09:33 / 20.12.2016
9 896

«Hokimning qilgan gunohini prezident Mirziyoyev bilishini istayman»

«Hokimning qilgan gunohini prezident Mirziyoyev bilishini istayman»

Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumani fuqarosi tuman hokimining adolatsizligi ustidan Prezidentga murojaat qildi. Fuqaroning murojaati quyidagicha edi:

Saparali Karimovich!

Sizga ochiq xat yozishdan oldin uzoq o‘yladim va baribir o‘zimni salkam ikki yildan buyon qiynab kelayotgan masalani ochiq aytishga jazm qildim.
Men qishlog‘imizdan 1988 yilda chiqib ketganman. O‘qidim. Turli joylarda, turli lavozimlarda ishladim. 500 ga yaqin maqolam respublika vaqtli matbuotida chop etilgan. Beshta kitobim chiqqan. Prezident e’tirofiga sazovor bo‘ldim. Bir qator tanlovlarning g‘olibi hisoblanaman.
Ba’zan o‘zimga-o‘zim savol beraman: tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga, tumanimga nima qildim va nima qilishim mumkin? Maktab, yo‘l qurishga imkoniyatim yo‘q. O‘sha kunlarda xayolimga bir fikr keldi: kitob do‘koni quraman. Barcha nashriyotlar bilan shartnoma tuzib, arzon narxdagi kitoblardan Kattaqo‘rg‘onga olib boraman. Bu fikrimni ko‘pchilikka aytganimda, qo‘llab-quvvatlashdi. Kattaqo‘rg‘on tumanida «Ijodkor yoshlar” to‘garagini tashkil qilmoqchi ham bo‘ldim.
Ushbu niyatlarimni aytib, Sizning huzuringizga bir necha marotaba kirdim. Lekin ijobiy natija bo‘lmadi. Bir safar aytdim: mendan boshqa odam Sizning oldingizga kitob do‘koni qurishga er so‘rab kirmaydi deb. Oxiri Sizga xat bilan rasmiy murojaat qildim. Menga birinchi o‘rinbosaringiz javob berdi. Lekin bu javobdan qoniqmadim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bolalarimiz kitob o‘qisin, har bir tumanda kitob do‘koni bo‘lsin, deb aytayotgan bir paytda, Siz menga kitob do‘koni qurishga er bermadingiz.
Saparali Karimovich, Siz bu ishingiz bilan kattaqo‘rg‘onlik yoshlar, ular kelajagi oldida juda katta gunoh qildingiz. Siz, mening nazarimda, ma’naviyatsiz insonsiz. Siz Shavkat Mirziyoyev talab qilayotgan, ilgari surayotgan islohotlarga mutlaqo tayyor emassiz. Siz mening yodimda kitob do‘koni qurilishiga qarshilik qilgan, yo‘l bermagan kimsa sifatida qolasiz.
Meni bir savol qiynaydi: qanday qilib Sizdek odamga 300 ming aholisi bor, ma’naviyati yuksak Kattaqo‘rg‘on tumanining rahbarligi ishonib topshirilgan.
Men Siz tomoningizdan kitob do‘koni qurishga er berilmaganini Shavkat Mirziyoyev bilishini xohlayman.
Hokimlar kelib-ketaveradi. Lekin ziyo tarqatish, kitob do‘koni qurish uchun intilgan insonlar baribir o‘z maqsadiga etadi.
Sizga o‘xshagan rahbarlarga vaqtning o‘zi baho beradi va zamon aravasidan tushurib yuboradi.
Gapning qisqasi, men Sizni kitob do‘koni uchun er bermaganingizni hech qachon unutolmayman.

Farrux HAMROEV

2016 yil 18 dekabr, Toshkent shahri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Hokimning qilgan gunohini prezident Mirziyoyev bilishini istayman»