Uli Hoeneß: Barselona jamoasining bir tiyini ham yoʻq

Bavariya faxriy prezidenti Uli Hoeneß shanba oqshomida jamoa qahramoni Harry Kane haqida iliq fikrlar bildirar ekan, ayni vaqtda Ispaniyaning Barselona klubini keskin tanqid ostiga oldi. Germaniya rekordchisi hisoblangan klub rahbari kubok finali kuni bir necha soat davomida OAV sarlavhalaridan tushmadi. U oʻz intervyusida nafaqat raqiblarini, balki klub sport direktori Max Eberl va hatto muxlislarni ham tanqid qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bavariya jamoasining 3:0 hisobidagi gʻalabasidan soʻng, Hoeneß ARD telekanalida chiqish qilib, xet-trik qayd etgan Harry Kane haqida gapirdi. “Bu biz amalga oshirgan eng yaxshi transfer”, — deya taʼkidladi 74 yoshli mutaxassis. 2023-yilda qariyb 100 million yevro evaziga kelgan Angliya terma jamoasi sardori mavsum davomida 51 oʻyinda 68 ta gol va assist qayd etib, oʻzini toʻla oqladi.
Hoeneßning aytishicha, Harry Kane sotilmaydi. Barselona uni Robert Lewandowski oʻrniga munosib nomzod sifatida koʻrayotgani haqidagi mish-mishlarga javoban u shunday dedi: “Albatta yoʻq. Bavariya futbolchi sotadigan emas, sotib oladigan klub. Boz ustiga, Barselona jamoasining bir tiyini ham yoʻq. Hammasi shundan boshlanadi”.
Kataloniyaliklar soʻnggi yillarda moliyaviy muammolar girdobida qolgan va La Liga belgilagan maoshlar chegarasi tufayli yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazishda qiynalib kelmoqda. Biroq, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, vaziyat biroz yumshagan va Ispaniya chempioni yangi mavsumda transfer bozorida cheklovlarsiz ishtirok etish imkonini beruvchi “1:1” qoidasiga qaytmoqda.
Harry Kane esa Hoeneßning maqtovlaridan mamnun ekanini yashirmadi. “Bunday gaplarni eshitish yoqimli. Bu klubda juda koʻp buyuk futbolchilar toʻp surgan, shuning uchun oʻzimni sharafli his qilyapman. Bu men va oilam uchun katta qadam edi. Men oʻzimni klub tarixining bir qismi deb his qilaman”, — dedi 32 yoshli hujumchi.













