21:04 / 07.05.2015
8 227

O‘zbekiston viloyatlarida internet tezligi oshadi

O‘zbekiston viloyatlarida internet tezligi oshadi

“O‘zbektelekom” kompaniyasi tomonidan davlat organlari, korporativ mijozlar hamda aholiga Internetga xalqaro tezkor ulanishni taqdim etish uchun yangi bog‘lama va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda, deb yozadi Kun.uz.

Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “O‘zbektelekom” zimmasidagi vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun 2005 yilda Internet provayderlarga global Internet tarmog‘i resurslariga ulanishni ta’minlovchi “O‘zbektelekom” Xalqaro paketli kommutasiya markazi (XPKM) tashkil etilgan.

Foydalanuvchilarning Internet xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini yanada to‘liq ta’minlash, shuningdek, kelgusida ma’lumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini rivojlantirish uchun 2011 yilda Toshkent shahrida XPKM vositalari texnik o‘tkazish qobiliyati 2,5 Gbit/s.dan 10 Gbit/s.gacha (4 marta), 2012 yilda esa 10 Gbit/s.dan 40 Gbit/s.gacha (4marta) kengaytirildi.

O‘zbekiston hududida xalqaro aloqa xizmatlariga ehtiyoj hamda o‘sib borayotgan talablarni, shuningdek, tranzit sig‘imiga bo‘lgan talab va ehtiyojlarni hisobga olib hamda O‘zbekistonda Internet xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun mavjud o‘tkazish qobiliyatini oshirish va chegaradosh mamlakatlar operatorlari bilan yangi chegaraga o‘tish nuqtalarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi

Xususan, Qo‘ng‘irot (O‘zbekiston) - Beyneu (Qozog‘iston), Paxta (O‘zbekiston) - Abay (Qozog‘iston), Keles (O‘zbekiston) – Jibek Jo‘li q. (Qozog‘iston), Keles (O‘zbekiston) – Sarag‘och (Qozog‘iston), Denov (O‘zbekiston) – Chirtak (Tojikiston), Andijon (O‘zbekiston) – O‘sh (Qirg‘iziston), Olot (O‘zbekiston) - Turkmanobod (Turkmaniston), Termiz (O‘zbekiston) – Hayraton (Afg‘oniston) va boshqa uchastkalarda xorijiy mamlakatlar operatorlari bilan yangi o‘tish nuqtalari foydalanishga topshirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, keyingi 5 yil mobaynida Internet xalqaro tarmoqlariga ulanish bo‘yicha kanallarning umumiy tezligi 15 martadan ortiq oshirildi va hozirgi vaqtda 19,25 Gbit/s.dan iborat. Bu davrda 1 Mbit/s. uchun o‘rnatilgan tarif esa 14,5 marta kamaytirilib, 233,27 AQSh dollarini tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2013 yil 27 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikasiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbektelekom” tomonidan “Xalqaro paketli kommutasiya markazini kengaytirish” loyihasi amalga oshirilishi, unga muvofiq mintaqalarda XPKMning yangi bog‘lamalari bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur loyihaning birinchi bosqichida Buxoro shahrida o‘tkazish qobiliyati kelajakda yanada kengaytirish imkoniyati bilan 40 Gbit/s. bo‘lgan XPKM yangi bog‘lamasining qurilishi yakunlandi.

XPKM bog‘lamalarini o‘zaro bog‘lash va O‘zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish uchun “O‘zbektelekom” Yaponiyaning NEX korporasiyasi va Toyota Tsusho savdo uyi bilan hamkorlikda bir lyambdalarda 100 Gbit/s. tezlikdagi yangi DWDM-liniyasini foydalanishga topshirdi. Yangi liniya poytaxt Toshkentni O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklar maskani – Buxoro shahri bilan bog‘ladi.

Ta’kidlash zarurki, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarida 100 Gbit/s.gacha tezlikda ishlaydigan birinchi tizimdir. Mazkur tizimda 10 Gbit/s.gacha tezlikda ishlaydigan an’anaviy DWDM-tizimlaridan katta farq qiladigan eng ilg‘or kogerent qabul qilish va uzatish texnologiyalari qo‘llanilgan.

Mazkur loyiha magistral aloqa liniyalari o‘tkazish qobiliyatini va ma’lumotlar uzatishni bir necha marta oshirdi, bu esa mamlakatimiz foydalanuvchilarining Internet-xizmatlariga ishonchli hamda yuqori tezlikda ulanishiga sharoit yaratilishiga yordam beradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekiston viloyatlarida internet tezligi oshadi