15:51 / 27.09.2016
8 030

O‘zbekistonda Turkmaniston samolyotlari va vagonlari ta’mirlanadi

O‘zbekistonda Turkmaniston samolyotlari va vagonlari ta’mirlanadi

O‘zbekiston va Turkmaniston turkman temir yo‘llari yo‘nalish vagonlarini modernizasiya qilish va ta’mirlash hamda turkman aviayo‘llariga qarashli aviaparklar uchun o‘zbek korxonalarining xizmatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda "Kun" xabar bermoqda.

Toshkentda 26 sentyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston—Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi vaqtida transport sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, tranzit yuk tashish borasida o‘zaro imtiyoz va yengilliklar taqdim etish muhimligi, bu ularning hajmi ortishiga olib kelishi ta’kidlandi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda o‘zaro preferensiyalarni taqdim etish yo‘li bilan transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Toshkent vagonsozlik va ta’mir zavodi bazasida turkman temir yo‘llarining harakatdagi tarkibini modernizasiya qilish va ta’mirlash sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik hamda iqtiqbolli aloqalar qayd etildi.

Bugungi kunda tomonlar turkman vagonlarini Toshkent vagon qurish va ta’mirlash zavodida ta’mirlash hamda modernizasiya qilish imkoniyatlarini o‘rganishmoqda. Mamlakatlar bu yo‘nalishda dastlabki loyihani muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishgan", deyilgan Sputnik agentligi xabarida.

O‘tgan yili "O‘zbekiston temir yo‘llari" Turkmaniston temir yo‘l transporti vazirligi bilan 10ta vagonni sinov ta’miridan chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolagan va poytaxtdagi quyuv-mexanika zavodida shartnoma muvaffaqiyatli bajarilgandi. Hozirda tomonlar ko‘p miqdordagi turkman yuk vagonlarini ta’mirlash bo‘yicha muzokaralar olib borishmoqda. Xabarda aytilishicha, gap kamida 300ta vagon haqida bormoqda.

Bundan tashqari, Turkmaniston o‘z aviaparki, ayniqsa zamonaviy samolyotlarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqmoqda. Bunday hamkorlik uchun asos bor — joriy yil boshida Toshkentda Uzbekistan Airways va AQShning Boeing korporasiyasi MDHda birinchi bo‘lib samolyotlarning kompozision tarkiblarini ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha markaz tashkil etdi.

Markaz samolyotlarga barcha turdagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun kerakli texnika va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan Uzbekistan Airways Technics korxonasi bazasida faoliyat olib boradi. Bu erda yiliga xorijiy aviakompaniyalarning, asosan Rossiya va Qozog‘iston kompaniyalarining kamida 10ta samolyotiga texnik xizmat ko‘rsatiladi va ta’mirlanadi.

Shuningdek, qarz munosabatlari, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish, mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda shartnomaviy-huquqiy bazani rivojlantirish borasida hamjihatlikdagi siyosatni yuritish kabi masalalar ham yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgandi.

Ma’lumot uchun, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman qo‘shma komissiyasi 1996 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. So‘nggi yig‘ilish 2015 yilning 18−19 avgust kunlari Ashxobodda bo‘lib o‘tgan edi.

2015 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 319,7 mln dollarni, joriy yil yanvar-avgust oylarida esa 177,1 mln dollarni tashkil etdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda turkman tomoni ishtirokidagi 7ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyatidagi asosiy sohalar: savdo va xizmat ko‘rsatish, tekstil sohasi, qoplama materiallar va mebellar ishlab chiqarish sanaladi.

Turkmaniston hududida esa O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida sanoat mahsulotlarini turkman bozoriga eksport qilish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi 6ta korxona tashkil etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Turkmaniston samolyotlari va vagonlari ta’mirlanadi