22:36 / 05.01.2017
14 108

Zinoning “zamonaviy” turi

Zinoning “zamonaviy” turi

Anchadan beri ko‘rmagan tanish ayolni uchratib qoldim. Salom-alik, hol so‘rashishlar mobaynida ayol xotirjam ravishda:
— Oilam buzilib ketdi… Xudoga shukr, erimdan qutuldim… — dedi. Hayron bo‘lib sababini so‘radim. Axir, qirqqa borib qolgan, qizi bo‘yga etib uzatiladigan, o‘g‘lining mo‘ylovi sabza urib turgan bir paytda, oilasining barbod bo‘lganini faxr bilan tanishiga gapirayotgan oliy ma’lumotli ayolning xotirjamligi har qanday odamni hayratga soladi-da. Xullas, ayol erinmay erining ustidan mag‘zava quya boshladi. Indamay eshitib turaverdim. Bir paytlari shu ayni kezda erini yomonlayotgan ayol uning toparmon, uddaburronligini maqtardi. Endi esa…
Sal o‘tmay ayolning telefoni «SMS» xabari kelganini bildirib kuy chaldi. Shosha-pisha telefoniga ko‘z yugurtirgan tanishimning chehrasi yorishib ketdi:
— Sobiq sinfdoshim. «Odnoklassniki.ru» saytidan topib oldim. Biz maktabda o‘qib yurgan kezlarmiz sevishardik… Buni qarang-ki, «odnoklassniki»dan topishganimizda, u meni haliyam sevishini aytdi. Muhabbatimiz so‘nmagan ekan. Yigirma besh yildan beri haligacha bir-birimizni sevar ekanmiz… U meni nikohiga olmoqchi, lekin xotinidan istihola qilyapti chog‘i… Uning gaplarini eshitib oilasi

“Odno” degan dajjolning qilg‘iliklari

Tufayli buzilib ketganini chamalab ulgurdim. Afsuski, hozirgi kunga kelib internet saytlari orqali sobiq sinfdoshi, kursdoshi bilan topishib olayotganlar yoxud virtual tanishuvlar sababli buzilib ketayotgan oilalar ajralishlarning ko‘pchiligini tashkil etadi. Bu hol yosh oilalar qolib, o‘n besh-yigirma yillik ro‘zg‘orlarda ham uchrayotgani ko‘ngilga og‘riq soladi.

— Ajrashishlarning aksariyatiga xiyonat sabab bo‘lyapti. Bu borada ayollar etakchilikni qo‘lga olishgan, — deydi huquqshunos Amrullo AHMEDOV. — Bir kuni qabulimga bir erkak keldi. Cho‘kib, sinib qolgan. Na yurgan yo‘lini, na o‘tirgan joyini biladi. “Xotinimning menga xiyonat qilishi, allaqanday erkak bilan uzzukun telefonda gaplashishi haqida yaqinlarimdan eshitardim-u, to‘g‘risi ishongim kelmasdi. Axir uchta gulday farzandimiz bor! Nahotki, ayolim shunday razillikka borsa, deb o‘ylardim. Bir kuni ish bilan chiqib ketyapman, deb uydan sal chetroqda xotinimni poyladim. Afsus… Gap-so‘zlar haqiqat ekan… O‘lasi qilib do‘pposlagandim, xotinim o‘ynashi bilan telefonidagi internetmi bir balo orqali tanishib qolganini aytdi… O‘t tushsin dedim, shu telefonni chiqarganga ham, internetiga ham… U bilan o‘lsam ham yashamayman, bolalarimni ham bermayman unga. O‘zi tarbiyaga muhtoj ona bola tarbiyalashga loyiq emas!..” — deya ko‘zlarini yashirishga urindi u.
Erkak, shunda ham mardlik qilyapti: “Iltimos, shunday qilingki, men sud majlisida xotinimning xiyonatini aytmayin. Buning iloji bormi? Masalan, kelisholmay qoldim, deb ajrashsam bo‘ladimi?..”

Erkak yuragi zardobga to‘lib turganida ham oilasining sha’ni, farzandlarining taqdirini o‘ylab xotinining xiyonatini yashirishga urinyapti ekan. O‘sha sharmisor ayol-chi, u ayol nomiga isnod, onalikka noloyiq ekanini anglayaptimikan?..
— Qaynegachim «odnoklassniki.ru» saytidan sobiq kursdoshini topib olibdi, — deydi tanish juvon istehzo bilan. Talabalik davrlarida sevishgan emishlaru, qaynotam qizini uzoq viloyatga uzatmagan ekan. Endi qaynegachim kap-katta xotin, uch bolaning onasi bo‘la turib allaqayoqdagi kursdoshi bilan tunu kun yozishadi. Yana uyalmay netmay biznikiga kelganida, “Kursdoshimning gaplarini sog‘inib qolaman. Hozirgacha meni unutmabdi-ya, haliyam sevar ekan” deydi. Eshitgani odam xijolat tortadi uning gaplarini…
Turmushi buzilgan yoki buzilish arafasida turgan ayollarning aksariyati bir xil sharmisorona “qo‘shiq”ni kuylashadi:
— Erimda ko‘nglim yo‘q. Bir paytlari u meni sevardi. Hozir men umuman esida ham yo‘qman. Axir men ham ayolman, erimning erkalashini, mehr berishini istayman…

O‘zbek ayoli – fidoiylik timsoli!

O‘zbek ayoli qaysi til, qaysi yuz bilan shunday sharmandali iqrorni aytishadi ekan?! O‘zbek oilasida er-xotinlik munosabati romantika emas! Bizda turmush qurgan juftlar hind kinolaridagiga o‘xshab qo‘shiq aytib, raqsga tushib tog‘laru gulzorlarda aylanib yurishmaydi, aksincha bir-biriga chidab, ko‘nikib, moslashib yashaydilar! Ayniqsa, bu borada ayol kishidan erkakka nisbatan ikki hissa ko‘p mas’uliyat talab etiladi. Ayol kishining ancha-muncha xatosi kechirilmaydi va bu xatolar kelgusida farzandlar taqdiriga ham daxl qiladi. Oilada eridan sevgi-muhabbat, oshiq-ma’shuqlik o‘yinlarini talab qiladigan xotinlar esa, oila mas’uliyatini va sharmu hayo hissini tamoman unutganlardandir. Undaylarga oila sha’ni, erkakning nomusi, ori, farzandlar kelajagi bir pul. O‘zlarining xudbinligi, behayoligi, tiyiqsizligini mehrtalablik bilan izohlashadi. Ayol kishining xiyonatini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi va kechirib bo‘lmaydi.

Ayrimlar, “internet orqali sobiq sinfdoshlari, kursdoshlarini izlab topish, ular bilan gaplashish, munosabat o‘rnatish ham zinoga kirar ekanmi?” deb ensa qotirishlari mumkin. Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, jufti halolining nikohida bo‘la turib, o‘ziga nomahram erkakka shirin so‘zlardan tizib maktub yo‘llash yo u bilan muloqotda bo‘lish, undan iltifot kutish, ataylab ehtirosni qitiqlaydigan gap-so‘zlar bilan nimagadir shama qilish ham — ZINONING BIR TURI! Maqsad — kimgadir yoqish, kim bilandir shahvoniy istak yo‘lida muloqotda bo‘lish. Ayol kishining esa nomahram erkaklarni zinoga jalb etishi — fohishalik. Oilali fohishalarning qilmishlari hech qanday holatda oqlanmaydi!

“Oila va farzandlar o‘yinchoq emas!”

— Yoshlar oilaga yengil-elpi qarab, arzimagan bahonalarni ro‘kach qilib oilasini buzib yuborishyapti, — deydi Toshkent shahridan qo‘ng‘iroq qilgan onaxon mushtariyimiz. — Ayrimlari oilasining buzilganini erining xiyonatkorligi bilan izohlashadi. “Erim xiyonat qildi, boshqasi bilan uni tutib olgandim, men ham o‘chimni oldimu boshqasi bilan yurib, ajrashib ketdim” deydi, go‘yoki qilmishidan faxrlangandek. Shundaylarni ko‘rganimda, ular haqida eshitganimda o‘zimning hayotimni ko‘z oldimga keltiraman. Cholim yoshligida ko‘p kuydirgan meni. Yashirincha xiyonat qilish nari tursin, buzuq ayollarni uyga olib kelardi… O‘ch olish qayda, unday narsalarni xayolga keltirish qayda, hattoki ajrashib ketishga ham or qilganman. Turmushidan ajragan ayolga hamma yomon ko‘z bilan qaraydi. Ota-onamning, jigarlarimning obro‘si nima bo‘ladi, bolalarim ulg‘ayib odamlarga qo‘shilishi kerak, deb erimning har qanday qilig‘iga chidagandim. Hozirgilarga nima bo‘lyapti, hayronman, oila, turmush, farzandlar taqdiri zamonamiz yoshlari uchun o‘yinchoqqa aylandiyov…

Internet, mobil aloqa kabi uzoqni yaqin qiladigan narsalarning borligi yaxshi, albatta. Taraqqiyot, rivojlanish mahsuli hisoblanadi bu kabi “mo‘’jiza”lar. Ammo dunyo tamaddunining bunday mahsulotlariga lug‘atimizdan “odob”, “andisha”, “vafo”, “sadoqat”, “insoniy fazilatlar” degan so‘zlarni haydab chiqarish, ayrim yurtdoshlarimizning o‘zligini unuttirish vakolati berilmagan-da. Yo siz boshqacha o‘ylaysizmi?


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Zinoning “zamonaviy” turi