14:02 / 08.01.2017
8 732

Islom Karimov Fondi iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natadi

Islom Karimov Fondi iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natadi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat Fondi iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natish uchun hujjatlarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda Kun.uz sayti xabar bermoqda.

Fond saytida bir qator mutaxassisliklar bo‘yicha Evropa va AQSh oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish uchun Fond grantlari taqdim etish maqsadida respublika hamda chet el oliy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli bitirgan, xorijiy tillarni biladigan iqtidorli va iste’dodli yigit-qizlar tanlovi boshlangani e’lon qilingan.

Mutaxassisliklar:

- Tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo);
- Suv va er resurslarini boshqarish;
- Mashinasozlik texnologiyalari;
- Oziq-ovqat texnologiyalari;
- Oziq-ovqat xavfsizligi;
- Oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi;
- Arxitektura (shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash);
- Dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va me’morchilik dizayni)
- Rassomchilik.

Qayd etish kerakki, mutaxassisliklar orasida bitta ham gumanitar yo‘nalish yo‘q.

Fond chet elda (ikki yilgacha) tahsil olish va yashash xarajatlari to‘laligicha moliyalashtiradi.

Fond grantini qo‘lga kiritishni istagan nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar:

- faoliyatini milliy istiqlol g‘oyalariga bag‘ishlash, vatani va xalqining iqtisodiy va ma’naviy ravnaqiga xizmat qilishni o‘z burchi va hayotiy maslagi deb bilish;
- umumbashariy va milliy qadriyatlar ruhida fikr yuritish, keng dunyoqarash va yuksak axloq sohibi bo‘lish;
- tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lish hamda kamida bitta xorijiy tilni a’lo darajada bilish.

"Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi O‘zbekistonni, uning maorif maktabi va ilmiy an’analarini chet elda munosib taqdim etishda, tanlangan mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy bilimlarni egallash qobiliyatini namoyon etish yo‘lida muvaffaqiyatlar tilaydi", deyilgan e’londa.

Hujjatlar shanba va yakshanba kunlaridan tashqari har kuni soat 9-00dan 13-00gacha qabul qilinadi.

Talab etiladigan hujjatlar, tanlov shartlari va muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni quyidagi manzilda olish mumkin:
Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Movarounnahr ko‘chasi, 24-uy.
Ma’lumotlar uchun telefon raqamlari: +99895 1980122, +99871 237-34-20, +99871 237-38-13.

Islom Karimov Fondi

Islom Karimov jamoatchilik xayriya fondiga O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi va birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasi va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida asos solingan.

Islom Karimov Fondining birlamchi vazifalari mamlakatimiz hamda horijda O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targ‘ib qilishga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Fond tomonidan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga, oliy o‘quv yurti va maktab murabbiylari hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini oshirishga yo‘naltirilgan turli ilmiy-ma’rifiy, madaniy dastur va loyihalar amalga oshiriladi.

Ushbu dasturlar doirasida Islom Karimov Fondi iste’dodli yoshlarga O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun grantlar taqdim etadi.

O‘zbek klassik hamda zamonaviy yozuvchilar asarlarini chet tillarga tarjimasi va nashri uchun, shuningdek, mamlakatimizda ilm-fanning taraqqiyotiga hissa qo‘shish maqsadida ilmiy tadqiqot dasturlariga grantlar ajratish ham Fond tomonidan ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning an’analari, adabiyoti hamda xalqimizning boy madaniy merosining boshqa jabhalariga tegishli adabiyotlar nashr etmoqlik Fond faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Islom Karimov Fondi o‘zbek xalqining avloddan avlodga asrlar osha o‘tib kelayotgan hunarmandchilik an’analarini asrash va qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutgan loyihalarni amalga oshiradi.

Fond O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san’atiga oid film va ko‘rsatuvlar yaratishga grantlar taqdim etadi.

O‘zbek zamonaviy tasviriy san’at maktabini taraqqiy ettirish maqsadida Fond o‘zbek san’at ustalari tomonidan yaratilgan asarlar ko‘rgazmalarini O‘zbekiston va chet davlatlarida tashkil etishni o‘z vazifalaridan biri qilib belgilagan.

Islom Karimov Fondi "Sen yolg‘iz emassan" jamoatchilik bolalar fondi bilan hamkorlikda ota-ona qaramog‘isiz qolgan va nogiron bolalar hamda yoshlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish sohasida ham faoliyat olib boradi.

O‘tgan yilning dekabrida Buxoroda ikki maktab (5 va 43-sonli maktablar) Islom Karimov Fondining birinchi loyihasi doirasida qayta ta’mirlangandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimov Fondi iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natadi