Hansi Flick Jose Mourinho bilan toʻqnashuvga tayyorligini bildirdi

Barselona bosh murabbiyi Hansi Flick kelasi mavsumda Jose Mourinho bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan shov-shuvli qarama-qarshilikni mamnuniyat bilan kutib olishini aytdi. "Maxsus" (Special One) laqabli murabbiy Real Madrid boshqaruvida Alvaro Arbeloa oʻrnini egallashi kutilmoqda, bu esa La Ligada yangi murabbiylar raqobatiga zamin yaratadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Portugaliyalik mutaxassisning Santiago Bernabeu stadioniga qaytishi haqidagi xabarlar 2010-yillar boshidagi El Clasico muhitini qayta jonlantirishi mumkin. Sobiq Chelsi va Manchester Yunayted ustozi bilan toʻqnash kelish ehtimoli haqidagi savolga Flick xotirjam javob berdi: "Ha, nima uchun yoʻq? U raqib jamoa murabbiyi va men har doim har qanday raqibga qarshi turishga tayyorman".
Barselona ustozi bu fikrlarni La Liganing soʻnggi turida Valensiyaga qarshi oʻyindan (1:3) soʻng bildirdi. Magʻlubiyatga qaramay, Flick bu natija mavsum davomida amalga oshirilgan ishlarga soya solmasligini taʼkidladi, chunki kataloniyaliklar chempionlikni muddatidan avval qoʻlga kiritib boʻlgan edi.
"Bu magʻlubiyat chempionlik bilan yakunlangan mavsumimizga taʼsir qilmaydi. Valensiyaning gʻalabasi haqli edi, chunki ularda motivatsiya yuqoriroq edi. Biz 0:1 hisobidan keyin oddiy xatolarga yoʻl qoʻydik va raqib ulardan unumli foydalandi", — deya qoʻshimcha qildi nemis mutaxassisi.
Shuningdek, Flick oldinda turgan Jahon chempionati futbolchilarning oʻyiniga taʼsir qilgan boʻlishi mumkinligini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab oʻyinchilar allaqachon xalqaro turnir haqida oʻylay boshlagan va bu ruhiy holat soʻnggi turdagi xatolarga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.













