PSJ qiyin uchrashuvda Lionni magʻlub etdi


Fransiya chempionatining 12-turi \"Lion\" va \"PSJ\" jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv bilan yakunlandi. Maydon egalari qarshiligiga qaramay, \"PSJ\" hal qiluvchi gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Uchrashuvning 26-daqiqasida Vitinyaning qanotdan uzatmasidan soʻng, Uorren Zair-Emeri raqib jarima maydoniga yorib kirib, toʻpni darvozaning yaqin burchagiga aniq yoʻlladi (0:1). Oradan koʻp oʻtmay, Muso Nʼyakate oʻz maydonidan Alfonso Moreyraga uzatma berdi.
U Zair-Emerining himoyasidan qochib, jarima maydonidan zarba berib, darvozaning quyi burchagiga yoʻlladi (1:1). 33-daqiqada Vitinya raqib maydonida toʻpni tortib olib, Xvicha Kvaratsxeliyaga uzatma berdi.
U jarima maydoniga kirib, toʻpni uzoq burchakka kiritdi (1:2). Birinchi boʻlimda Roshid Gazzalning zarbasi ustunga tegib, \"PSJ\"ni qutqarib qoldi.
Ikkinchi boʻlimning 50-daqiqasida Eynsli Meytland-Naylz raqib maydonida toʻpni egallab, darvozabonni aldab toʻpni darvozaga uzatdi (2:2). Uchrashuvning soʻnggi daqiqalarida Nikolas Talyafiko qoʻpol qoidabuzarlik qildi va ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi.
Burchak zarbasidan soʻng Li Kang-In toʻpni Joau Neveshga uzatdi va u bosh bilan toʻpni darvozaning yuqori burchagiga yoʻlladi (2:3). Mazkur gʻalaba evaziga \"PSJ\" 27 ochko bilan birinchi oʻrinni saqlab qoldi va \"Marsel\" hamda \"Lans\"ni ikki ochkoga ortda qoldirdi.
\"Lion\" esa beshinchi oʻrinni boʻlishib turibdi.













