11:11 / 07.09.2016
5 746

Babayan: “Biz bugun yurakdan o‘ynadik. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi”

Babayan: “Biz bugun yurakdan o‘ynadik. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi”

O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh-2018 saralashi doirasida Qatarga qarshi safarda kechgan va 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinidan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yin borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Barchaga xayrli kech. Mamlakatimiz og‘ir judolikka yuz tutdi. Butun xalqimiz hozirda motamda. Biz bugun yurakdan o‘ynadik. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emasdi.

O‘yindan avval o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tganimdek, biz Qatar terma jamoasini juda yaxshi o‘rganib chiqqandik va og‘ir o‘yin bo‘lishini bilgan holda, unga tayyor edik. Bu erdagi ob-havo sharoiti qanday ekanini ham bilar edik. Shuning uchun bizga kutilmagan voqelik yuz bergani yo‘q.

Bugun tartibli o‘yin namoyish qildik. Raqib ham juda tartibli himoyalanganini aytishim mumkin. Bugungi – taktik o‘yin bo‘ldi. O‘yinning ikkinchi qismida yaxshiroq harakat qila boshlaganimiz bejizga emas, biz buni rejalashtirgandik. Buning uchun bizda yaxshi zahira ham bor edi. O‘yin yakunida bizning jamoa yaratuvchanlik borasida kuchliroq bo‘ldi va gol ham shuning mahsuli edi. Vazifa g‘alaba qozonish edi va u bajarildi.

Biz guruh peshqadamiga aylandik. Bizning falsafamiz – navbatdagi har o‘yin eng muhimi. Har doim oldinda turgan o‘yinga e’tibor qaratamiz va faqat shu haqida o‘ylaymiz. O‘ylaymanki, mana shunday munosabat bilan biz Jahon chempionati orzusini ro‘yobga chiqara olamiz”, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.

Qayd etish kerakki, Samvel Babayan terma jamoa bilan 13 o‘yinda 12-g‘alabasini nishonladi.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u terma jamoa bosh murabbiylari orasida yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. Undan keyingi o‘rinda 7 o‘yinda 6 g‘alaba qozongan Mahmud Rahimov (bevaqt o‘limi tufayli terma jamoani boshqara olmagan) va 18 o‘yinda 13 g‘alaba qozongan Rustam Akramov bormoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Babayan: “Biz bugun yurakdan o‘ynadik. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi”