Tyson Fury va Zlatan Ibrahimovic Morecambe klubini sotib olmoqchi

Tyson Fury va Zlatan Ibrahimovic Morecambe klubini sotib olmoqchi

Boks boʻyicha ogʻir vazn toifasida jahon chempioni Tyson Fury va Milan afsonasi Zlatan Ibrahimovic Angliyaning Morecambe klubini sotib olish masalasini muhokama qilmoqda. Xabarlarga koʻra, bu loyiha Ryan Reynolds va Rob McElhenneyning Wrexham klubidagi muvaffaqiyatidan ilhomlangan holda amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Ikki yulduz Polshada jahon chempionati reklamasini suratga olish jarayonida ushbu loyihani batafsil koʻrib chiqishgan. Ibrahimovic Manchester Yunayted safida toʻp surgan yillarida Fury bilan yaqin doʻst boʻlib qolgan edi. Endilikda ular nafaqat klubni sotib olish, balki Netflix platformasi uchun "Rise of Morecambe" nomli hujjatli film suratga olishni ham rejalashtirmoqda.

Tyson Fury ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining menejeri Spencer Brown bilan tushgan suratini joylab, tez orada katta yangiliklar boʻlishiga shama qildi. Zlatan Ibrahimovic ham oʻz navbatida Fury bilan birga tushgan suratlarini ulashib, muxlislar eʻtiborini tortdi. Shvetsiyalik sobiq hujumchi yaqinda Fox telekanalida ekspert sifatida ish boshlashini ham tasdiqlagan edi.

Morecambe klubi Fury uchun begona emas. Bokschi 2020-yilda klubning "Mazuma Stadium" oʻyingohi hududidan bino sotib olgan va u yerda oʻzining asosiy mashgʻulot bazasini hamda Tyson Fury Foundation jamgʻarmasini tashkil qilgan. Shu sababli, klub egaligini qoʻlga kiritish Fury uchun mantiqiy qadam sifatida koʻrilmoqda.

Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, bu Zlatan Ibrahimovic uchun futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyingi eng yirik loyiha boʻladi. Wrexham tajribasi shuni koʻrsatdiki, jahon darajasidagi yulduzlarning quyi liga klublariga kelishi jamoaning global miqyosdagi nufuzini va daromadlarini keskin oshirishi mumkin.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.