Eden Hazard nega Real Madridda Cristiano Ronaldoning 7-raqamini olishni istamagan?

Real Madridning sobiq hujumchisi Eden Hazard Ispaniyaga o‘tishi atrofidagi bosim va mish-mishlar haqida ochiq gapirdi. Belgiyalik futbolchi Cristiano Ronaldo bilan taqqoslanishni rad etib, Madridga kelganida umuman boshqa raqamni so‘raganini ma’lum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
2019-yilda Chelsi safidan 100 million yevro evaziga transfer qilingan Hazard, Cristiano Ronaldo ketganidan bir yil o‘tib jamoaga kelib qo‘shilgandi. Unga afsonaviy 7-raqamli libos topshirilgan bo‘lsa-da, futbolchi o‘zini portugaliyalik yulduzning o‘rnini bosuvchi sifatida ko‘rmaganini ta’kidladi.
Canal Plus nashriga bergan intervyusida Hazard shunday dedi: “Men u yerga Eden sifatida o‘ynash uchun borganman, Ronaldoni almashtirish uchun emas. OAV men haqimda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otdi. Men yiliga 60-70 ta gol uradigan futbolchi emasman, faoliyatim davomida ham buncha gol urmaganman”.
Shuningdek, Hazard dastlab Luka Modricning 10-raqamini olishni istaganini tan oldi: “Men 7-raqamni xohlamagan edim. Men Luka Modricning 10-raqamini so‘ragandim. U rozi bo‘ladi deb o‘ylagandim, ammo u raqamni bermadi”.
Hazard Real Madrid safida to‘rt mavsum davomida 76 ta o‘yinda maydonga tushib, atigi 7 ta gol va 12 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Jarohatlar tufayli qiynalgan futbolchi Madrid klubi bilan La Liga, Ispaniya kubogi va Chempionlar ligasi kabi bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan.













