10:05 / 17.02.2015
15 398

Futbol tarixidagi eng tezkor gollar haqida

Futbol tarixidagi eng tezkor gollar haqida

Damen Morining eng tezkor gol muallifi sifatida Ginness rekordlari kitobiga kirganiga deyarli 20 yil bo‘ldi. Biz "Interfutbol" gazetasidagi ma’lumotlar asosida futbol tarixida kuzatilgan eng tezkor gollarni esga olamiz.

1,2,3... va gol!
Avstraliyaning «Edelaid Siti» klubi hujumchisi Dam¬en Mori 1995 yili Ginness rekordlari kitobidan eng tez urilgani sifatida joy olgan golga mualliflik qildi. Asli sloveniyalik bo‘lgan avstraliyalik hujumchi hakam start hushtagini chalgani hamono jamoadoshidan to‘pni qabul qilib, to‘g‘ri darvozani nishonga oldi. Uning zarbasi o‘ta kuchli chiqdi va darvozaga aniq bordi. Tabiiyki, hakam golni 1-daqiqaga qayd etdi. O‘yindan so‘ng esa maxsus mutaxassislar videoyozuvni tahlil qilib, to‘pning atigi 3,68 soniya ichida darvoza chizig‘ini kesib o‘tganini aniqlashdi. Tabiiyki, bu ro‘yxatga olingan mutlaq rekorddir!

Rekordni bo‘ysindirganlar
Damen Mori shundan keyin Evropada ham o‘ynadi, xususan, Menxengladbaxning «Borussiya» klubi sharafini himoya qildi. Avstraliya terma jamoasining sobiq hujumchisi hozir ortga qaytgan va o‘sha klubi - «Edelaid»da faoliyatining oxirgi bosqichini o‘tkaz-yapti. Biroq uning shuhrati ko‘plab futbolchilarga sira tinchlik bermayapti. Harqalay, har yili Morining rekordi yangilangani haqida xabarlar chiqadi. To‘g‘ri, bunga har doim ham real isbot ko‘rsatilmaydi. Biroq ayrim dalillar yo‘q emas. Misol uchun, braziliyalik Fredning San-Paulu yoshlar chempionatida o‘yin boshlanganidan keyin 3,17-soniyada gol urganini tasdiqlovchi videoyozuv bor. Urugvaylik Rikardo Oliveyraning goli xususida ham xuddi shunday deyish mumkin. U 1998 yili «Soriano» klubiga qarshi bahsda darvozabon o‘z joyini egallab ulgurmaganini payqab, to‘pni darhol uning ustidan oshirib, to‘rga yo‘llagandi. Lekin bu natijalar rekordlar kitobiga kiritilmagan. Demak, rasmiy rekord hamon Moriga tegishli.

Havaskorlar doirasida
Tezkor gollarga bog‘liq aksariyat faktlar havaskorlar yoki yarimprofessionallar turniriga bog‘liq. Biroq bularda to‘pning aynan necha soniyada darvoza to‘ridan joy olganligini aniqlash imkoni yo‘q ishdir. Yorqin misol tariqasida Angliya ligasida yoshlar o‘rtasidagi «Kous Sports»-«Istlayn» o‘yini boshida urilgan golni keltirish mumkin. Referi Jon Sorrell tomonidan to‘ldirilgan o‘yin qaydnomasiga ko‘ra, gol 2-soniyada urilgan. Biroq Mark Barrouzning amaldagi rekordni 1 soniyadan ko‘proqqa yaxshilaganiga ishonish qiyin. Ko‘pchilik bu borada bir xil fikrda: «Hakam shunchaki, futbolchini qo‘llab, u bilan birga tarixga kirishni istagan...» Ha, Ginness rekordlar kitobi qo‘mitasi Barrouzning natijasini tan olgan, ammo rekordni «Havaskorlar futboli» bo‘limida qayd etgan.

Qrimcha natija
Sobiq ittifoq hududida qayd etilgan eng tezkor gol ancha «yosh». Aniqroq aytsak, bir necha yil oldin Ukraina birinchi ligasi ishtirokchisi - «Krimteplisa» klubi vakili Roman Voynarovskiy «Remiks-Ilicheves» bilan o‘yinga start berilganidan atigi 3 soniya o‘tib, darvozani ishg‘ol qilgan. Bunda unga darvozabonning qo‘pol xatosi qo‘l kelgandi.

Ruscha rekord
Rossiya chempionatidagi eng yuqori natija nisbatan kamtarroq. Tabiiyki, bunda ajablanadigan tomoni yo‘q: turnir darajasi qanchalik baland bo‘lsa, unda antiqa ko‘rsatkichlar, aql bovar qilmas voqealar shunchalik kam kuzatiladi. Demak, Rossiya chempionatidagi eng tezkor gol muallifi - Aleksey Bichkov. U 1999 yili «Rotor» darvozasini 9-soniyada ishg‘ol qilgan va «Shinnik»ning g‘alaba qozonishiga yordam bergan. Bichkov shu bilan kelajak avlod uchun rekordni 1 soniya yuqoriga ko‘tarib qo‘ygan. Chunonchi, sobiq ittifoq futbolida eng tezkor gol o‘yinning 10-soniyasida kuzatilgandi. Unga «Qayrat» va Kiev «Dinamo»si o‘rtasidagi uchrashuvda mashhur hujumchi Evgeniy Pexlevanidi mualliflik qilgan. Oxirgi yillarda esa Rossiya chempionatida tezkor gollar kam uchrayapti. To‘g‘ri, Emenikening 2012 yili «Alaniya» darvozasiga yo‘llagan to‘pini aytish mumkin. Ammo uning rekorddan ancha yiroq ekanligini ta’kidlash joiz.

Eng yangi misol
Joriy mavsum «Bayer» yarim himoya¬chisi Karim Belarabi bundesliga tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylandi. 24 yoshli futbolchi jamoadoshi Sebastyan Byonishning to‘p uzatishidan unumli foydalanib, 7-soniyadayoq o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. E’tiborlisi, bu voqea bundesliganing 1-turi doirasida Dortmund «Borussiya»si maydonida sodir bo‘ldi. Mitchell Lanjerak darvozasining yaqin burchagiga tushgan to‘p «Borussiya»ga shu qadar salbiy ta’sir qildiki, jamoa haligacha o‘zini o‘nglab olgani yo‘q.
Makaayni eslab...
Albatta, jiddiy turnirlarda rekord o‘rnatish oson emas. Xususan, ChL yoki jahon chempionatida oniy lahzalarda hisobni ochish har kimga ham nasib etavermaydi. Buning uchun qandaydir mo‘’jiza yoki o‘ta kulguli xato zarur. ChL tarixidagi eng tezkor gol ham shunday holda qayd etilgan. Maydon markazidan tavakkaliga darvoza tomon kuchli zarba va golkiperning sira tushunib bo‘lmas xatosi. Qisqasi, 2007 yili «Bavariya» start hushtagi chalinishi bilan qanotdan keskin hujumga o‘tgan va gollandiyalik Roy Makaay «Roma» darvozasiga 11-soniyadayoq yo‘l topgan.

Shukurning 11 soniyasi
JChlar tarixidagi eng tezkor gol esa 2002 yili qayd etildi. Turkiya terma jamoasi Janubiy koreyaliklarga qarshi uchrashuv (3-o‘rin uchun) boshlanishi bilan markaz bo‘ylab hujum tashkil qildi va unga Hoqon Shukur samarali nuqta qo‘ydi. Bu lahzada o‘yinning 11-soniyasi o‘tib borayotgandi. Avvalgi yuqori natija Vaslav Mashekka tegishli edi. Uning 15-soniyada meksikaliklar darvozasiga yo‘llagan goli naq 40 yil rekord maqomida bo‘lib keldi. Shuni inobatga olib aytsak, yaqin orada Shukurning rekordi yangilanmasa kerak. Umuman olganda, bu borada baralla gapirish ham noto‘g‘ri. Axir futbol turli mo‘’jizalarga boy. Bunday mo‘’jizalar har qanday turnirda va har qadamda yuz berishi hech gap emas.

Manba: www.furkat.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbol tarixidagi eng tezkor gollar haqida