11:47 / 14.10.2016
8 204

Shifokorga «Qo‘l haqi» berish kerakmi?

Shifokorga «Qo‘l haqi» berish kerakmi?

Inson uchun dunyoda sog‘likdan ortiqroq baxt, salomatlikdan ziyoda davlat yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin, biroz issig‘imiz chiqsa yoki boshimiz og‘rib, salgina shamollab qolsak, dunyo ko‘zimizga tor bo‘lib, qo‘limiz ishga bormaydi. Shunday paytlarda jonimizga oro kiradigan insonlar albatta qo‘li yengil shifokorlar bo‘ladi. Ularning g‘amxo‘rligi, jonkuyarligi sabab, tez fursatlarda tuzalib, yana yaqinlarimiz davrasiga qaytamiz. Kasal bo‘lganimizda bizdan baxtsiz, bizdan abgor odam bo‘lmaganidek, sog‘ayganimizdan keyin bizdan-da mamnun odamni uchratish qiyin. Ana shunday, sog‘lik insonning baxti, boyligi, xotirjamligi, omadi hisoblanadi. Bizning salomatligimiz yo‘lida jon kuydirib mehnat qiladigan, kerak bo‘lsa uyini, o‘zini, oilasiyu yaqinlarini unutib kechayu kunduz boshimizda parvona bo‘ladigan shifokorlarning mehnatini hamisha ham qadrlaymizmi? Ularning borligiga hamisha ham shukr qilamizmi? Shifokorlarimizni ng mehnati, mashaqqati hayotimizda nechog‘li ahamiyatli ekanini o‘z vaqtida tushunib, ularning zahmatlariga yarasha munosib e’tibor ko‘rsata olamizmi? Umuman olganda shifokorga “qo‘l haqi” tutqazish nechog‘li to‘g‘ri? Bugungi mulohazalar shu haqida.

Yaqinda ish yuzasidan Respublika Onkologiya Ilmiy Markazi klinikasida bo‘ldim. To‘g‘risi, u erdagi bemorlarni ko‘rib yuragingiz uvishadi. Ayrimlari umrining oxirgi damlarini yashayotganini his qilib turadi. Yaratgan hech bir bandasini shu joyda yotgulik qilmasin, deysiz beixtiyor. Shifokorlarga, hamshirayu farroshlarga razm solsangiz, chehrasidagi ochiqlik, mehr-muhabbatdan yuragingiz entikadi. Har bir bemorga xuddi yosh bolani parvarishlagandek astoydil mehr bilan qarashadi. Mehnatida minnat, mehrida soxtalik sezilmaydi.

— Bu erning do‘xtirlari mehrdan yaralganmi, deyman, opa,- deydi biz bilan suhbatda klinikada davolanayotgan yoshgina kelinchak. – Joyi kelganda tanamizdan chiqayotgan fasodga o‘zimiz ham toqat bilan qarayolmaymiz. Hamshiralar, farroshlar esa sira ham iddao qilishmaydi. Ko‘nglimizga qarashadi, muolajalar paytida xuddi o‘zining joni og‘riyotgandek muloyimlik bilan harakat qilishadi. Shunday shifokorlarning boriga shukr….

To‘g‘ri, haqiqatdan ham shifokorlarning boriga shukr. Ularsiz hayotni tasavvur etishning o‘zi dahshat. Ammo, azizlar, odam bolasining tabiati qiziq. Joni og‘rib turganida boridan, mol-dunyosidan kechishga tayyor bo‘ladi-yu, tuzalib, ozorlar ortda qolgach, barini unutib yuboradi. Keyin shifokorga qancha bergani, hamshiraga ko‘p ketganiyu, farroshning xizmat haqi me’yordan oshganini tahlil qila boshlaydi. To‘g‘ri, avvalo shifokoru hamshiralarga davlat oylik maosh tayinlab qo‘yibdi, ular sizu bizning muruvvatimizga muhtoj emaslar. Lekin baraka topgur, “qo‘l haqi” degan gap bor. Ya’niki, xalqimiz o‘ziga xizmat qilgan kishini albatta rozi qilishni, ozgina choychaqa bilan bo‘lsa ham “qo‘l haqi”ni ado etishni ta’kidlaydi. O‘ylashimizcha, bizga qaragan, vujudimizga yopishgan darddan xalos bo‘lishimizga sababchi bo‘lgan shifokorlarga ko‘ngildan chiqarib “qo‘l haqi” berishimiz nomaqbul ish emas. Bu haqida hamshahrimiz

Dilfuza Avliyoqulova shunday deydilar:

— To‘g‘ri gapni gapirdingiz. Ba’zida badanimizga chiqqan yara-chaqaga o‘zimiz qarashga jirkanamiz. Lekin shifokorlar, hamshiralar hech irganmay dardimizga malham bo‘lishadi, mehr ko‘rsatishadi. Unisi ham mayli, shunday shifokorlar borki, ba’zan o‘z bolangdan ko‘rmagan mehr-murruvat, yaxshilikni ko‘rsatadi. Bundan ancha yillar avval kasalxonada keksa yoshli bir onaxon bilan bir xonada yotib davolangandim. Bilishimcha, onaxonning ikki o‘g‘il, bir qizlari bor edi. Qizlari uzoqroq tumanga kelin bo‘lgan, yosh bolali, ham davlat ishida ishlar ekan. Xolaning aytishlaricha o‘g‘illari ham tuzuk joylarda ishlaydigan, jamoasida obro‘-e’tiborga ega odamlar ekan. Lekin bir oydan ziyod vaqt mobaynida men o‘sha onaxon bilan birga yotib davolangan bo‘lsam, biror marta o‘g‘illari yo kelinlari kelib xabar olganini ko‘rmadim. Faqat uzoqqa kelin bo‘lgan qizlari va kuyovlari xabar olishardi, xolos. Aytmoqchi bo‘lganim, davolovchi do‘xtirimiz onaxonni juda yaxshi ko‘rardi. Xuddi o‘z onasidek, “onajon” deb murojaat qilardi. Hatto onaxonga uyidan issiq ovqat olib kelgan paytlari ham bo‘lgan. O‘z farzanding ko‘rsatmagan muruvvatni, mehr va g‘amxo‘rlikni ko‘rsata olgan shifokorga albatta “qo‘l haqi” berish kerak, deb o‘ylayman. Ammo bu haq ko‘ngildan chiqarilgan, kishining o‘z ixtiyori bilan atalgan bo‘lishi lozim.

Aziz mushtariy, bugun aytmoqchi bo‘lganlarimiz, kaftdekkina maqolachada keltirganlarimiz shifokorlarga pora berishni targ‘ib etish yoxud ularni bemorlardan pul so‘rashga da’vat qilish uchun insho etilmadi. Bu shunchaki insoniylik yuzasidan ko‘nglimizdan kechgan o‘ylar edi. Bundoq olganda, shifokoru hamshiralarning bemor bergan uch-to‘rt so‘m pulga kuni qolgan emas. Demoqchi bo‘lganimiz ularning mehnatlari, zahmatlarini ozgina bo‘lsa ham e’tiborga olib, taqdirlashning yomon tomoni yo‘q, bizningcha. Balki bu borada sizning fikrlaringiz boshqachadir? Nima deb o‘ylaysiz, shifokorga “qo‘l haqi” berish kerakmi? Albatta, quyida fikringizni yozib qoldirasiz degan umiddamiz.

Umida Adizova «diydoraziz.uz» arxividan

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shifokorga «Qo‘l haqi» berish kerakmi?