13:03 / 26.02.2015
6 421

Paralimpiya: Uch nafar o‘zbekistonlik dzyudochi dunyo reytingida peshqadamlik qilmoqda

Paralimpiya: Uch nafar o‘zbekistonlik dzyudochi dunyo reytingida peshqadamlik qilmoqda

O‘zbekiston dzyudo ustalari Odiljon Tulendiboyev (+100 kg.), Nurbek Berdiyorov (-66 kg.), Sherzod Namozov (-60 kg.) Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi (International Paralympic Committee) hamda Butunjahon ko‘zi ojiz sportchilar Assosiasiyasi (International Blind Sport Association) reyting tasnifiga ko‘ra o‘z vazn toifalarida peshqadamlik qilishmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Bundan tashqari Feruz Sayidov (-73 kg.), Shirin Sharipov (-100 kg.), Shuxrat Boboyev (-90 kg.), Gulrux Raximova (-70 kg.), Sevinch Salaeva (-52 kg.) kabi dzyudo ustalarimiz ham dunyo reyting jadvalida kuchli o‘ntalikdan joy olishgan.

Sportchilarimiz reyting ochkolarining aksariyat qismini 2014 yili AQShda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati hamda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroklari orqali qo‘lga kiritishgan.Bundan tashqari dzyudo ustalarimiz qator Gran-Pri turniri va nufuzli xalqaro turnirlarda ham ko‘plab sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.

«Ma’lumki, sportning qator turlari kabi dzyudo kurashida Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi (IPC) va Butunjahon ko‘zi ojiz sportchilar Assosiasiyasi (IBSA) reyting tasnifida har bir vazn toifasida 1−10-o‘rinlarni band etgan sportchilarga beriladi. Ya’ni, Jahon va Osiyo chempionatlari, shuningdek, Paralimpiya o‘yinlarining reyting ochkolari o‘ynaladigan qator nufuzli musobaqalarda jamg‘arib borilgan ochkolar 2015 yilning 31 dekabrida sarhisob qilinadi va har bir vazn toifasida kuchli o‘ntalikdan o‘rin egallab, Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan sportchilar nomi e’lon qilinadi. Quvonarlisi, bugungi kunga kelib 8 nafar sportchimiz o‘z vazn toifalarida kuchli o‘ntalikda borishmoqda. Umid qilamizki, sportchilarimiz Paralimpiya o‘yinlarining reyting ochkolari o‘ynaladigan navbatdagi musobaqalarda ham o‘zlariga bildirilgan ishonchni a’lo darajada oqlashadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, biz ushbu ko‘rsatkich bilan kifoyalanib qolmoqchi emasmiz va nasib etsa Braziliyada o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan dzyudo ustalarimiz safi yanada kengayadi», – deydi O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasi bosh kotibi Omon G‘ofurov.

Joriy yilning may oyida Seul shahri (J.Koreya)da Butunjahon ko‘zi ojizlar o‘yinlari o‘tkaziladi va mazkur musobaqalar Paralimpiya o‘yinlarining reyting ochkolari o‘ynaladigan eng yirik bellashuvlar hisoblanadi. Bundan tashqari dzyudochilarimiz reyting ochkolari o‘ynaladigan qator xalqaro turnirlarda ham ishtirok etib, dunyo reyting jadvalidagi mavqeilarini yanada yaxshilab borish imkoniyatiga egalar.

«Bugungi kunda bo‘lajak musobaqalarga har tomonlama puhta hozirlik ko‘rishimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, − deydi dunyo reyting jadvalida peshqadamlik qilayotgan dzyudochilarimizdan biri Sherzod Namozov. − Xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatlarimiz salmog‘ini yuksalib borishining asosiy omili Davlatimiz va xukumatimiz tomonidan O‘zbekistonda Paralimpiya xarakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning va amalga oshirilayotgan sa’y-xarakatlarda deb bilaman. Bizga bildirilayotgan ishonch va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarga javoban biz ham qanday darajadagi musobaqalarda ishtirok etishimizdan qat’iy nazar zafarli odimlarni davom ettirish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz».

Manba: www.daryo.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Paralimpiya: Uch nafar o‘zbekistonlik dzyudochi dunyo reytingida peshqadamlik qilmoqda