12:47 / 11.11.2016
6 955

Smartfon tanlashda nimalarga e’tibor qaratish lozim? (Prosessor)

Smartfon tanlashda nimalarga e’tibor qaratish lozim? (Prosessor)

Saytimiz o‘quvchilarining talablariga binoan smartfon tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan detallar haqida ma’lumot berib borishni lozim bildik. Smartfonlar bugungi kunda deyarli har bitta shaxsning beminnat yordamchisiga aylangan. Deyarli har birimiz har yili bo‘lmasa ham, bir necha yilda bir marta bo‘lsa-da smartfon xarid qilishimizga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, smartfon sotib olishda, birinchi navbatda, nimalarni hisobga olish lozim? Ushbu turkum maqolalarda aynan mana shu jihatlar borasida so‘z yuritamiz. Keling, turkumni prosessorlardan boshlasak.

Prosessor

Smartfon xarid qilayotganda asosiy e’tiborni undagi prosessor imkoniyatlariga qaratish lozim. Bu xuddi avtomobil sotib olishga o‘xshaydi: avtomobil agar zarur quvvatdagi motorga ega bo‘lmasa, undagi dizayn, tejamkorlik va boshqa imkoniyatlarning samarasi kam bo‘ladi.

Ayni paytda bozorlarda narxi bir muncha arzon, hamyonbop smartfonlarga duch kelamiz. Biroq ularning ishlash samaradorligini to‘g‘ri anglash uchun mazkur smartfonlarga o‘rnatilgan prosessorlarning texnik parametrlari bilan tanishib chiqish kerak bo‘ladi.

Prosessor – bu har bitta smartfonning motori. Gadjetning qay darajada tezkor va chaqqon ishlashi aynan unga bog‘liq. Prosessor operasion tizimning faoliyati, tarmoq integrasiyasi, GPS, Wi-Fi, grafika va bir qator boshqa muhim funksiyalarning to‘g‘ri ishlashiga javob beradi.

Hozirda aksar smartfonlarga Qualcomm va Mediatek firmalari tomonidan tayyorlangan prosessorlar o‘rnatiladi (ayniqsa xitoylik ishlab chiqaruvchilarning qurilmalariga). Ta’kidlash kerak, har bitta smartfon ishlab chiqaradigan kompaniya o‘zining prosessor yaratish texnologiyasi ega emas. Boisi prosessor tayyorlash bag‘oyatda murakkab jarayon bo‘lib, jahonda sanoqli firmalargina bunday ish bilan shug‘ullanishadi. Faqatgina sohaning kuchli vakillari tayyorlanadigan smartfonlarning aksariyatiga o‘zlari yaratgan prosessorlarni joylashtirishadi (Apple, Exynos va Kirin)

Smartfon prosessorlari ARM firmasi tomonidan ishlab chiqilgan arxitekturadan foydalanadi.

a) Yadro nima?

Prosessordagi yadro uning samaradorligi, energiya sarfi va takt chastotasini belgilaydigan elementdir. Ko‘pincha qulog‘imizga ikki yadroli, to‘rt yadroli yoki sakkiz yadroli prosessor degan so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Keling, ushbu tushunchalarga biroz oydinlik kiritsak. Bizning tushunchamizda sakkiz yadroli prosessor to‘rt yadroli prosessorga qaraganda ikki marta kuchli. Biroq aslida ham shundaymi?! Yo‘q, aslida bunday emas. Prosessorlardagi yadrolarning ko‘pligi qurilmada bajariladigan jarayonlarni taqsimlash natijasida gadjetning ishlashini tezlashtirib beradi, xolos. Yadrolarning ko‘pligi, asosan, og‘ir fayllar va grafika bilan ishlashda qo‘l keladi. Shuning uchun agar siz smartfondan o‘yin o‘ynash, yuqori formatli tasvirlar bilan ishlash uchun foydalansangiz, u holda sakkiz yadroli prosessor bilan jihozlangan qurilmani xarid qilganingiz ma’qul. Agar smartfonni suhbat, internet-syorfing, elektron pochta va messenjerlarni ishlatish uchun xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, unda to‘rt yadroli gadjet sizning talablaringizga to‘liq javob bera oladi. Shu bois smartfon sotib olishda mana shu jihatlarni hisobga olganingiz ma’qul. Unutmang, prosessorda yadrolar qancha ko‘p bo‘lsa, uning narxi shuncha qimmat bo‘ladi.

b) Takt chastotasi nima?

Yadro bilan birgalikda prosessor haqida gapirilganda takt chastotasi degan tushuncha ham tez-tez tilga olinadi. Takt chastotasi smartfonning muayyan vaqt birligi (bir soniya) davomida qancha taktlarni qayta ishlash qobiliyatiga egaligini qo‘rsatadi. Misol uchun, chastotasi 1,7 GGs bo‘lgan prosessor bir soniya ichida 1 700 000 000 ta taktni bajarishi mumkin.

Chipning turi, amal va taktlarning soniga qarab bitta taktni bajarishga sarflanadigan vaqt farqlanishi mumkin. Oddiy qilib tushuntirsak, takt chastotasi qancha yuqori bo‘lsa, ishlash tezligi ham shuncha ortadi.

Sohaning tajribali vakillari Qaualcomm tomonidan yaratilgan prosessorlarga yuoqri baho berishadi. Mazkur firma prosessor (nafaqat smartfonlar uchun) tayyorlashda ko‘p yillik tajribaga ega. Funksiyalarning ishlashi ushbu firma chiplarida yaxshi optimallashtirilgan.

Demak, smartfon sotib olish chog‘ida yuqorida keltirilgan prosessor bilan bog‘liq omillarni hisobga olsangiz, nafaqat pulingizni tejab qolishingi, balki sizga uzoq muddat epchillik bilan xizmat qiladigan qurilmani ham tanlashingiz mumkin bo‘ladi.

Manba: Terabayt.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Smartfon tanlashda nimalarga e’tibor qaratish lozim? (Prosessor)