15:22 / 12.01.2017
7 982

Tadbirkorlikka g‘ov bo‘layotgan muammolar: konvertasiya, naqd pul muammosi...

Tadbirkorlikka g‘ov bo‘layotgan muammolar: konvertasiya, naqd pul muammosi...

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida mamlakatdagi tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan navbatdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va SSP raisi Alisher Shayxov ishtirok etgan. Bu haqda Gazeta.uz'ga asoslanib Kun.uz sayti yozmoqda.

2017 yil 6 yavarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonning xalqaro maydonda raqobat-bardoshligini oshirish, tadbirkorlarning qonunlarni ishlab chiqishdagi ishtirokini yaxshilash, to‘qimachilik sohasidagi muammolar, qishloq xo‘jaligi sohasi, soliq va bank tizimi, kasaba uyushmalari faoliyatining samaradorligi va boshqa masalalar muhokama qilingan.

Yig‘ilishda, o‘zbek-xitoy savdo uyi (O‘XSU) rahbari, Xalqaro biznes va texnologiyalar Assosiasiyasi raisi (AMBiT - XBiTA) Hikmat Abdurahmonov O‘zbekistondagi kasaba uyushmalari tadbirkorlarning muammolarini hal etishda nima uchun yordam bermayotganiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

«Fikrimcha, kasaba uyushmalari bilan bog‘liq muammo ularning sonida emas, balki ularni jiddiy qabul qilmaslikdadir. Assosiasiyalarning bosh maqsadi — soha vakillarining manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Afsuski, mamlakatimizda, ushbu tashkilotlar va davlat o‘rtasida muloqot o‘tkazilmadi. Shu boisdan, tadbirkorlar uyushmalarning u yoki bu muammoni hukumatga etkaza olishiga ishonishmaydi. Qo‘shni mamlakatlarda kasaba birlashmalari kuchga to‘lmoqda, hukumat vakillari esa, ular bilan muammolarni hal etish maqsadida doimiy ravishda muloqot o‘tkazadi», - degan Abdurahmonov.

Uning aytishicha, tadbirkorlar o‘z muammolarini ma’lum qilish va davlat organlari tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilayotganini aytishdan qo‘rqishmaydi. Biroq, «tizimdagi loqaydlik tadbirkorlarning tilini kalta qilmoqda».

Bundan tashqari, Abdurahmonovning fikricha, soliq tizimi va bojxona siyosati kompaniyalarning oshkora faoliyat yuritishiga turtki bermaydi. Chunki, ular nazorat qiluvchi organlarning diqqatini tortmaslikni ma’qul ko‘rishadi.

«Tadbirkorlarda shunday mantiq shakllanib qolganki, go‘yoki, ular soliqlarni chetlab o‘tsa, raqobatbardoshligini saqlab qolishadi. Bu mantiqni soliq tizimi bilan birga keskin o‘zgartirish kerak», — deya taklif bildirgan u.

Xo‘sh, O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun nima qilish kerak?

«Bizda asbob-uskunalar etishmasligi mavjud emas, muammo — uning etarli darajada yuklanmaganligida, — deydi O‘XSU va XbiTA rahbari. — Aniqrog‘i, ko‘pchilikda ishlab chiqarish salohiyati bor, ammo xom ashyo mahsulotlarini, aynan raqobatbardosh shartlarda olish imkoniga ega emas. Bu masalani hal etmasdan, olg‘a siljiy olmaymiz».

Ikkinchi asosiy muammo bu — so‘m va valyutadagi sarmoyadan foydalana olish masalasidir.

«Zayom mablag‘larisiz biz rivojlana olmaymiz. Bugungi kunda, tadbirkorlar sarmoya uchun faqat banklarga murojaat qila olishadi. Bank tizimini liberallashtirish kerak. 10 yil avval, savdoni moliyalashtirish yoki qayta moliyalash degan usul bo‘lar edi. Banklar biznesni moliyalashtirish uchun o‘rta va uzoq muddatli mablag‘larni jalb qila olar edi. Bu usullarni qaytarish lozim. Agar bozorning raqobatbardoshligini ko‘tarsak, aksar muammolar o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ladi. Buning uchun davlat kompaniyalari xususiy sektor bilan raqobat qilib, uni nazorat qilish o‘rniga, uning taraqqiy etishi uchun qulay sharoitni barpo qilishi, bunga qo‘shimcha ravishda axborot shaffofligi ta’minlanishi lozim», — deb qayd etgan Hikmat Abdurahmonov.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov xalqaro maydondagi raqobatbardoshlik xususida o‘z fikrlarini izhor qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro mehnatni taqsimlash jarayonida va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha global zanjirda faolroq ishtirok etishi darkor. Bundan tashqari, valyuta bozorini liberallashtirish va erkin konvertasiyani joriy qilishi lozim.

Yuliy Yusupovning aytishicha, «mamlakatdagi tijorat banklari o‘zlarining asosiy vazifasi — jamg‘armalarni jalb etish va bu mablag‘larni sarmoyaga aylantirish vazifasini bajara olmayapti». Chunki, ular Markaziy bank ko‘rsatmalarini bajarishdan nariga o‘ta olmayapti.

Iqtisodchi, shuningdek, mamlakatdagi to‘lov turlari — naqd, naqdsiz va korxonalar hisobidagi mablag‘larning o‘ziga xosliklari xususida ham fikr bildirgan. U, bu boradagi muammolarni hal etish uchun naqd pullarni berishda ma’muriy to‘siqlarni olib tashlash zarur, degan fikrni bildirgan.

Ekspertning qayd etishicha, agar kichik korxonalar tor doirada ixtisoslashsa va yiriklari hajmlarda tejashni boshlasa, O‘zbekiston raqobatbardoshligi keskin ortishi mumkin. Bu takomillashuvga, xarajatlarni kamaytirish va mahsulot sifatini oshirishga imkon beradi.

Iqtisodchi Yusupov fermerlar erning haqiqiy egasi ekanliklarini his qilishlari va undan foydalanish samaradorligini oshirishlari uchun, dehqon-fermerlar huquqlarini mustahkamlashga chaqirgan.

TOP-Contact kompaniyasi asoschisi Laziz Adhamovning ma’lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining kichik korxonalardagi ishchilar sonini 25 nafargacha cheklash to‘g‘risidagi qarori, uning 50 kishilik kompaniyasini to‘liq soliq to‘laydigan yirik korxonaga aylantirgan. Shu sababdan, uning biznesi «barbod bo‘lgan».

Alisher Shayxov bunga javoban, Iqtisodiyot vazirligi ko‘p mehnatni talab qiluvchi sohalarda kichik korxona va firmalarning ishchilari sonini ikki martaga oshirish taklifini bildirgani, tez orada qarorga o‘zgartishlar kiritilishini bildirgan. SSP raisi, bu kabi hujjatlar xususiy sektor bilan kelishilmasdan qabul qilinmasligi kerak, degan fikrga qo‘shilib, kichik tadbirkorlik vakillari kamida olti oy avval, o‘zgarishlar va islohotlardan xabardor etilishi maqsadga muvofiqligini aytgan.

Kichik korxonalardagi xodimlar soni cheklanishi bilan bog‘liq masala boshqa sohalar uchun ham muhim bo‘lib qolmoqda.

Korzinka.uz supermarketlari tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimovning ta’kidlashicha, bunday cheklov ko‘psonli kichik korxonalar tashkil etishga sabab bo‘lib, shu bilan mehnat samaradorligi tushishiga olib kelmoqda.

«Meni qiynayotgan masala: nima uchun 50 va 51 ishchiga ega bo‘lgan ikkita kompaniya turli soliq to‘laydi? Agar to‘qimachilikka soliq va bojxona imtiyozi berilsa, ularni toifalashtirmasdan, barchasiga birdek taqdim etish kerak. Aks holda, bu ishlab chiqarishni maydalab, mehnat samaradorligini pasayishiga olib keladi. Bu boshqa sohalarga ham tegishli. Masalan, sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona xodimlari soni 25 nafardan oshsa, kichik korxona imtiyozlariga ega bo‘la olmasligi tufayli, o‘z biznesini kengaytira olmaydi. Buning o‘rniga ular, bir nechta boshqa korxonaga asos soladi. Taksi xizmatida ham shu ahvol. Bitta yirik kompaniya umumiy soliq yuklamasidan qochish maqsadida, 100 kishilik 18ta kompaniyaga asos soladi», — degan tadbirkor.

To‘qimachilik sohasi vakillari esa, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini bojxona bojlarisiz Turkiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni so‘rab, hukumatga murojaat yo‘llashgan. Shuningdek, ular soliq va bojxona imtiyozlariga kiritilgan mahsulotlar ro‘yxatini oshirishni so‘rashmoqda.

Grand Eco Product muassisi Murodxon Jo‘raev issiqxona xo‘jaliklari sonini tadbirkorlarga bog‘liq bo‘lmagan omillar vositasida qisqartirish masalasiga e’tibor qaratgan.

«Gap tabiiy gazning umuman yo‘qligi, elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida bormoqda. Axir bular hosilning nobul bo‘lishiga olib keladi». Bunday uzilishlar uchun odatda hech kim mas’ul emas. U, shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini qayta tashkil etish va iqtisodiy islohotlar ijrosini nazorat qiluvchi kengashni tuzish g‘oyasini ilgari surgan.

Newmax Technologies hammuassisi va MyTaxi rahbari Akmal Payzievning qayd etishicha, O‘zbekiston elektron tijorat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga internet-ekvayring (internet do‘konlardan mahsulot xarid qilish imkoniyati) bilan bog‘liq kamchiliklar imkon bermayapti.

«Biz Visa i MasterCard xalqaro to‘lov kartalarini qabul qila olmaymiz… Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar o‘z bank kartalaridagi pullarini sarflashni xohlashadi. Ammo, barcha umumovqatlanish va sayyohlik nuqtalarini bu kabi terminallar bilan ta’minlash serxarajat va murakkab vazifa ekanini hisobga olsak, bu muammoni ilovalar vositasida hal qilish mumkin edi».

Click mobil banking tizimining IT va telekommunikasiyalar bo‘yicha maslahatchisi Aziz Rahimov elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni «yangilash»ni taklif qilgan.

«Ikki yil avval, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi. O‘tgan yili uning tartibi ma’qullandi... Bu davr mobayniida, qonunning qaysi bandlari biznesga yordam beradi, qaysilari halaqit beradi, aniqlab bo‘lishdi. Biz bankka borsak, u erda yangi me’yorlardan tubdan farq qiluvchi, 1992 yilda yozilgan ko‘rsatmalar hamon amalda», - degan Rahimov.

SSP rahbari Alisher Shayxov, bir hafta ichida elektron tijorat to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlarni yangilash bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilishini aytgan.

Uchrashuvda hukumat va biznes vakillari davlat-xususiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni hal etishga tayyorliklarini ta’kidlashgan hamda har bir masalani chuqurroq o‘rganish uchun tor doiradagi maxsus uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Tadbirkorlikka g‘ov bo‘layotgan muammolar: konvertasiya, naqd pul muammosi...