Bir mavsumda ham chempion, ham autsayder: Marc-Andre ter Stegenning gʻalati taqdiri

Marc-Andre ter Stegen 2025/26-yilgi mavsumda juda kam oʻyin oʻtkazgan boʻlsa-da, futbol tarixida kam uchraydigan natijaga erishdi. 34 yoshli darvozabon bir mavsumning oʻzida ikki xil jamoa safida ham chempionlikni qoʻlga kiritdi, ham quyi ligaga tushib ketish alamini totib koʻrdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ter Stegen iyun oyi oxiriga qadar Barselona klubidan ijara asosida Girona safida toʻp surmoqda. "Koʻk-anorranglilar" bir necha hafta oldin Real Madridga qarshi El Clasico bahsida chempionlikni naqd qilgan boʻlsa, Girona shanba kuni Elche bilan 1:1 hisobida durang oʻynab, Ispaniya ikkinchi divizioniga tushib ketishi rasman tasdiqlandi.
Biroq, Germaniya terma jamoasi aʼzosi Girona muvaffaqiyatsizligi uchun katta masʼuliyatni zimmasiga olmaydi. Qishki transfer oynasida jamoaga qoʻshilganidan beri u bor-yoʻgʻi ikki marta maydonga tushdi: Getafe bilan durang va yanvar oxirida Real Ovyedoga qarshi magʻlubiyatli oʻyinda qatnashdi. Son qismidagi jarohat sababli u mavsumning qolgan qismini oʻtkazib yubordi va AQSH, Meksika hamda Kanadada oʻtadigan Jahon chempionatida ham ishtirok etmaydi.
Ijaraga ketishidan oldin ham Ter Stegen tizzasidagi jarohat va belidagi muammolar tufayli uzoq vaqt safdan chiqqan edi. Shu sababli uning kelajagi soʻroq ostida qolmoqda. Barselona bilan shartnomasi 2028-yilgacha amal qilsa-da, uning Kataloniya klubida qolishi dargumon, chunki u asosiy darvozabon maqomini allaqachon Joan Garciaʼga boy berib boʻlgan.
Mundo Deportivo nashri uni hatto "issiq kartoshka" deb atadi. Xabarlarga koʻra, darvozabonning maoshi, jarohatlar tarixi va yoshi tufayli uni sotish ancha mushkul vazifa boʻlib turibdi. Ter Stegenning oʻzi Barselonada qolishni istayotgan boʻlsa-da, klub rahbariyati tezkor yechim topishiga ishonmayapti.













