“Ummon” 10 yillik tanaffusdan so‘ng sahnani larzaga keltirdi(rasm)

19 aprel kuni Humo arena saroyida Ummonning uzoq kutilgan jonli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Oradan qariyb 10 yillik tanaffus o‘tgach, katta sahnaga qaytgan guruh konserti haqiqiy shou va hissiyotlarga boy kechaga aylandi. Minglab muxlislar kecha boshlanishidan oldinoq arena atrofida jam bo‘lishdi. Konsert vaqtida esa 12 ming nafar muxlis bir ovozdan qo‘shiqlarni kuylab, zalda o‘ziga xos muhit yaratdi.

Dastur avvalida guruh a’zosi Shohrux Isamuhammedov sahnaga chiqib, so‘nggi yillarda boshdan kechirilgan og‘ir kunlarni esladi. U do‘sti Jasur Rafiqovning vafoti hamda Zohid Risqiyev hayot uchun kurashgan kunlarini tilga olib, bu sahnaga qaytish oson bo‘lmaganini ta’kidladi. Konsert “Ana endi yig‘la” taronasi bilan boshlandi va ilk daqiqalardanoq muxlislarning kuchli qo‘llovi sezildi.
Guruh a’zolari aytishicha, konsert uchun taxminan 5-6 oy davomida katta tayyorgarlik olib borilgan. Avvaliga dasturni aynan “Humo arena”da o‘tkazish masalasida ikkilanish bo‘lgan. Chunki 12 ming kishilik arenani to‘ldirish katta mas’uliyat edi. Ammo muxlislarga bo‘lgan ishonch ularga dadil qadam tashlashga turtki bergan. Konsertdan keyin berilgan intervyuda Shohrux Isamuhammedov ilk ikki qo‘shiq davomida qattiq hayajon bo‘lganini, keyin esa muxlislar energiyasi ularga kuch berganini aytdi.

Kecha davomida jami 30 ta qo‘shiq jonli ijroda yangradi. Musiqiy dastur ustida katta orkestr ishlagani sababli har bir tarona yanada ta’sirli chiqdi. Guruh a’zolari 400 dan ortiq qo‘shiq orasidan avval 70 tasini saralab, keyin eng sara 30 tasini konsert uchun tanlab olishganini ma’lum qildi. Shu sababli dasturga duet taronalar kiritilmagan.
Konsert uchta yirik blokka bo‘lindi. Ayniqsa, so‘nggi qism muxlislar uchun unutilmas onlarga aylandi. Unda “7-qavat”, “Tola”, “Sen meniki emassan”, “Dengiz” va “Ummon baribir Ummon” kabi xit taronalar ketma-ket ijro etildi. Zaldagi muxlislar esa barcha qo‘shiqlarni birgalikda kuylab, konsertga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Kechaning eng ta’sirli lahzalaridan biri marhum Jasur Rafiqov xotirasiga bag‘ishlangan qism bo‘ldi. Uning ovozi yangragan vaqtda arenani kuchli hissiyot qamrab oldi. Guruh a’zolari konsertdan oldin Jasurning onasidan uning ovozi va suratlaridan foydalanish uchun ruxsat olishganini aytishdi. Ular do‘stini hech qachon unutmasliklarini va har bir konsertda uni xotirlashlarini ta’kidlashdi.

Shuningdek, “ Ummon” guruhi yangi a’zo qo‘shish rejasi yo‘qligini ma’lum qildi. Ularning fikricha, muxlislar aynan eski tarkibni yaxshi ko‘radi va guruh shu ko‘rinishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. San’atkorlar kelasi yil yanada kattaroq konsert dasturi bilan muxlislar qarshisiga chiqishni rejalashtirayotganini ham qo‘shimcha qildi.













