Osiyo qit’asi uchun JCH-2026 saralashi tartibi belgilandi

Osiyo qit’asi uchun JCH-2026 saralashi tartibi belgilandi
Foto: Getty Images
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2026 yili AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionati saralash o‘yinlari tizimini e’lon qildi.

Osiyo qit’asi uchun JCH-2026 yo‘llanmalari soni 8+1 shaklida belgilangan va milliy jamoalar 5 ta bosqichdan iborat saralash tizimida kurash olib borishadi.

1-bosqichda FIFA reytingining eng quyi qismidagi 22 ta milliy jamoa 11 ta juftlikka ajratiladi. Juftlik g‘oliblari keyingi bosqichga chiqadi.

2-bosqichda FIFA reytingida Osiyoning eng yaxshi 25 ta milliy jamoasi va 1-bosqichda g‘olib bo‘lgan 11 jamoa qo‘shiladi va 36 jamoani tashkil qiladi. Ular 4 ta ishtirokchidan iborat 9 ta guruhga ajratiladi. 2 davrali o‘yinlar o‘tkaziladi va har bir guruhning 2 ta yetakchi jamoasi (jami 18 ta jamoa) keyingi bosqichga chiqadi. O‘yinlar 2023 yil noyabr, 2024 yil mart va iyun oylarida o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy jamoasi ishtirokini mana shu bosqichdan boshlaydi.

3-bosqichda 18 ta jamoa 6 ta ishtirokchidan iborat 3 ta guruhga ajratiladi. Har bir guruhdan 2 ta yetakchi jamoa (jami 6 ta) JCH-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 3-bosqich o‘yinlari 2024 yil sentyabridan 2025 yil mart oyiga qadar bo‘lib o‘tadi. Guruhda 3- va 4-o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.

4-bosqichda jami 6 ta jamoa 3 ta ishtirokchidan iborat 2 ta guruhga ajratiladi. Guruh g‘oliblari JCH-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. 2-o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.

5-bosqichda 2 ta jamoa o‘zaro 1 o‘yinda g‘olibni aniqlab oladi. O‘z navbatida ushbu jamoa qit’alararo pley-offga chiqadi.

2026 yilgi jahon chempionatida tarixda ilk marotaba 48 ta milliy jamoa ishtirok etadi. Hozircha musobaqaning formati tasdiqlanmagan.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.