03:23 / 22.01.2017
4 742

O‘zbekiston Prezidenti Shumanay tumanida 2-3 yilda keskin o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidladi

O‘zbekiston Prezidenti Shumanay tumanida 2-3 yilda keskin o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidladi

Shumanay tumani Qoraqalpog‘istonning eng olis tumanlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududga tashrifi chog‘ida ushbu tumanda bo‘lib, uni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar bilan tanishdi. Prezidentimiz ishtirokida kichik biznes sub’ektlari vakillari, fermerlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ham tadbirkorlikni rivojlantirish mavzusi davom ettirildi, deb yozadi Kun.uz sayti.

"Qoraqalpog‘istonning hamma tumanlariga ko‘p kelamanu, lekin Shumanayga ko‘proq kelganim - haqiqat. Nega desangiz, Shumanay markazimizdan uzoqroq, sharoiti ham og‘irroq. Tizim va rejalarimiz natijasida mana Shumanayda ham o‘zgarishlar bo‘lyapti, haqiqatda sezilyapti. Agar ertangi kunimizni tasavvur qilamiz desak, Sho‘manayda ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlasak, tumanimizda hamma sohalar bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘ladi. Nega desangiz, tadbirkor ham o‘zini boqadi, ham xalqni boqadi, ham davlatga madadkor bo‘ladi.

Men "Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham boy bo‘ladi", deb bejiz aytmadim. Nima uchun xalq qabulxonalarini yo‘lga qo‘ydik? Odamlar bilan muloqot qilish uchun. Nima uchun xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qildik? Chunki agar biz xalq bilan muloqot qilmasak, ularning manfaatini bila olmaymiz.

Sizlar - kelajagimiz zaminisizlar. Bu birovga yoqadimi, yoqmaydimi, bolalaringiz, do‘stlaringizdan siqib, pullaringizni qo‘yib, ham o‘zlaringiz, ham tumandagi odamlarga ishchi o‘rinlar yaratganingizning o‘zi - ulug‘ ish. Prokurorlar, ichki ishlar xodimlari, soliqchilar - bular hammasi sizlarga xizmat qiladi. Sizlarning yo‘lingizdagi to‘siqlarni yo‘q qilsak, buni ko‘rib yoshlarimiz ham sizlarga ergashadi.

Tadbirkor odam tadbirkor bo‘lmagan odamga nisbatan yaxshi yashaydi. Sizlar dunyoda nimalar ro‘y berayotganiga befarq odam emassizlar, shuning uchun natijaga erishyapsizlar. Shu munosabat bilan hammangizga rahmat demoqchiman. Kelajakka ishonib-inonib, orqaga qaramay, ishlashingiz kerak - mana shunday vaqt keldi.

Shumanay tumanida Xudo xohlasa, 2-3 yilda keskin o‘zgarish bo‘ladi. Bugungi erishgan marra ertaga marra emas. Katta-katta marralarni ko‘zlash kerak, katta loyihalar ustida ishlash kerak. Siz tadbirkorlar birlashib, o‘zingizning Shumanay tumani taqdiriga befarq bo‘lmasdan hamjihatlikda harakat qilsangiz - ana shunda natija bo‘ladi. Hammangizga mana shunday astoyidil ishga kirishganingiz uchun minnatdorchilik bildirib, oilaviy tinchlik, sixat-salomatlik, nimaiki niyatlaringiz bo‘lsa, barchasi amalga oshishini tilayman", - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi davlatimiz rahbari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Prezidenti Shumanay tumanida 2-3 yilda keskin o‘zgarishlar bo‘lishini ta’kidladi