09:40 / 20.12.2016
11 156

Suv, gaz va svet. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da jiddiy taklif bor

Suv, gaz va svet. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da jiddiy taklif bor

Men davlatimiz siyosati haqidagi mulohazalarimni oxirgi marta birinchi prezidentimizning salomatliklari bilan bog‘liq muammolar va vafotlari paytida uyushtirilgan axborot urushlarga qarshi yozgan edim. Chunki o‘sha davrlarda o‘z hissiyotlarini jilovlab olish va milliy xavfsizligimizga tahdid qilishi mumkin bo‘lgan kuchlarga qarshi munosib turib kurashish har birimizning vatanparvarlik burchimiz sanalardi.
Xudoga shukur, endi bu gaplar ortda qoldi. Dushmanlar kutganlariday yurtimiz parokandalikka tushib qolgani yoki “Birodarlik urushi”ga kirishib ketgani yo‘q. Men ilgari ta’kidlab aytganimday, birinchi prezidentimizning davrida O‘zbekistonda davlat barpo etilib, uning ustunlari mustahkam qo‘yib ketildi. Uni qaysi tomonga qarab rivojlantirish esa navbatdagi avlod vakillarining xohish va irodalariga havola edi.
Men yurtimizdagi “o‘tish jarayoni”ni muntazam kuzatib kelyapman va yashirmayman, o‘zgarishlar ko‘pchilik yurtdoshlarimiz kabi menda ham optimizm kayfiyatini paydo qilyapti. Zero, O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qabul qilayotgan ilk qarorlari va boshlayotgan islohotlari bizni kelajakka umidlar bilan qarashga undayapti. Shavkat Mirziyoyevning ilk to‘g‘ri va oqilona qarori bu uning xalqqa hamda uning dardlariga quloq tutganligi bo‘ldi. Chunki xalqning muammolarini uning o‘zidan so‘ramay turib hal qilishga kirishish “bemordan qaering og‘riyapti?” deb so‘ramay turib, uni davolashga kirishishday gap bo‘lgan bo‘lar edi.
Shu munosabat bilan, Shavkat Mirziyoyev kelgusi 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildilar. Xalqqa, jumladan vatanparvar o‘zbekistonlik sifatida menga ham quloq tutilayotganligidan foydalanib, men ham ushbu davlat dasturiga o‘zimning taklif va mulohazalarimni bildirishga qaror qildim.
Gapni aylantirib, undoq-bundoq deb chaynalib o‘tirmasdan O‘zbekistonimizning 3 ta eng katta 3 ta muammosini hozirdan aytib qo‘ya qolay. Undan keyin, nima sababdan ushbu 3 muammoni eng asosiylari deb hisoblashimni asoslaga harakat qilaman. Xullas O‘zbekistonning eng katta, bir kun kelib albatta hal qilmasa bo‘lmaydigan 3 ta muammosi bu SUV, GAZ va ELEKTR TA’MINOTI (“svet”) muammolaridir! Mana shu 3 ta muammo hal bo‘lmagunicha boshqa muammolarning hal bo‘lishi kam ahamiyatga ega bo‘ladi. Aksincha, boshqa barcha muammolarning hal qilinishi mana shu 3 muammoni butkul hal qilishga qaratilishi kerak deb o‘ylayman.
Gap asnosida bir gapni aytib o‘tmoqchiman : men ushbu mulohazalarni davlatimiz rahbari va hukumatimiz bilmaydi degan farazdan kelib chiqib yozayotganim yo‘q. Aksincha, men ularning bu muammolardan allaqachon to‘liq xabardor bo‘lsalar kerak deb o‘ylayman va bu borada allaqachon tegishli ishlar boshlab yuborilganligiga shubha qilmayman.

Xalqning ishonchini qozonishning yagona yo‘li.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalqimiz Shavkat Mirziyoyevga 88%dan ko‘proq ovoz berdi. Bu degani, xalqimizning 88% dan ortig‘i ushbu insonga o‘z umidlarini bog‘lab, o‘z taqdirlarini topshirdilar. Endi, kelasi 5 yillik prezidentlik muddatida ular Shavkat Mirziyoyevdan o‘z muammolarining hal qilib berishini kutadilar. Shu sababdan, O‘zbekiston xalqining muammosi aynan nimalardan iborat ekanligini bilish muhim hisoblanadi.
O‘zbekistonliklarning 1-raqamli muammosi bu — SUV muammosidir. Chunki suv hayot manbaidir. Xalqimiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmas va dehqonlarimiz dalalariga suv topa olmas ekanlar, O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash va Qishloq xo‘jaligi sohalaridagi muammolari hech qachon tugamaydi.
Masalan, bizning uyimizda sobiq sovet davrlaridan beri svet bo‘lgan. Lekin gaz mustaqillik yillaridan keyin kirib kelgan. Har holda, men maktabning ilk yillarida uylarimizda pechlarda ko‘mir yoqqanlarimizni eslayman. 2000 yillarning boshlarida bitta Qashqadaryolik kursdoshim “uyimizda sandalga oyog‘imizni tiqib, isitib o‘tiramiz” deganida men “do‘stim hazillashyapti” deb o‘ylagan edim. Keyin bilsam, bizda 10 yillardan beri bor bo‘lgan gaz O‘zbekistonning hamma joylarida yo‘q ekan. O‘shanda, men “ularga ham gaz tezroq etib borsin, bechoralar ko‘mir yoqib oyoqlarini sandallarga tiqib isitib yurmasinlar” deb orzu qilganman. Bu muammo ular tomonlarda hal bo‘lganmi yoki buni bilmayman, ammo oradan bir necha yil o‘tmasdan o‘zimiz tomonlarda ham gaz o‘chadigan bo‘lib qoldi. Bora-bora, odamlarning uylarida qaytadan ko‘mirda yoqiladigan pechlar paydo bo‘ldi. Gazni esa odamlar faqat bayramlar (kalendardagi rasmiy bayramlar) paytlarida vaqtincha ko‘radigan bo‘ldilar.
Svet muammosi gaz muamosi bilan egizak desam ham bo‘ladi. Gaz o‘chib qoldi deb elektr pechka olsangiz svet ham o‘chib qoladi. Odamlarning uylarida maxsulotlarni saqlash uchun sovutgichlar, 2-3 tadan televizor va endilikda kompterlar bor, lekin ularni istagan paytda ishlatish odamlar uchun orzu bo‘lib qolmoqda. Ba’zan shaharlarimizda insonlar “vay-fay” yomon ishlashidan nolishlarini ko‘rib qolamiz. Ana shu paytlarda qishloqlarimizning odamlari gaz va svetning yo‘qligidan azob chekayotgan bo‘ladilar. Yillar davomida insonlar qahraton qishning sovug‘idan jon saqlash uchun qishloqlardagi mevali va mevasiz daraxtlarni, jumladan tut daraxtlarini yoqishga majbur bo‘lmoqdalar. Buning oqibatida kelajakda ipakning yurti O‘zbekistonda pillachilik sanoati katta zarar ko‘rsa ajab emas.
Xullas, O‘zbekiston xalqining ishonchini qozonish va ularning manfaatlarini o‘ylash bu ularga aeroportlar, yo‘llar, dang‘illama uylar qurib berish bilan hal bo‘lmaydi. Chunki qishda uyida sovuq qotayotgan, uyida zamonaviy sovutgichlari turib, yozda maxsulotlari sassib qolayotgan va qator televizorlari turib, uyida televizor ko‘ra olmaytgan va nihoyat “bu yil suv bo‘larmikan?” degan o‘ylar bilan dalaga o‘g‘it qadashga ikkilanayotgan bobo dehqonlarimizga avvalo “ulkan loyihalar” emas, balki suv, gaz va svet hayotiy zaruratlardir. Davlatimizda qaysiki rahbar shu uchala muammosni hal qiladigan bo‘lsa, xalqimiz o‘sha insonga haykallar qo‘yadi va nomini zarhal xarflar bilan tarix zarvaraqlariga yozib qo‘yadi deb o‘ylayman.

Qo‘ni-qo‘shni davlatlar bilan aloqalar.

Shavkat Mirziyoyevning vaqtinchalik prezidentlik lavozimiga kirishgach, ilk nutqlarini diqqat bilan eshitganman va O‘zbekistonning o‘rni hamda kelajakdagi strategiyasi borasidagi qarashlarimiz qanchalar yaqinligiga hayron qolganman. Agar kimdir menga mazkur matnni o‘zim hohlaganimday qilib yozib berishni so‘raganida deyarli o‘shanday qilib yozib bergan bo‘lar edim. Chunki, mening nazarimda ham milliy manfaatlarimiz birlamchi, qo‘shni qardosh davlatlar bilan aloqalarimiz iqqilamchi va undan keyin xalqaro maydonda hamkorlarimizni o‘z o‘rinlariga qarab munosabatlar o‘rnatishimiz uchlamchi ahamiyatga egadir.
Bizni o‘rab turgan qo‘shni davlatlar bizga begona davlatlar emas va ularning xalqlari o‘zimizning ming yillik qardoshlarimizdirlar. Taqdir taqozosi bilan hozirda boshqa-boshqa davlatlarda yashayotgan bo‘lsak ham, ular bilan hozirga qadar bir xil daryolardan suv ichamiz. To‘g‘rirog‘i, barchamizga umumiy bo‘lgan daryolarning suvini kelishib ichishga majburmiz. Ba’zan, “dunyodagi janjallar neft va boyliklar uchun bo‘layapti” deb o‘ylab qolamiz. Lekin geografik jihatdan olib qarasangiz urush va janglar borayotgan hududlarda albatta suv va “suv bo‘lishish” muammosi bor bo‘ladi. Faqat neft izlayotgan davlatlar suv istayotgan davlatlarni urushtirib, undan keyin ularning hududlariga kirib olib, ularning boyliklarini talay boshlaydilar. Chegaralararo daryolarda suvni bo‘lishish muamosi dunyodagi eng og‘riqli va notichliklarni keltirib chiqarayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Oddiy misol sifatida Turkiya va Suriya o‘rtasida ko‘p yillardan beri Evfrat daryosining suvini bo‘lishish muamosini ko‘rsatish mumkin. Boshqa muamolar bilan birgalikda aynan mazkur kelishmovchilik sababli turklar Bashar al Assadni (turklarning loyihalariga qarshi bo‘lganligi uchun) yomon ko‘rib kelganlar. Shu sababdan turklar hozirgi urush paytida Assadga qarshi uning muxolifatchilarini qo‘llab quvvatlamoqdalar.
Chegaralararo suvlarni bo‘lishish hozirgacha G‘arbiy va Shimoliy Evropa davlatlariga nasib etgan xolos. Shu sababdan, ushbu davlatlar o‘rtasida taraqqiyotga xalaqit beruvchi dushmanlik munosabatlari yo‘q. Ular o‘zaro pul talashishlari mumkin, mansab talashishlari mumkin, buyuklik talashishlari mumkin, lekin asosiysi suv talashmaydilar.
Men huddi ular kabi qo‘shnilarimiz bilan suv borasidagi muammolarimizni bir umrga hal qilib olishimiz va kelishuvlarimizni xalqaro huquq meyorlari doirasida rasmiylashtirib qo‘yishimiz kerak deb hisoblayman. Buning uchun biz qo‘shnilarimiz bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarni o‘rnatishimiz va o‘zaro manfaatli sherikchilik asosida kelishuvlarga erishishimiz kerak. Men milliy manfaatlarimizdan voz kechib, qo‘shnilarga yon bosishning tarafdoori emasman, aksincha. Lekin o‘zaro manffatli kelishuvga erishish uchun siyosiy iroda zarur bo‘lib qolganda, biz o‘sha siyosiy irodani topa olishimiz kerak deb o‘ylayman. Shu borada, men hukumatimizning tashabbusi bilan yaqinda tashkil qilingan Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari bilan delegasiyalar almashish tashabbuslarini olqishlayman. Bilishimcha, Turkmaniston va Qozog‘iston davlatlari bilan ham munosabatlarimiz iliqlashgan. Biz aynan mana shu yo‘nalishda davom etib, kelajakda qo‘shnilar bilan kelishib, suv, elektr energiyasi, gaz va chegaralarimizning demarkasiyasi muammolarini hal qilib olishimiz kerak. Aks holda, ushbu muammolar tashqi dushmanlar uchun bizni urushtirish uchun richag bo‘lib xizmat qilishda davom etaveradi.

Xalqaro munosabatlar

Xalqaro munosabatlarda men hukumatimizning suverenitetimizdan ustun turuvchi ittifoqlar va xavfsizligimizga rahna soluvchi harbiy tashkilotlarga qo‘shilmaslik siyosati bilan yakdilman. Qudratidan, pul va boyligidan, hududining kattaligidan, aholi sonidan va hokazolaridan qat’iy nazar biz barcha davlatlar bilan teng sherikchilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik prinsiplari asosida munosabatlar o‘rnatishimizning tarafdoriman. Sarmoya va pul umidida suverenitetimizdan kechmasligimiz kerak deb hisoblayman.
Biroq sarmoyalar iqtisodiyotning taraqqiyoti uchun benzinday ahamiyat kasb etadi. Shu sababdan, biz sarmoyalarni jalb etganda oqilona siyosat yuritishimiz va jalb etiladigan sarmoyalarni maqsadli yo‘naltirishimiz lozim. Siyosiy fanlar institutidagi bir domlamiz aytgandi : “Kelajakda davlatlaringizning mas’uliyatli o‘rinlariga yoki rahbariyatiga ishga kelib qolsangizlar xalqaro munosabatlarda ehtiyot bo‘linglar. Bironta katta, boy davlat kelib “Sizlarga falon milliard dollar miqdorida beg‘araz yorda beramiz” desa cho‘ntagingizdan pistoletingini chiqarib, uning peshonasidan otinglar. Chunki u odam sizlarni aldayotgan bo‘ladi. Xalqaro munosabatlarda “beg‘araz yordam” degan narsa bo‘lmaydi, u odamning sizga qarshi qandaydir yashirin maqsadi bor. U sizning nimangizgadir ko‘z tikkan bo‘ladi” degan edi. Albatta domlamiz “pistolet” va hokazolarni esimizda qolishi uchun kulgili va obrazli qilib aytgan edi. Lekin u bizni “xalqaro munosabatlar va sarmoyalar” borasida ehtiyotkorlikka chaqirganida 100% haq edi deb o‘ylayman.
Shunday ekan, biz sarmoyalarni jalb etishda albatta ulkan muammolarimizning, jumladan suv, gaz va svet muammolarining echimlarini nazardan qochirmasligimiz kerak. Masalan, iqtisodiy farovonlik umidida gaz konlarimizni horijga sotish siyosatimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Chunki xalqni gazsiz qoldirib, gazimizni chetga sotib, farovon hayot qurib olganimizda bolalarimiz gazni chet ellardan oltin narxida sotib olmasliklari kerak. Xuddi shu gapni, bizning paxta siyosatimiz haqida ham aytishimiz mumkin. To‘g‘ri, paxta bizning milliy boyligimiz va u davlatimizning horijiy valyutalarni olib keladigan strategik sohalaridan biri. Lekin paxta yakkahokimligi ekologik muamolarni keltirib chiqarish bilan birgalikda xalqimizga ijtimoiy va davlatimizga iqtisodiy yuk bo‘lmasligi kerak. Agar paxta yakkahokimligidan kechib (paxtachilikdan emas, aynan paxta yakkahokimligidan), bog‘dorchilik va boshqa suv kam iste’mol qiluvchi o‘simliklar ekishga o‘tsak, bu bizni suv muamosidan xolos etadigan bo‘lsa va xalqimizning ishchi kuchini boshqa foydaliroq sohalarga yo‘naltiradigan bo‘lsa, bu borada ham “plyus” va “minus”larni tarozining pallasiga qo‘yib ko‘rishimiz kerak deb o‘ylayman.

Qolgan sohalar haqida umumiy.

Respublikamizda boshlangan islohotlar va o‘zgarishlar maqtovga sazovor. Bank va moliya tizimi borasida, Turizm sohasida, Axborot texnologiyalari, Uy-joy sohalaridagi e’lon qilingan qaror va dasturlar davlatimizning taraqqiyotiga hissa qo‘shishi shubhasiz. Ammo bu sohalar rivojlangan bir paytda suv, gaz va svet muammosi hal bo‘lmaydigan bo‘lsa, mazkur sohalarni rivojlantirish uchun sarflangan mablag‘ va harakatlar samarasiz ketib qolishi mumkin. Masalan, o‘zimga tanish bo‘lgan turizm sohasidan aytadigan bo‘lsam, biron bir shaharda mehmonxonalar, restoranlar, binolar, yo‘llar, vokzallar va aeroportlarni qurib, reklamalar berib, yalinib-yolvorib qurumsoq turistlarni olib kelsangizda u erda svet, gaz va suv yo‘q bo‘lsa, shuncha sarflangan pullaringiz zoe ketdi deyavering. Turizm asosan orzular, hissiyotlar va taasurotlar asosida tashkil qilinadigan sohadir. Shundan kelib chiqqan holda, kelgan turist yomon taasurot bilan ketmasligining harakatlarini qilishimiz kerak.
Bank va moliya tizimi ham xuddi shunday. Svet bo‘lmasa, banklarda kompterlar ishlamaydi va insonlar pullarini olomaydilar. Odamlar pullarini ololmasalar, bu iqtisodiyot, iste’mol to‘xtadi deganini bildiradi.
Dunyoda gaz, suv va svet muammosi bizdan ham yomon ahvolda bo‘lgan, lekin ushbu muammolarni echa olgan davlatlar bor. Masalan, Isroil va Yaqin sharqdagi arab davlatlari. Ularning ayrimlariga daryolardan deyarli suv kelmaydi va erlarining ostidan deyarli suv chiqmaydi. Bu degani ular suvdan elektr energiyasi ola olmaydilar. Ular gaz va ko‘mir kabi hom ashyolarni chetdan olib keladilar. Shunga qaramasdan ular bor diqqat va e’tiborlarini hayotiy zarur muammolariga qaratgan holda suv va energiya muammolarini hal qilganlar va hozirda ham ushbu muammolarning kelajakdagi echimlari ustida tinmay izlanishdalar.
Bizda ham suv, gaz va elektr energiyasi sohalari hayotiy strategik sohalar deb davlat darajasida e’lon qilinishi kerak va ushbu sohaga hissa qo‘shgan insonlar (olimlar, injenerlar, dehqonlar, talabalar va hokazolar) rag‘batlarntirilishlari kerak. Bundan tashqari men yuqorida aytib o‘tgan davlatlarning tajribalarini o‘rgansak foydadan holi bo‘lmaydi.

Xulosa.

Gaz bor yillarida dang‘illama uylar qurib olgan va hozirda bitta kichkina xonasida pechka yoqib isinayotgan insonlarni bilamiz. Bu degani insonga puldan ham, uy-joydan ham jon shirindir. O‘zbekistonning iqlimi, geografik joylashuvi, iqtisodiy-ijtimoiy tuzilishi va yashash tarzidan kelib chiqib, o‘zbek xalqining joni uchun eng zarur uchta narsa bu suv, gaz va elektr energiyasi hisoblanadi. Agar ularga shu uchala ma’dan berilsa, kolganini biznesni ham, dehqonchilikni ham, boshqasini ham o‘zlari eplaydilar. Albatta suv, gaz va elektr energiyasining isrof qilinmasligi uchun mexanizmlar yaratilishi zarur bo‘ladi.
Mana shu muammolar hal bo‘lgandan keyin qo‘rqmasdan Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Pillachilik, Turizm, Transport, Yo‘l, Ta’lim, Fan, Bank va moliya va hokazo sohalarning rivojiga bel bog‘lasak bo‘ladi. Shu sababdan, men Shavkat Mirziyoyevga oldida turgan prezidentlik muddatini muvaffaqiyatli boshqarishini tilagan holda, mazkur muamolarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘rab qolaman. Mayli, bu muammolar bir yoki ikki yilda hal bo‘lmasin. Lekin hech bo‘lmasa, oradan besh yil o‘tib prezidentlik muddati o‘z yakuniga etganda O‘zbekiston xalqidan “uyingda gaz, suv, svet bormi?” deb so‘ragalganda, 100% “ha” deb javob bersalar, menimcha dunyoda bizning xalqdan baxtli insonlar topilmasa kerak deb o‘ylayman.

Doniyor Ro‘zmetov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Suv, gaz va svet. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da jiddiy taklif bor