Yil davomida eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar...

Markaziy bank 2025-yil sentyabr holatiga oid inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy yillik inflyatsiya 2022-yilda 12,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 8,8 foizgacha pasaygan. 2024-yilda inflyatsiya biroz oshib, 9,8 foizni tashkil etgan, 2025-yil sentyabr holatiga kelib esa 8 foizga tushgan.
Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, narxi 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushi yillar davomida qisqargan. Agar 2022-yilda bunday mahsulotlar umumiy bozorning 52 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil sentyabriga kelib bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaygan. Bu narx bosimlarining barqarorlikka o‘tib, “yuqori inflyatsiyali” elementlar soni sezilarli kamayganini anglatadi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Infografika ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mahsulotlar narxi ancha arzonlashgan. Masalan, qovoq (-59,2%), pomidor (-31,5%), bodring (-30,7%), baqlajon (-21%), shaftoli (-20,5%) va anor (-20,4%) narxlari pasaygan.
Biroq ba’zi mahsulotlarda keskin qimmatlashish kuzatilgan. Sabzi narxi 57,5%, limonniki 52,5%, paxta moyi 35,9%, sholg‘om 30,8%, karam 27,4%, qo‘y go‘shti esa 26,8 foizga qimmatlagan.
Nooziq-ovqat tovarlari
Bu toifada ayrim mahsulotlar arzonlagan: propan narxi 19,7%, qog‘oz A4 – 3,7%, shprislar esa 0,4%ga tushgan.
Shu bilan birga, oltin bozoridagi rekord darajadagi o‘sish zargarlik buyumlari narxlariga ham ta’sir qilgan — nikoh uzugi 33,4 foizga qimmatlagan. Shuningdek, metan (+30,6%), gazeta (+15,3%), benzin (+11,8%) va tabiiy gullar (+10,9%) narxlari ko‘tarilgan.
Xizmatlar sohasi
Xizmatlar bozorida ham sezilarli farq kuzatilgan. Pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash narxi 2,5%ga, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish haqi esa 0,2%ga arzonlashgan.
Biroq ayrim xizmatlar keskin qimmatlagan. Haydovchilik kurslari narxi 73,3%, ichki aviaqatnovlar 57,3%, tarmoq gaz 39,2%, sovuq suv 35,1%, muzey xizmatlari 32,3%, huquqiy xizmatlar esa 29,1 foizga ko‘tarilgan.
Sentyabr oyi yakunida yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan mahsulotlar ulushi oziq-ovqatda 86%, nooziq-ovqatda 96%, xizmatlar sohasida esa 56%ni tashkil etdi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar bozordagi barqarorlikka va inflyatsiya bosimlarining susayishiga ishora qilmoqda. Shu bilan birga, ayrim mahsulotlardagi mavsumiy narx o‘zgarishlari iqtisodiy jarayonlarga ta’sir etishda davom etmoqda.











