01:40 / 02.12.2016
8 173

Nega ko‘nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo‘lishni istamayapsiz?

Nega ko‘nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo‘lishni istamayapsiz?

Sarlavhaga ko‘zingiz tushishi bilan qachondir hayotingizda sodir bo‘lgan yoki hozir ham mavjud muammoni esladingi-zu, etingiz uvishdi. To‘g‘ri-da, axir er-xotin munosabatlarida jinsiy yaqinlikning ahamiyati katta. Ammo aynan shu masalada juftingizni yoqtirmay qolsangiz-chi? Aksiga olib, unga buni tushuntirolmasangiz yoki «befarqlik», «o‘zgarib» qolganlikda ayblanib, jazolansangiz... Xo‘sh, nega shunday bo‘ladi? Nega ko‘nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo‘lishni istamayapsiz? Buning sababi nima? Keling, echimini topishga urinib ko‘ramiz.

Ortga qaytamiz...

Xushingizni o‘g‘irlagan juftingizni qaysi xislatlari uchun sevib qolgansiz? «Ko‘rkamligi, hamisha o‘ziga qarab yurgani uchun» deb labingizni tishlamang. Bugun hammasi boshqacha bo‘lsa, bunga faqat o‘zingiz sababchisiz. Ko‘zguga qarasa, «Kimga yoqmoqchisiz?» kabi piching qilaverib, mana, shahzodangizni soch-soqoli o‘sgan erkakka aylantirdingiz. Shu holatda sizga yaqinlashsa, albatta, rad etasiz-da.

Nimadan norozisiz?

Yaqinlikdan nima qaytarayapti, qappaygan qornimi yoki undan kelayotgan noxush hid? Javob berishga iymanayotgan bo‘lsangiz, bu ham sizning muammongiz ekanligini bilib qo‘ying. Qorin qo‘yishiga olib kelmang edi. Qomatingiz uchun parhezlarni axtaravermay, «Begim to‘lishib ketayapsiz, mashq qilib turing» desangiz, asakangiz ketmasdi. Yoki yaqinlik qilishdan avval xushbo‘y atirlardan foydalanishni o‘rgating edi, ayollik makringizni ishga solib. Axir uddalardingiz. «Sizdan taralayogan iforni juda yoqtiraman» tarzida.

«Asal oyi» tugadi, deysizmi?

To‘ydan keyingi birinchi yil davomida jinsiy yaqinlik ikkingiz uchun ham istalgan edi. Juftingizning erkalovchi so‘zlaridan o‘zingizni dunyodagi eng baxtli ayol bilardingiz. Endi-chi? «Erkalamaydi», «qo‘rs», «faqat o‘zini o‘ylaydi» deysiz. O‘ylab ko‘ring, qachondan beri shunday? Balki bunga biror holat sabab bo‘lgandir? Ehtimol turmushdagi muammolarni yotoqqa aralashtirib, ehtiroslarning so‘nishiga olib kelgandirsiz. SIZ deyayotganimizga ranjimang. Chunki erkaklar yaqinlik vaqti boshqa masalalarga chalg‘ishni yoqtirishmaydi. Ayollarda esa aksincha.

U sizni xafa qilgan...

Ha, muammoning bu tomoni ham bor. Odatda erkakning biror nojo‘ya harakati, xatosi yoki qattiq ranjitishi tufayli unga nisbatan qiziqish so‘nadi. Ayniqsa, ayolini haqorat qilsa, kamsitsa yoxud oyoqosti qilsa, hissiyotlar sekin-asta yo‘qolib boradi. Bu ayolning ruhiyatiga qattiq ta’sir etishi bilan og‘riqlidir. Aynan shu holatlarning tez-tez takrorlanishi yaqinlik borasida muammolarni paydo qiladi.

Agar bu holat sizga tanish bo‘lsa, juftingiz bilan suhbatlashing. Muomala-munosabatidan norozi ekanligingizni bildiring. Bunga haqqingiz bor! Shunga yarasha o‘zingiz ham munosabatingizni o‘zgartiring. O‘zgarishlarni siz boshlab bering, u ham ortingizdan ergashadi.

Uyg‘unlikni paydo qiling...

10-15 yil ehtiroslarning so‘nishi uchun asos bo‘lolmaydi. Qaynona-kelin mojarolari, birin ketin farzandlarning tug‘ilishi – bular ham muhabbat alangasini so‘ndirmasligi lozim. Istasangiz, «asal oyi»ni qaytara olasiz. Ammo buning uchun bir-biringizni eshitishni, tushunishni va sevishni o‘rganishingiz kerak. Bir-biringizning qiziqishlaringiz, fikrlaringizni hurmat qilish ham muhim. Siz «bog‘dan», u «tog‘dan» kelib tursa, uyg‘unlik qayerdan paydo bo‘lsin?

Muammolar hammada bor!

Eringiz juda sodda. Omadsiz. Puxta emas. Ehtimol sizni yaqinlikdan qaytarayotgan sabablar shulardir? Balki moddiy tomondan imkoniyatining cheklanganligi yoki boshqalarga o‘xshab, uddaburon emasligi tuyg‘ularingizni imtihon qilayotgandir? Xulosa qilish o‘zingizga havola, biroq o‘tkinchi narsalarni deb munosabatlarga darz ketkazish... Keskin fikr bo‘lsa ranjimang, ammo har bir omadli erkak ortida kuchli ayol turadi. O‘sha ayolga aylaning, ko‘rasiz, turmush o‘rtog‘ingiz qanday o‘zgaradi!

«Erni er qiladigan ham qaro er qiladigan ham xotin». Yuqoridagi fikrlarni o‘qigan bo‘lsangiz, nega aynan shu maqol bilan tugallayotganimizni tushundingiz. Munosabatlarga avvalgi ehtiroslarni qaytarishga hali ham kech emas. Salgina e’tiborli, salgina uddaburon bo‘ling. Gina-kuduratni unuting!


Shifokor-seksopatolog Dilmurod ERGAShEV tavsiyalari asosida Marjona tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega ko‘nglingiz sultonini seva turib, u bilan birga bo‘lishni istamayapsiz?