Hyundai Elantra Hybrid modellarida yongʻin xavfi: 55 mingga yaqin avtomobil qaytarib olinmoqda

Hyundai kompaniyasi AQSH bozoridagi 2024–2026-yillarda ishlab chiqarilgan 54 337 dona Elantra Hybrid sedanlarini qaytarib olishini eʼlon qildi. Muammo gibrid tizimini boshqarish blokidagi (HPCU) nuqson bilan bogʻliq boʻlib, u avtomobilning texnik holatiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Aniqlanishicha, HPCU blokidagi MOSFET tranzistori yuqori yuklamalar vaqtida qizib ketishga moyil. Koʻp hollarda bu avtomobilning oʻt olmasligi yoki favqulodda rejimga oʻtib qolishiga sabab boʻladi. Biroq, kamdan-kam vaziyatlarda kuchli qizish lokal termik shikastlanishlarga va hatto yongʻin chiqishiga olib kelishi mumkin.
Oʻtkazilgan surishtiruvlar muammo apparat qismida emas, balki dasturiy taʼminotda ekanini koʻrsatdi. Regulyatorlarning maʼlumotlariga koʻra, boshqaruv tizimi HPCU blokini yuklama ostida yetarli darajada sovuta olmaydi. Kompaniya 2024-yil oxiridan boshlab ushbu nosozlikni oʻrganishga kirishgan va bir nechta texnik tahlillardan soʻng aynan bir komponentning muntazam ishdan chiqishini tasdiqlagan.
Hozirgi vaqtga qadar ushbu nuqson bilan bogʻliq 4 ta holat qayd etilgan boʻlib, ulardan faqat bittasida yongʻin yuz bergan. Baxtli tasodif tufayli jarohatlanganlar yoki yoʻl-transport hodisalari kuzatilmadi. Hyundai ushbu muammoni HPCU dasturiy taʼminotini yangilash orqali hal qilishni rejalashtirmoqda, bu esa sovutish tizimi samaradorligini oshiradi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Hyundai Tucson gibridlarida ham dasturiy xatolik tufayli avtomobillarning oʻz-oʻzidan tormozlanishi bilan bogʻliq muammolar haqida xabar berilgan edi. Janubiy Koreya brendi gibrid modellardagi bunday "xom" dasturlar sababli ketma-ket texnik nosozliklarga duch kelmoqda.













