Harry Kane Bavariya bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha oʻz shartlarini aytdi

Germaniya kubogi finali qahramoni Harry Kane "Bavariya" bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralar hali yakuniy bosqichga yetmaganini taʼkidladi. Myunxenliklarning "Shtutgart" ustidan qozonilgan 3:0 hisobidagi gʻalabasida xet-trik qayd etgan hujumchi oʻzining kelajagi borasidagi rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Hozirgi kelishuvi 2027-yilgacha amal qiladigan 32 yoshli futbolchi faoliyatidagi soʻnggi yirik shartnomalardan birini imzolash arafasida ekanini yashirmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Faoliyatimning ushbu bosqichida yangi shartnomadan maksimal foyda olishni istayman. Bu men futbolchi sifatida imzolaydigan soʻnggi bitimlardan biri boʻladi", — dedi Kane. "Bavariya" sport direktori Maks Eberl mavsum yakunlangach, muzokaralar jadallashishini tasdiqlagan. Klub rahbariyati kelishuvni iyun oyi oʻrtalarida AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionati boshlangunga qadar yakunlashni maqsad qilgan.
Biroq Harry Kane masalaning tezda hal boʻlishi borasidagi kutilmalarni pasaytirdi. Uning soʻzlariga koʻra, hozir muzokaralar uchun ayni vaqti emas va har ikki tomon ham vaziyatga xotirjam yondashmoqda. Hujumchi avval mavsumni, soʻngra Jahon chempionatini yakunlab olish niyatida ekanini bildirdi. Kane klub bilan munosabatlari aʼlo darajada ekanini va rahbariyat bilan ochiq muloqotga tayyorligini qoʻshimcha qildi.
Maʼlumot uchun, Harry Kane 2023-yilda Tottenxem klubidan qariyb 100 million yevro evaziga transfer qilingan edi. Hozirda u yiliga 25 million yevro maosh bilan jamoaning eng koʻp haq oluvchi futbolchisi hisoblanadi. Kicker nashrining xabar berishicha, klub rahbariyati shartnomani ikki yilga uzaytirishni koʻrib chiqmoqda, futbolchining oʻzi esa 2030-yilgacha moʻljallangan kelishuvni afzal koʻrmoqda.
Sobiq futbolchi Dietmar Hamann esa klubni uzoq muddatli shartnoma borasida ehtiyotkor boʻlishga chaqirdi. Uning fikricha, Kanening yoshi 33 ga yetayotgani sababli, uch yillik bitim tavakkalchilik boʻlishi mumkin. Hamann bir yoki ikki yillik uzaytirishni maqbul variant deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, Harry Kane Germaniya rekordchisi safida oʻtkazgan uch mavsumi davomida sermahsullik borasida yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.













