligacha o‘z investorlarini yo‘qotmoqda. Hatto kompaniyani sotish bo‘yicha boshqa brendlar (Disney, Google) bilan o‘tkazilgan muzokaralar ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Tanqidchilar esa kompaniyani mikroblogdagi negativ va haqoratlarga qarshi samarali kurashmaslikda ayblashmoqda.

HTC

Tayvanning HTC kompaniyasi ham Yahoo singari 2016 yilda ham Ars Technica ro‘yxatiga kiritilgan edi. Nashrning qayd etishicha, HTC kompaniyaning keyingi faoliyati borasida ishonchga ega emas, shu bois u 2016 yilda virtual garnitura ishlab chiqaradigan Vive bo‘limiga alohida kompaniya maqomini berdi.

Bularning barchasi agar HTC inqirozga uchrasa, hech bo‘lmaganda mazkur Vive kompaniyasi alohida brend sifatida faoliyatini davom ettirishi uchun qilingan bo‘lishi mumkin. Biroq bunday qaror ham brendga jon saqlab qolish uchun yordam bermasligi aniqroq, bunga sabab, albatta, Vive kompaniyasining raqobatbardosh emasligidir, deyiladi xabarda.

Blackberry

Material mualliflarining yozishicha, BlackBerry va uning bo‘limlari Deathwatch jurnalining ro‘yxatidan muntazam o‘rin olib keladi. 2016 yilda nashr Blackberry OS dasturining yo‘qolishini taxmin qilgan edi. Afsuski, nashrning ushbu taxmini chindan ham amalga oshdi va BlackBerry Android operasion tizimida smartfonlar tayyorlashni boshladi. Ammo, 2017 yil BlackBerry uchun juda og‘ir kelishi va bu kompaniyaning faoliyatini xavf ostida qoldiradi, deyiladi Ars Technica materialida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » 2017 yilda qaysi kompaniyalar yopilishi mumkin: Yahoo, HTC va boshqalar