14:48 / 18.10.2016
8 155

Toshkentda isitish mavsumi boshlanadi

Toshkentda isitish mavsumi boshlanadi

18 oktyabr kuni Toshkent shahar hokimi “Toshkent shahrida 2016-2017 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi 938-sonli qarorga imzo chekdi.

Ushbu qarorga ko‘ra, yurtimizga sovuq havo oqimining kirib kelishi munosabati bilan aholiga qulayliklar yaratish, ijtimoiy soha ob’ektlarida xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilash maqsadida Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik ta’minotidan foydalanuvchi iste’molchilarni issiqlik bilan ta’minlashga o‘tiladi.

“Toshkent issiqlik elektrmarkazi” AJ, “Toshkent issiqlik markazi”, “Toshissiqquvvati” IChB UKga markazlashgan issiqlik tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta’minlash uchun 18 oktyabrdan Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirish vazifasi topshirildi.

Qarorda issiqlik ta’minoti, ijtimoiy soha ob’ektlari rahbarlariga tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan, ta’lim muassasalari, kasalxona va poliklinikalarni 2016 yil 19 oktyabrdan, aholi turar-joy binolarini esa 20 oktyabrdan muntazam isitishga kirishishni tashkil etish topshirilgan.

Shuningdek, “Toshkent issiqlik elektrmarkazi” AJ, “Toshkent issiqlik markazi” va “Toshissiqquvvati” IChB UKga poytaxtda 2016-2017 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta’minoti va elektr energiyasini etkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasiga ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti tizimining barqaror ishlashi uchun mutasaddi xodimlar va aholi tomonidan qoidalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda isitish mavsumi boshlanadi