Deko: Robert Levandovskining oʻrnini bosish deyarli imkonsiz

Deko: Robert Levandovskining oʻrnini bosish deyarli imkonsiz

Barselona sport direktori Deko jamoaning asosiy hujumchisi Robert Levandovskining oʻrnini bosadigan munosib nomzod topish qanchalik qiyin ekanligi haqida ochiq gapirdi. U polshalik hujumchini soʻnggi yillarning eng yaxshi forvardi deb atab, uning ketishi jamoa uchun katta yoʻqotish boʻlishini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Deko ESPN nashriga bergan intervyusida: “Robertni almashtirish deyarli imkonsiz. U soʻnggi yillarning eng yaxshi hujumchisi. Barselona kabi klubda bunday saviyadagi oʻyinchining oʻrnini toʻldirish juda murakkab, ammo futbol shunday tuzilgan. Biz qarorlar qabul qilishimiz va jamoani kuchaytirishimiz kerak”, — deya tushuntirish berdi.

Shuningdek, klub mutasaddisi Chelsi hujumchisi Joao Pedro bilan transfer boʻyicha uchrashgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq matbuotda Dekoning London shahriga aynan braziliyalik futbolchi vakillari bilan gaplashish uchun borgani haqida maʼlumotlar tarqalgan edi. “Men Joao Pedro bilan koʻrishish uchun borganim yoʻq, bu notoʻgʻri maʼlumot”, — dedi u.

Robert Levandovski 2022-yilda Barselona safiga qoʻshilganidan beri klubning ichki chempionatdagi nufuzini tiklashga katta hissa qoʻshdi. U Kataloniya klubi bilan jami 7 ta sovrin, jumladan, uch marta La Liga chempionligini qoʻlga kiritdi. Deko hujumchining klub tarixidagi oʻrnini alohida eʼtirof etib, unga minnatdorchilik bildirdi.

Hozirda Barselona yangi “toʻqqizinchi raqam” qidiruvini davom ettirmoqda. Nomzodlar orasida Atletiko Madrid hujumchisi Julian Alvarez ham bor, biroq unga Arsenal va PSJ kabi klublar tomonidan boʻlayotgan qiziqish transfer jarayonini qiyinlashtirishi mumkin. Deko klub hozircha hech kimni roʻyxatdan chiqarmaganini va barcha variantlar koʻrib chiqilayotganini qoʻshimcha qildi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.