22:21 / 17.12.2016
6 935

Nima uchun farg‘onalik yigit telefon mojarosi sabab 11 yilga qamaldi?

Nima uchun farg‘onalik yigit telefon mojarosi sabab 11 yilga qamaldi?

U yashirinmadi, oradan bir soatcha o‘tgach, Qo‘qon shahar IIBga kirib keldi. Undan spirt hidi anqidi.

- Kechqurun soat sakkizlarda ikki ulfatim bilan “Malina choy” kafesida tamaddi qildik. Kon’yak ichdik. Inom bilan ertalab ko‘rishgandim. Pulning qolganini kechqurun beraman, devdi. Qo‘l telefonida gaplashdik. “Original” magazini yonida kutib oladigan bo‘ldi. Janjal chiqib, uni pichoqlab qo‘ydim...

“Huquq” gazetasining yozishicha, yigirma uch yashar Mamanazar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) “Spark” rusumli mashinasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan. O‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalarida kechki soat o‘nlarda “Kosmonavtlar” mavzesida qo‘l ko‘targan yo‘lovchini mashinasiga mindirib olgan. Tanishi Ilhomjondan tashqari mashinaga notanish yigit chiqib o‘tirgan. Mamanazar Ilhomjonni uyiga eltib qo‘ygan. Notanish yigit esa mol bozoridan keyingi ikkinchi ko‘cha boshida tushib qolgan.

- Katta ko‘chaga chiqib qarasam, qo‘l telefonim yo‘q, - deydi M.Valiev. – So‘nggi bor Ilhom aka va notanish kimsa mashinamga chiqib o‘tirishayotganida telefonda gaplashgandim. Ilhom aka tushib qolganida ham yonimda edi. Ortimga qaytib, notanish yo‘lovchini axtardim, topa olmadim. Bir haftacha o‘sha mahallaga borib, so‘rab-surishtirdim. Ilhom akani tasodifan ko‘rib qoldim. O‘sha kuni mashinamga chiqqan yigit telefonimni o‘g‘irlabdi, uchrashtirib qo‘ying, dedim. Uning ismi Inom ekan. Ilhom aka u bilan o‘zim gaplashib ko‘raman, dedi. Ertasiga unga telefon qildim. Ilhom aka, gaplashdim, tan olmayapti, dedi. Oradan bir oycha o‘tib, Ilhom akaga telefon qildim. Kosmonavtlar mavzesiga etib bordim.

Tanishi Odil aka ham o‘sha erda ekan. Mamanazar mashinasini to‘xtatib, Ilhomjonga telefon qiladi. Uning yonida turgan yigit qarshisiga kelib so‘rashadi.

- O‘shanda Ilhom aka bilan birga mashinamga chiqib o‘tirgan edingiz.

- Ha, o‘sha menman.

- Telefonimni siz olgansiz.

- Men olganim yo‘q.

- Chiqing, mashinaga.

Mamanazar o‘sha kuni Ilhom aka va uni mashinasiga mindirib olgan joydan ular tushib qolgan manzilgacha boradi.

- Siz shu erda tushdingiz. Ko‘chani boshiga chiqqanimda telefonim yo‘q edi. Siz olgansiz, boshqa odam olmagan. Qaytarib bering, bo‘lmasa, pulini to‘lang.

Ularning ortidan kelgan Odil aka, nima gap, deb oraga tushadi. Mamanazar unga bor gapni aytadi.

- Bo‘pti, qizishma, o‘zim gaplashib ko‘ray-chi?!

Oradan uch kun o‘tib, Mamanazar u bilan telefonda bog‘lanadi va Kosmonavtlar mavzesida ko‘rishadi.

- Telefoningni o‘sha bola olgan ekan, - deydi Odil aka. – Pulini men olib beraman.

Yo‘qolgan “Samsung” rusumli telefon uchun 150 AQSh dollari olib beradigan bo‘ladi. Ertasi kuni telefon qilsa, Ilhomga uchragin, deydi. Ilhom 2016 yil aprel oyigacha unga bo‘lib-bo‘lib, uch marta pul beradi. Mamanazar yana 100 ming so‘m to‘lashni talab qiladi. Ilhom men Inom bilan urishib qoldim, o‘zingiz gaplashing, deydi.

Shu yil 22 aprel kuni kechki payt M.Valiev ikki nafar o‘rtog‘i bilan kafeda tamaddi qiladi. So‘ngra telefonda Inom bilan uchrashuv joyini kelishib, yo‘lga tushadi. O‘rtoqlari uning ortidan borishadi. Qatag‘on qishlog‘idagi do‘kon yonida Inom bilan yuzma-yuz keladi. U bo‘ldi, boshqa bir so‘m ham bermayman, deb oyog‘ini tirab oladi. Janjal chiqib, spirtli ichimlik ichib olgan M.Valiev uning qorniga, duch kelgan joyiga pichoq sanchadi. O‘rtoqlari yugurib kelib, ajratib qo‘yishadi. Inomni kasalxonaga etkazishadi. Shifokorlar uning hayotini asrab qolishadi.

Agar Mamanazar shahar IIBga murojaat qilganida, gumondor ushlanib, aybi tasdiqlangan holda, javobgarlikka tortilar edi. Ammo u telefonning pulini undiraman, deb birovning joniga qasd qilishday jinoyatga qo‘l urdi. Sudning hukmi bilan unga o‘n bir yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Nima uchun farg‘onalik yigit telefon mojarosi sabab 11 yilga qamaldi?