11:09 / 23.12.2016
7 241

Yangi yilgacha ulgurishingiz lozim bo‘lgan 20 yumush

Yangi yilgacha ulgurishingiz lozim bo‘lgan 20 yumush

Mana 2016 yilni tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. 31 dekabr sanasi yaqinlashgani sari qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Quyidagi 20 yumushni bajarib, bir yil orziqib kutgan bayramingiz ko‘ngildagidek o‘tishini ta’minlang. Omad yor bo‘lsin!

Qazrlardan qutuling

Yangi yil arafasida karz, berilgan va’da, umuman, ishingizni ortga surishi mumkin bo‘lgan yuklardan xalos bo‘ling. Shuningdek, kommunal to‘lovlarni ham to‘lashni unutmang!

Salomatligingiz haqida qayg‘uring

Anchadan buyon simillab turgan tishlaringizni davolating. Axir Yangi yil kechasi istaysizmi-yo‘qmi issig‘u sovuq taomlarni aralashtirishga to‘g‘ri keladi. Atrofdagilar o‘yin-kulgu qilib o‘tirganda “voy tishim”lab qolmay desangiz, bu ishni aslo kechiktirmang! Ko‘z nuri bilan bog‘liq muammolar kuzatilsa, mushakbozlikni yaxshiroq tomosha qilish uchun ko‘zoynak yoki kontakt linzalar sotib oling.

Sovg‘a xarid qilishni kechiktirmang!

Avval boshdan kimga, qanday sovg‘alar berishingizni rejalashtirib oling. Va fursatni boy bermay xaridga otlaning. O‘zingizga ma’lum, bayram arafasida ko‘ngildagidek sovg‘a topish muammo tug‘dirishi mumkin. Vaqtliroq harakat qilsangiz narx-navo ham hamyoningizga og‘irlik qilmaydi.

Parhezni boshlang.

Ayollar Yangi yilni yangi ko‘ylaklarda qarshi olishni xush ko‘rishadi. Egningizdagi ko‘ylak qomatingizga qolipday o‘tirishi uchun ortiqcha santimetrdan xalos bo‘lish kerakmi? Bugundan boshlab xamirli va yog‘li taomlardan voz keching. Shirin, sho‘r va achchiq mahsulotlardan ham ehtiyot bo‘ling.

Dam olishni rejalashtiring

Yangi yilning ilk kunlarini xush kayfiyatda qarshilash uchun ko‘ngilli xordiqni rejalashtirib oling.

Kosmetolog qabuliga yoziling

Xonadoningizga kelgan mehmonlarni nafaqat shirin taomlar, mazali pishiriqlar, balki betakror ko‘rinishingiz bilan mahliyo qilishni istasangiz, xozirdan xarakatni boshlang. Kosmetolog xuzuriga borishga, albatta, vaqt ajrating. Kunlar salqin bo‘lganligi bois kimyoviy piling, mezoterapiya yoki yuzni tozalash muolajalari ayni muddao.

Hayrli ishlarga oshno bo‘ling

Oila a’zolaringiz va atrofingizdagilarga Yangi yil kayfiyatini tuyishiga ko‘maklashing. Do‘stlaringiz bilan maslahatlashib mehribonlik uyidagi kichkintoylarga shirinliklar, sovg‘alar ulashing. Ishoning bundan nafaqat bolajonlar, balki o‘zingiz ham bir olam zavq va quvvat olasiz. Anchadan buyon betob bo‘lgan tanishlaringizni yo‘qlang. Keksalarning ko‘nglini ko‘taring.

Dori-darmonlarni g‘amlab qo‘ying

Inson ko‘z o‘ngida to‘kin dasturxon, turli nozu ne’matlar turganida me’yoridan ortiq taom tanovul qilib yuboradi. Behosdan kuyib qolishi, yoki bosh og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin. Shu sababdan dori-darmon qutingizni yana bir bor tekshirib, kamchiliklarini to‘ldirib qo‘ying. Axir dorixona xodimlari ham dam olishga xaqli.

Tabassumingiz ko‘zni qamashtirsin

Buning uchun esa tishlaringizni lazer yordamida oqartiring. Muolaja 15 daqiqadan 35 daqiqagacha vaqtingizni olishi mumkin. Undan so‘ng, albatta, dugonalaringiz bilan bir piyola choy ustida ko‘rishib, yangiliklardan xabardor bo‘ling.

Bozorlik uchun eng qulay payt

Garchi shodiyonaga bir haftadan ortiqroq vaqt qolgan bo‘lsada, mayonez, konservalangan sabzavotlar, un kabi muddati o‘tmaydigan mahsulotlarni g‘amlab qo‘yavering.

Navbat archaga

2017 yil archa yasatishda ko‘k, siyohrang, yashil va tilla rang o‘yinchoqlar urfga kirishi ta’kidlanmoqda. O‘tib ketayotgan 2016 yildan eng yorqin xotira qolishi uchun bezatgan archangizning atrofida suratga tushing.

Bolajonlarni teatr tomoshasiga olib boring

Mana qishki ta’til kunlari ham boshlandi, farzandlaringiz vaqtini maroqli o‘tkazishlari uchun imkoniyatlar etarli. Birinchi navbatda, ularga she’r, qo‘shiq, topishmoq, tez aytishlar o‘rgating. So‘ng o‘quv yilini yaxshi boshlab olganlari, choraklarni a’lo bahoga tugatganliklari uchun ularni rag‘batlantirib, turli tomoshalarga olib boring.

Yangi ko‘ylak sotib oling

2017 yilning ilk kechasi uchun modeler-dizaynerlar yosh qizlar uchun tizza uzunligidagi, o‘rta yoshdagi ayollar uchun esa uzun ko‘ylaklarni tavsiya etishmoqda. Shuningdek, bu oqshom uchun qizil, yashil, biryuza, yorqin rangdagi ko‘ylaklar ayni muddao bo‘ladi.

Sochingizni bo‘yating

2017 yilni o‘zgacha ko‘rinishda kutib olishga qaror qilgan bo‘lsangiz, birinchi navbatda sochlaringizga e’tibor qarating. Uni bo‘yang, kestiring va shakl bering. Bu ishlarning barini bayramdan bir hafta avval bajarilgani maqsadga muvofiq. Mabodo, rangi ko‘ngildagidek chiqmay qolsa, ochartirish va qayta bo‘yash uchun vaqt etarli bo‘lishi lozim-da.

Qorbobo va Qorqizni taklif qiling

Bayram oqshomi “Qorbobojon qaydasan” deb izlab yurishni istamasangiz avvaldan buning choralarini ko‘rib qo‘ying. Agar o‘zingiz yoki yaqinlaringiz bu vazifani bajarishga qaror qilsangiz maxsus kiyimlarga buyurtma berish yodingizdan chiqmasin.

IP televideniega ulaning

Chunki sevimli ko‘rsatuvingizni ko‘ra turib bir muddat chalg‘ishga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, qaytganingizda davomidan ko‘rishni istasangiz endi buning ham imkoni bor.

Uylarni tozalang

Mana uy tozalashga ham navbat keldi. Yilning birinchi kuni qanday boshlansa, shunday davom etadi, degan naqlni hammamiz eshitganmiz. Shuning uchun uyni “yog‘ tushsa yalagudek” qilib tozalashga kirishing.

Xonadoningizni bezating

Kecha uyingizni tozaladingiz. Shu sababdan bayramga bugun uni bezatishga kirishsangiz ham bo‘ladi. Derazalarga tish pastasi yordamida qorbobo va qor qiz suratini chizing, parda va javonlarga yangi yil tasmalarini ilib chiqing. Shuningdek, dasturxon, sochiq va idishlaringizni bir bor ko‘zdan kechiring.

Eng totli taomlarni pishiring

Bayram taomnomasini allaqachon tuzib qo‘yginingizni bilamiz. Dasturxonimni antiqa va mazali taomlar bilan bezataman desangiz, sevimli gazetangiz siz uchun maxsus tayyorlagan reseptlaridan foydalaning. Pishiriqlaringiz orasida, albatta, “tilaklar pechenesi” ham bo‘lsin.

Bu kunni o‘zingizga bag‘ishlang

Erta tongdan salqigan qovoqlarga ko‘k choyli muz bo‘laklarini qo‘ying. Yuz niqobini dasturxon tuzashdan avval yuzingizga surtib olsangiz vaqtdan yutasiz. Endi pardozga kirishsa ham bo‘ladi. Bu ishda ham me’yor va chegarani aniqlab oling. Sochni turmaklatish uchun go‘zallik saloniga borishga vaqtingiz bo‘lmasligini bilamiz. Yoningizda fen, soch dazmoli va soch uchun lak bo‘lsa kifoya, o‘zingizga yoqqan turmakni tanlab, qadamma-qadam amalga oshiring. Yakunida manikyur ham yodingizdan chiqmasin.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yangi yilgacha ulgurishingiz lozim bo‘lgan 20 yumush