AQSHda xokkey o‘yinida otishma sababli uch kishi halok bo‘ldi

16 fevral kuni Rod-Aylend shtatidagi Potaket shahrida maktab jamoalari ishtirokidagi xokkey musobaqasi vaqtida otishma sodir bo‘ldi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, yana 3 nafar fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Tergovning dastlabki xulosalariga ko‘ra, hodisa “maqsadli” bo‘lib, oilaviy kelishmovchilik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Politsiya gumonlanuvchi sifatida 56 yoshli Robert Dorganni tilga olgan, u musobaqada ishtirok etgan o‘quvchilardan birining otasi ekani aytilgan. Xabarlarga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘z joniga qasd qilgan, qurbonlar orasida ham u bor.
Guvohlar hujum paytida qurollangan boshqa bir kishi hujumchini to‘xtatishga uringanini aytishgan, voqea joyidagi qurollar musodara qilingan. Ayni paytda politsiya guvohlarni so‘roq qilmoqda, videoyozuvlar o‘rganilmoqda va hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.













