12:15 / 14.11.2016
6 509

Xaloskorini ko‘rish uchun minglab chaqirimdan suzib keladigan pingvin

Xaloskorini ko‘rish uchun minglab chaqirimdan suzib keladigan pingvin

Bundan bir necha yil muqaddam braziliyalik Joau Pereyra Souza ismli erkak Rio-de-Jeneyro yaqinidagi sohil qoyalarida tanasi neft bilan qoplangan va harakatlanishga qurbi qolmagan Magellan pingviniga duch keladi. Pingvin ochlikdan sillasi qurigan, najotsiz va o‘lim yoqasida edi, deb yozadi "Terabayt" sayti.

Souza darhol pingvinni qutqarishga kirishadi: uni uyiga olib kelib, tanasini neftdan tozalaydi, hafta mobaynida pingvinni baliq bilan boqib, parvarish qiladi. Erkak jonivorga Dindim deb laqab qo‘yadi. Dindim kuch yig‘ib, salomatligini o‘nglagach, Souza uni yana tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboradi. Biroq pingvin xaloskorini tashlab ketishdan bosh tortadi. Faqatgina 11 oydan keyingina badanidagi patlar to‘liq to‘kilib, yangilandan keyin Dindim ochiq ummonga qarab suzib ketadi…

Navbatdagi uchrashuv bir necha oydan keyin ro‘y beradi. O‘z xaloskorini sohilda kutib turgan pingvin, uni ko‘rgach shodon tovush chiqargan holda erkakning ortidan ergashadi. Bu gal Dindim Souzaning uyida yana bir necha oy mehmon bo‘ladi. Shundan beri pingvin har yili muntazam xaloskorini ziyorat qilish uchun minglab chaqirimdan suzib keladi. Souzaning aytishicha, Dindim iyun oyida uning oldiga suzib keladi va fevralda yana ortiga qaytadi.

Zoologlarning fikricha, Dindim o‘z turdoshlari yashaydigan Argentinaning Patagoniyasiga suzib borarkan. Ushbu manzil Rio-de-Jeneyra sohillaridan taxminan 5000-8000 ming km uzoqlikda joylashgan.

Dindim Souzaning eng yaqin do‘stiga aylangan, pingvin uning qo‘lidan ovqatlanadi, xaloskorini ko‘rganda dumini qimirlatib, xursandligini bildirish uchun shodon tovushlar chiqaradi.

Magellan pingvinlari pingvinlarning kamyob turi hisoblanadi. Ularni birinchi bo‘lib Janubiy Amerika qit’asida Fernan Magellan aniqlagani bois ushbu turdagi pingvinlar uning sharafiga nomlangan. Hozirda jahonda 1,8 mln juft Magellan pingvinlari mavjud, 15-20 yil umr ko‘radi. Shuningdek, bunday pingvinlar o‘zining vafodorligi bilan ham mashhur: o‘z juftini tanlagach unga butun umr sodiq qoladilar.

Ushbu real voqea yaxshilik, mehr va ishonch insoniyat uchun naqadar muhimligini isbotlaydi. Sadoqat va vafoning bebaholigini yana bir ko‘rsatib beradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xaloskorini ko‘rish uchun minglab chaqirimdan suzib keladigan pingvin