16:08 / 09.09.2016
8 877

Mirziyoyev: O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini davom ettiradi

Mirziyoyev: O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini davom ettiradi

O‘zbekiston bundan buyon ham hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari mamlakat hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarning O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozisiyasi bo‘lib qoladi. Bu haqida O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida ma’lum qildi, deb yozmoqda "Kun" nashri.

"Milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatimiz yaqin qo‘shnilari Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qoladi. Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federasiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi", - dedi Sh. Mirziyoyev.

Shu bilan birga Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston global va mintaqaviy muammolarni echishda muhim rol o‘ynaydigan Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorligi qayd etildi.

"Osiyo va Tinch okeani mintaqasida biz Yaponiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiyot, investisiyalar, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ustuvor darajada ahamiyat beramiz", - dedi Sh. Mirziyoyev.

O‘zbekiston uchun Evropaning etakchi davlatlari, avvalambor Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya, Markaziy va Sharqiy Evropa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik yanada rivojlanishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan an’anaviy ravishda yaqin qo‘shnichilik va do‘stona siyosat olib borishi aytib o‘tildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev: O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini davom ettiradi