AQSH shimoli-sharqida qor bo‘roni minglab reyslarni butunlay to‘xtatdi

AQSHning shimoli-sharqiy hududlariga kuchli qor bo‘roni yopirilishi oqibatida mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq aviareys bekor qilindi, yana kamida 700 ta parvoz kechiktirildi. Bu haqda onlayn kuzatuv xizmati — FlightAware xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir kun davomida AQSH ichida, shuningdek mamlakatga kirib kelishi yoki undan chiqishi rejalashtirilgan jami 2 026 ta reys amalga oshirilmay qolgan.
Mamlakat ichki xavfsizlik vaziri — Kristi Noem shimoli-sharqiy shtatlar tomon navbatdagi tabiiy ofat yaqinlashayotgani haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nyu-Jersidan tortib Janubi-Sharqiy Yangi Angliya hududlarigacha bo‘lgan masofada qor bo‘ronlari, jadal qor yog‘ishi va kuchli shamol kuzatilishi mumkin. Eng katta zarar sohilbo‘yi hududlariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Shuningdek, avval — yanvar oyida ham mamlakatning katta qismi shiddatli qor yog‘ishi ta’siri ostida qolgan edi. Ayniqsa, qish sharoitiga nisbatan kam moslashgan Tennessi, Missisipi hamda Luiziana shtatlarida jiddiy oqibatlar qayd etilgan.













