Vinicius Junior Real Madrid bilan xayrlashuv marosimidagi xatti-harakati uchun tanqid qilindi

Vinicius Junior Dani Carvajal va David Alaba bilan hissiyotlarga boy xayrlashuv marosimida ishtirok etmagani uchun Ispaniya matbuoti tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ispaniyaning nufuzli Marca nashri Real Madrid yulduzining bu harakatini "hurmatsizlik" deb atadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Nashrning taʼkidlashicha, Vinicius Juniorning bu tutumi "jamoa ichidagi hozirgi tartibsizlikning yana bir alomati"dir. Carvajal "qirollik klubi" libosidagi uzoq yillik faoliyatini maydonda munosib yakunlayotgan bir paytda, braziliyalik hujumchi allaqachon plyajlarda dam olishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Marca kinoya bilan hujumchining allaqachon taʼtilga chiqib ketganini qayd etdi, chunki u uchun hozirda asosiy eʼtibor Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan. Vinicius Junior Carlo Ancelotti boshchiligidagi Braziliya terma jamoasi tarkibida turnirga yoʻl oladi.
Dani Carvajal Real Madrid safidagi soʻnggi oʻyinini shanba kuni Atletik Bilbao ustidan qozonilgan 4:2 hisobidagi gʻalaba bilan yakunladi. Ispaniyalik himoyachi 13 yil davomida jamoa safida 451 ta oʻyinda maydonga tushib, jami 27 ta sovrinni qoʻlga kiritdi. David Alaba ham joriy yozda klubni tark etmoqda; u 2021-yilda Bavariya safidan kelib qoʻshilgan va Madridda ikki bor Chempionlar ligasi gʻolibiga aylangan edi.
Real Madrid uchun joriy mavsum omadsiz yakunlandi. Jamoa La Liga chempionligini Barselona klubiga boy berdi, Chempionlar ligasi chorak finalida Bavariya toʻsigʻidan oʻta olmadi va Ispaniya kubogida quyi divizion vakili Albacetega magʻlub boʻldi. "Anʼanalarga sodiq qolgan eski Madrid muxlislar olqishi ostida ketmoqda, mavsumni boy bergan yangi Madrid esa oʻz muammolari ichida qolmoqda", — deya xulosa qildi Marca.













