00:36 / 14.11.2016
9 189

Shavkat Mirziyoyev xalq dasturxonini o‘ylab qayg‘urmoqda

Shavkat Mirziyoyev xalq dasturxonini o‘ylab qayg‘urmoqda

Iqtisodiyot sohasida amalga oshiradigan ishlarimiz avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf etkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun o‘ta muhimdir.

Bu g‘oya Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish borasidagi “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyilini izchillik bilan hayotga tatbiq etishga jazm qilgan nomzodimizning saylovoldi dasturida bugungi kunda o‘z echimini kutib turgan ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun mamlakatimiz miqyosidagi qator maqsadli dasturlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Eng avvalo, aholi daromadlarini muttasil oshirib borish, turmush darajasini yanada yaxshilash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishish maqsadida ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Shuningdek, iste’mol tovarlari, jumladan, arzon narxdagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini kengaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda 160 mingdan ziyod fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 36 mingdan ortig‘i ko‘p tarmoqli yirik sub’ektlardir. Ularda dehqonchilik yoki chorvachilik bilangina cheklanib qolmasdan, balki zamonaviy texnologiyalar, ixcham qayta ishlash uskunalari jalb etilgan holda, qo‘shimcha tarmoqlar o‘zlashtirilgan. Bu aholi, ayniqsa, qishloq odamlarining bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mustaqillik yillarida paxta maydonlari deyarli 2 barobar qisqartirilib, ularning o‘rniga don, sabzavot, poliz, moyli ekinlar ekilib, bog‘ hamda tokzorlar barpo etilmoqda. 2016 — 2020 yillar mobaynida 170,5 ming gektar paxta va 50 ming gektar g‘alla maydonlari o‘rniga oziq-ovqat ekinlari ekilishi belgilanib, joriy yilning o‘zida paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi. Bularning samarasi o‘laroq, mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish hajmi 2 barobardan ziyod oshdi, xususan, kartoshka 7 marta, meva qariyb 6.3 marta, sabzavot 2,6 marta, sut va sut mahsulotlari 1,7 marta, go‘sht 1,3 barobar o‘sdi. O‘zbekiston juda qisqa vaqt ichida g‘alla mustaqilligini qo‘lga kiritib, don va don mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlar safidan mustahkam o‘rin egalladi. 1990 yilda atigi 1 million tonnadan ziyodroq g‘alla hosili etishtirgan dehqon va fermerlarimiz 2015 yilda 7 million 300 ming tonnadan ziyod sara don yig‘ishtirib olishga erishishdi.

Yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari faqat ekin maydonlarini kengaytirish hisobigagina emas, balki jahonning ilg‘or tajribalari, zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalar tatbiq qilinayotgani, istiqbolli navlar yaratilib, amaliyotga joriy qilinayotgani tufayli mustahkamlanayotir. Umuman olganda, urug‘chilik tizimini rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar joriy etilishi hisobiga oxirgi 5 yilda qayta ishlangan mahsulotlar hajmi qariyb 5 marotaba oshdi.

Ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 42,2 foizi chorvachilik sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu jabhada erkin bozor mexanizmlari shakllantirilgani, ko‘plab imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida chorva mollari soni hamda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi muttasil ravishda ortib borayapti. 2015 yil yakunlariga ko‘ra, barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar soni 1991 yildagiga nisbatan 2,4 barobarga, jumladan, sigirlar soni 2 barobar, parrandalar soni 1,8 marta ko‘paygani shunday deyishimizga to‘la asos bo‘la oladi.

Bularning bari O‘zbekistonimizda aholining muhim kundalik iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondiribgina qolmay, katta miqdorda eksport qilinishiga imkon tug‘dirmoqda. Buning ustiga, oziq-ovqat sanoati sohasida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mavjudlarini modernizasiyalash va quvvatlarni oshirish maqsadida 2020 yilga qadar faqat davlat investisiya dasturlariga ko‘ra 304 ta yirik loyihalar va 5000 ta yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa yiliga qo‘shimcha ravishda 100 ming tonna oziq ovqat sanoati mahsulotlari, 130 xildagi yangi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Mazkur loyihalarda yangi texnologiyalarni joriy etish va xom ashyoni chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor beriladi va ularning aksariyati qishloq joylarida amalga oshiriladi.

Ushbu hayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lib, O‘zbekistonimizning 32 mln. kishilik aholisining farovon hayot kechirishini ta’minlashdek mas’uliyatni o‘z elkasiga olishga jazm qilgan, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishni asosiy maqsad qilib olgan partiyamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni qo‘llab ovoz berishga chaqiramiz.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev xalq dasturxonini o‘ylab qayg‘urmoqda